Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 10:28

"Asaka" banki rasmiysi iqtisodiy jinoyatlarda ayblanmoqda


Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ 20 fevral kuni “Asaka" bankning Sirg‘ali tumani bo‘limi boshqaruvchisi o‘rinbosari Bahriddin Qiyomov hibsga olingan.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan manbaga ko‘ra, Bahriddin Qiyomov Toshkent shahar prokuraturasi qoshidagi Soliq, valyuta va noqonuniy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash Departamenti tomonidan hibsga olingan.

Qiyomov bilan birgalikda ayblanayotgan qarshilik tadbirkor ayol - ma‘lum sabablarga ko‘ra ismini oshkor qilamayotganimiz suhbatdoshga ko‘ra, Qiyomov 2005-2010 yillarda “Asaka" bankning Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari lavozimida ishlab, qator qonunbuzarliklarni sodir etganlikda ayblanayapti.

- Bahriddin Qiyomovni ayblashga bir sabab bor. Qiyomov Qashqadaryo viloyati "Asaka" bankning boshlig‘i bo‘lgan. Ipoteka kreditlar chiqargan. Shu ipoteka kreditlariga er-xotin Ro‘ziyeva Gulnoza va Temirov Panji degan hozir qamoqda yotganlar soxta hujjatlar to‘plab, u odamni ham chalg‘itib kredit olishga muvaffaq bo‘lgan. Ana shu bo‘yicha ayblayapti. Ipoteka kreditlarini noto‘g‘ri hujjatlar bilan bergan deb ayblashayaptida, deydi qarshilik tadbirkor.

Hozirda Qiyomovga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Mansab vakolatini suiiste‘mol qilish), 210-moddasi (Pora olish) va 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) ayblari qo‘yilgani aytilayapti.

Qiyomov bilan birgalikda ayblanayotgan qarshilik tadbirkor ayolga ko‘ra, uning o‘zi Jinoyat kodeksining jami 15 ta moddasi bo‘yicha ayblanmoqda. Biroq bu manba nima sababdan bankir Qiyomov bilan o‘z ishining birgalikda olib borilayotganiga hayron ekanligini aytadi.

- Nega meni Qiyomovga aralashtirishadi¸ men shuni bilmayman. Menga 164-165 moddalar qo‘yilgan. Umuman menga Jinoyat kodeksining 15 ta moddasi qo‘yilgan. Legallashtirish, odam savdosi, reket, talonchilik, o‘zboshimchalik – 15 tada ishqilib, deydi qarshilik tadbirkor ayol.

Toshkent shahri Sirg‘ali tumani “Asaka" bankining o‘zini tanishtirishni istamagan xodimasi Bahriddin Qiyomovning hibsga olinib, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini rad qildi.

- Qiyomov hozir kasallik ta‘tilida. Qachon ishga chiqishi noma‘lum, dedi “Asaka" banki xodimasi.

Hozirda Qiyomov bilan bog‘liq tergov harakatlarining Toshkent shahar prokuraturasi tergovchisi Doniyor Otajonov tomonidan olib borilayotgani aytilmoqda.

Toshkent shahar prokuraturasidan bu borada biror bir ma‘lumot olish imkoni bo‘lmadi.

Bahriddin Qiyomovni yaqindan tanigan va u bilan birgalikda ayblanayotgan qarshilik tadbirkor ayolga ko‘ra, Bahriddin Qiyomov yaqinda iste‘foga chiqqan O‘zbekiston Bosh prokurorining o‘rinbosari Muhiddin Qiyomovning ukasi bo‘ladi.

O‘zbekistonda keyingi yillarda davlat amaldorlarining aynan korruptsiyada ayblanish holatlari tez-tez uchrayotgani kuzatilmoqda.

Joriy oy davomida O‘zbekiston prezidentining kuchishlatar salohiyatiga ega tizimlar faoliyati bo‘yicha sobiq davlat maslahatchisi Ravshan Muhiddinov o‘z qarindoshlari nomiga rasmiylashtirilgan yirik biznesi bilan bog‘liq ayblar bilan 15 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Yanvar oyida Buxoro viloyatining qariyb 20 yillik hokimi Samoydin Husenov ishdan olindi va bunga uning o‘g‘illari yo‘l qo‘ygan iqtisodiy jinoyatlar asos bo‘lgani davlat matbuotida xabar qilindi.

O‘tgan yil kuzida Jizzax viloyat Jinoyat ishlari bo‘yicha sudining raisi M. Shukurullayev, Zarbdor tuman Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi raisi O‘tkir Abdullayev pora bilan qo‘lga olingan edi.

O‘tgan yilning avgustida O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Jizzax viloyat boshqarmasi boshlig‘i Q. Amirov va bosh mutaxassis A. Xoljigitov ham pora talab qilganlikda ayblanib, hibsga olingan edi.

O‘tgan yilning yozida Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanlararo fuqaroviy sudi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Xolmuhammad Otaxonov pora olganlikda ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortilish va qamoqqa olinishdan qochib, yashiringani xabar qilingan edi.
XS
SM
MD
LG