Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:54

O‘zbekistonda bu yilgi amnistiya ijrosi yakuniga yetdi


Hozircha jami necha mahbus ozod etilgani haqida rasmiy ma‘lumot yo‘q. Ammo, ozod etilganlar ro‘yxatiga yana siyosiy mahbuslar kiritilmadi.

2011 yilning 5 dekabrida O‘zbekiston Konstitutsiyasining 19 yilligi munosabati bilan qabul qilingan amnistiya aktini ijro etish muddati yakuniga yetdi.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, 5 mart kuni bu yilgi amnistiyaga tushgan mahbuslarning umumiy soni e‘lon qilinishi lozim edi. Ayrim yarim rasmiy elektron nashrlari, jumaladan, 12.uz nashri ozod etiladigan jami mahbuslar soni 10 mingdan oshishi haqida xabar bergan edi.

Hozircha 5 martda ijro muddati yakuniga yetgan amnistiya akti ijrosi natijasida jami qancha mahbus ozod etilgani haqida biror rasmiy ma‘lumot ko‘zga tashlanmadi.

Ammo, O‘zbekiston hukumat idoralaridan birida ishlaydigan yuqori martabali amaldorning Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, har yilgiday ro‘yxat bor va minglab mahbusga bu yil ham amnistiya akti qo‘llangan.

Shu kunga qadar respublika rasmiy matbuotida amnistiya akti ijrosi xususida berilgan alohida xabarlarga ko‘ra, 6 yanvarga qadar respublika bo‘yicha 9 ming 643 nafar mahbus avf qilingan, fevral oyida Toshkent shahri bo‘yicha 187 mahbus ozod qilingan.

6 mart kuni berilgan rasmiy ma‘lumotlarda esa, Namangan viloyati bo‘ylab 117 mahbus amnistiya akti bilan ozod qilingani aytildi.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda bu xabarni rasman tasdiqlagan Namangan viloyati prokuraturasi xodimiga ko‘ra, ro‘yxatlar bor va bu asosda jinoyatni ilk bor sodir qilganlar, yengil jinoyat sodir qilganlar, keksalar va ayollar ozod qilingan.

Ammo, prokuratura xodimi bundan ortiq ma‘lumot berilmasligini, xususan, respublika televideniyesida qilmishidan pushaymon holdagi qiyofasi ko‘rsatilgan sobiq mahbuslardan birortasini topishda ko‘maklashish yoki ularning keyingi taqdiri xususida ham ma‘lumot berolmasligini aytdi.

Xorazmlik inson huquqlari himoyachisi Hayitboy Yoqubov o‘zi yashab turgan Xorazm viloyati bo‘yicha ham amnistiyaga tushgan yuzlab mahbuslar borligi haqidagi ayrim ma‘lumotlarga ko‘zi tushganini aytdi.

- Bu yil ham amnistiyaga tushganlar haqida gap bor. Ammo, amnistiyaga tushib uyida, oilasida ko‘ringani juda-juda ozda hali. Bizam faqat eshitayapmiz, hozircha,- deydi Hayitboy Yoqubov.

O‘zbekiston mustaqilligiga 20 yil to‘lgan 2011 yilgi amnistiya xalq tilida "Oltin amnistiya", deb nomlangan va u katta umidlar bilan mustaqillik bayramiga kutilgan edi.

Xususan, jazo muddatini o‘tab chiqqan ayrim sobiq mahbuslar, jumladan, 12 yillik jazo muddatini to‘liq o‘tab chiqqan siyosiy mahbus Rashid Bekjon, bundan tashqari boshqa siyosiy mahbuslarning yaqinlari bayram munosabati bilan katta avfi umumiy bo‘lishi kutilayotgani haqida so‘zlagan edilar.

Ayrim siyosiy mahbuslarning yaqinlari esa ozod bo‘lishi haqida yozma bildirishnomani qo‘lga olgani haqida ham so‘zlagan edilar.

Ular bunday umidlantiruvchi ma‘lumotni norasmiy tarzda qamoqxona va O‘zbekiston Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining xodimlaridan olganini aytgan edilar.

Ammo, avvaliga O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi munosabati bilan 1 sentyabrga kutilgan amnistiya e‘lon qilinmadi.

Odatdagidek, 8-dekabr — Konstitutsiya kuni munosabati bilan e‘lon qilingan amnistiyaga esa, shu kunga qadar olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, yana siyosiy mahbuslar kiritilmadi.

6 mart kuni Ozodlik muxbiri xabar olgan bir necha siyosiy mahbuslarning oilalari yana umidi puchga chiqqanini afsus bilan so‘zladilar.

Hozir O‘zbekiston qamoqxonalarida qolayotgan siyosiy mahbuslar ro‘yxati esa anchagina uzun.

Ular orasida siyosiy va diniy motivlar bilan qamalgan sobiq davlat amaldorlari, siyosiy arboblar, jurnalistlar, inson huquqlari himoyachilari, jumladan, Murod Jo‘rayev, Samandar Qo‘qonov, Mamadali Mahmudov, Muhammad Bekjonov, Xayrulla Hamidov, Rustam Usmonov, Ruhiddin Faxruddinov, Solijon Abdurahmonov, Qobiljon To‘lashev, Mo‘‘tabar G‘ofurova, Mehriniso Hamdamova, Avaz To‘xtaxo‘jayev, G‘anixon Mamatxonov, G‘aybullo Jalilov, A‘zam Turg‘unov, Erkin Musayev, Norboy Xoljigitov, Alisher Karomatov, Dilmurod Saidovlar kabi mahbuslar bor.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari hisob-kitobicha, O‘zbekiston qamoqxonalarida 10 mingdan ziyod diniy-siyosiy motivlar bilan qamalgan mahbus saqlanmoqda.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari, prokuratura va sud organlari bunday mahbuslarga amnistiya akti qo‘llanmasligi sababi haqida ochiq-oydin rasmiy bayonot bermay kelmoqdalar.

O‘zbekistonda har yili e‘lon qilinadigan amnistiya, asosan ayollar, voyaga yetmaganlar, 60 yoshdan oshgan keksalar va xorij fuqarolariga nisbatan qo‘llaniladi.

Ammo, o‘zbekistonlik ayrim huquq faollariga ko‘ra, amnistiya akti siyosiy motivlar emas, boshqa turdagi jinoyatlar bilan ilk bor sudlangan yoki yoshi 60 dan oshgan mahbuslarga ham qo‘llanmayotgani kuzatilmoqda.

Jumladan, Hayitboy Yoqubov bu yilgi amnistiyaga ilinishi mumkinligiga umid qilinganlar safida yoshi allaqachon 60dan oshgan xorazmlik tadbirkor Ishoq Abdullayevni esladi.

- Bu yilgi matbuotdagi xabarlarni ko‘rib, shu kishi ozod bo‘ladi, deb kutgan edim. Ammo, keksa yoshda bo‘lishiga qaramay, yana ozod qilinmadi, - deydi Yoqubov.

Sirdaryolik inson huquqlari faoli Isroil Rizayev esa 2011 yildi "qo‘poruvchilar guruhi" sifatida ayblanib, qamalgan bir guruh o‘smirga nisbatan amnistiya akti qo‘llanishiga umid qilganini aytdi.

- O‘tgan yili O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 161-moddasi bilan bir guruh yosh yigit qo‘poruvchilikda ayblangan edi. Afsuski, shunaqa chaquv bilan, tuhmat bilan, sudda ayblov daliliy-asosini topmagan holda qamalgan bu yoshlarga nisbatan ham amnistiya qo‘llanmadi, - deydi Isroil Rizayev.

O‘zbekistonda har yili prezident avfiga ilinadigan mahbuslar soni qancha ekani mavhum qolayotgan bir paytda ayni kezda mamlakat qamoqxonalarida qancha mahbus borligi ham faqat taxminiy hisob-kitoblar darajasida aytiladi.

O‘zbekistondagi Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi mutassadilaridan olingan rasmiy ma‘lumot asosida O‘zbekistonda jami 52 ta qamoqxona borligi, ularda taxminan 100 mingga yaqin mahbus saqlanayotganini aytib keladi.

2010 yil adog‘iga yaqin respublika parlamentida gapirgan prezident Islom Karimov esa O‘zbekistonda har 100 ming kishiga 166 mahbus to‘g‘ri kelishini ma‘lum qilgan edi.

Agar O‘zbekiston aholisi soni 28 milliondan oshgani haqidagi rasmiy ma‘lumotga asoslanib hisob-kitob qilinsa, mamlakatdagi jami mahbuslar soni 46 yarim mingdan oshiqroq ekani ma‘lum bo‘ladi.

Ammo, o‘zbekistonlik huquq faollari bu raqamning asl vaziyatdagidan ancha kamligini aytadilar.
XS
SM
MD
LG