Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:27

G‘allaorolning olti qishlog‘ini suv bosdi


Seshanbaga o‘tar kechasi Jizzaxning G‘allaorolida olti qishlog‘ida suv toshdi.
Seshanbaga o‘tar kechasi Jizzaxning G‘allaorolida olti qishlog‘ida suv toshdi.

Jizzaxning G‘allaorol tumanidagi Turk, Jarbuloq, Cho‘michli, Juma, Karizquduq va Toshkamar qishloqlari suv ostida qolgani xabar qilindi.

Tabiiy ofat 20 fevraldan 21 fevralga o‘tar kechasi yarim tunda sodir bo‘lgan.

G‘allaorolliklarga ko‘ra, so‘nggi ikki kun davomida tinimsiz yoqqan kuchli yomg‘ir natijasida qishloqlar orasidan o‘tgan katta soy suvi toshib, soy atrofidagi qishloqlarni yuvib ketgan.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, toshqin natijasida oltita qishloqdagi yuzdan ziyod uy butunlay suv tagida qolgan.

Mahalliy rasmiylar va guvohlar tabiiy ofatda talafotlar bo‘lmaganini aytmoqda.

Voqea guvohlarining aytishicha, soy suvi yarim tunda toshgani bois ko‘pchilik g‘aflatda qolgan. Ayrimlar uydagi ko‘ch-ko‘ronini olib chiqishga ulgurgan. Biroq uyquda bo‘lgan aksar aholining uydagi barcha jihozlarini suv butunlay yuvib ketgan.

G‘allaorollik Nabijon Jo‘raboyevning aytishicha, suv toshqinidan, asosan, Juma qishlog‘i katta zarar ko‘rgan.

- Bu ikki kun davomida qattiq yoqqan yomg‘irning natijasi. Juma qishlog‘idan xabar keldi. Odamlar uylaridan mol-mulkini olib chiqa olmagan. Hatto hujjatlar ham suv tagida qolib ketgan. Hozir umuman aloqa yo‘q. Yo‘llar ham to‘silib qolgan. U tarafdan hech kim chiqa olmayapti,- dedi Nabijon Jo‘raboyev.

Bi-Bi-Si ma‘lumotiga ko‘ra, soy toshqini oqibatida Jarbuloq qishlog‘ida bir ayol halok bo‘lgan.

Jizzax viloyat Favqulodda boshqarmasidan o‘zini mayor Damirov deb tanishtirgan shaxs G‘allaoroldagi toshqin natijasida qurbon bo‘lgani haqidagi ma‘lumotni rad qildi.

Jizzax viloyat xokimligi mutasaddilari ham Jarbuloqda odam halok bo‘lgani haqidagi ma‘lumotni inkor qildi.

G‘allaorol tuman hokimligining toshqin bo‘yicha tuzilgan shtabidan ham, Jizzax viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining G‘allaoroldagi shtabidan ham toshqinga oid qo‘shimcha ma‘lumotlar olish imkoni bo‘lmadi.

Hozirda toshqin bois uysiz qolganlar o‘z yaqinlari uylariga joylashgani aytilmoqda.

O‘zbekiston rasmiy matbuotida G‘allaoroldagi toshqin bo‘yicha biror bir ma‘lumot berilganicha yo‘q.
XS
SM
MD
LG