Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:44

Gulnora Karimova 2000 ta to‘y o‘tkazadi


Surat Fond Forum saytidan olindi.
Surat Fond Forum saytidan olindi.

Gulnora Karimova kam ta‘minlangan oilalar uchun 1000 ta nikoh to‘yi va 1000 ta sunnat to‘yiga homiylik qilishi aytilmoqda.

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning "O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi" jamg‘armasi (Fond Forum) tomonidan mamlakat bo‘ylab xayriya to‘ylari o‘tkaziladi.

Bu haqda 4 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan "To‘ylar mavsumi-2012" deb nomlangan ko‘rgazmada ma‘lum qilindi.

Fond Forumning ushbu loyihasiga ko‘ra, to‘ylar bolalar uyi tarbiyalanuvchilari va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun xayriya aktsiyasi tarzida o‘tkaziladi.

O‘tgan yilning dekabr oyida ham Fond Forum Andijonda 5 nafar Bolalar uyi tarbiyalanuvchilari, Jizzah viloyatida 5 nafar kam ta‘minlangan oilalar farzandlarining sunnat tuyini o‘tkazib bergan edi.

Fond Forumning o‘zini tanishtirmagan xodimasiga ko‘ra, bu yilgi loyihada mamlakatning barcha hududlari qamrab olingan bo‘lib, kam ta‘minlangan oilalarning farzandlari uchun jami 1000 ta nikoh to‘yi va 1000 ta sunnat to‘yi xayriya tarzida o‘tkaziladi.

- O‘tgan yili faqat 2 ta viloyatda o‘tkazilgan edi. Bu yil barcha viloyatlarda o‘tkaziladi. Bitta viloyatdagi 2-3 ta tuman qamrab olingan,- dedi Fond Forum xodimasi.

Nikoh to‘ylarida 1000 kelinga Gulnora Karimovaning Guli brendi asosida tikilgan 1000 ta nikoh ko‘ylagi hadya qilinib, to‘y harajatlarini ham Fond Forum o‘z zimmasiga oladi.

- O‘tgan yilgi aktsiyamizda ham juda ko‘plab sovg‘alar berilgan edi. Sunnat to‘yi o‘tkazilgan bolalarga velosiped sovg‘a qilingan edi. Kelin-kuyovlarga esa mikroto‘lqinli pech va zamonaviy televizorlar sovg‘a qilingan edi. Bu yilgi sovg‘alar ham shunday ko‘rinishda bo‘ladi,- dedi Fond Forum xodimasi.

Fond Forum rasmiy saytida yozilishicha, to‘y sohiblarining har biriga Gulnora Karimovaning tilaklari yozilgan tabriknomalar ham topishiriladi.

Loyihaga ko‘ra, ilk xayriya nikoh va sunnat to‘ylari 25 va 26 mart kunlari Navoiy, 27-28 martda esa Qashqadaryo viloyatlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

O‘tgan yili jizzaxlik 35 yoshli Abdummanon Usmonov ham Gulnora Karimovaning xayriyasi hisobiga uylangan edi.

Restoranda 500 kishilik mehmon ishtirokida o‘tgan to‘y marosimida taniqli estrada xonandalari Oybek va Nigora qo‘shiq kuyladilar.

“Tengdoshlarim allaqachon oila qurib, farzandli bo‘lishganini o‘ylab, ularga havasim kelardi. Xudoga shukur, mana, men ham bugun oilali bo‘ldim... Tashkilotchilarga rahmat”deya minnatdorchilik bildirgani haqida yozdi Fond Forum.

Shvetsariyadagi eng badavlat kishilar ro‘yxatidan o‘rin olgan Gulnora Karimova ushbu loyihaga qancha mablag‘ sarflayotgani haqida hech bir joyda yozilmagan.

Ayrim manbalarga ko‘ra, bu xayriya tadbirlari uchun mahalliy tadbirkorlarning "sahovatpeshaligi"dan ham foydalaniladi.

Fond Forum saytida aytilishicha, ushbu loyihasiga “Ayollar kengashi” tashkiloti, “Mehr nuri” jamoat jamg‘armasi, Ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash fondi hamkorligida o‘tkazilayapti.

Gulnora Karimovaning rasmiy saytida xabar qilinishicha, Karimova xonim "Mehribonlik uylari" uchun tez-tez xayriya tadbirlari uyushtirishni odatga aylantirgan.

Bolalar mehnati muammosi bilan shug‘ullanadigan O‘zbekiston-Germaniya forumi tashkiloti rahbari Umida Niyozova bolalar uchun xayriya tadbirlari o‘tkazishni xush ko‘radigan Gulnora Karimovaning e‘tiboridan mamlakatda o‘quvchilarning majburiy mehnatga jalb qilinishi muammosi chetda qolayotganini qayd etadi.

- Unaqa populistik qadamlar odamning imiji yaxshilanishi uchun qilinadi. Men o‘ylashimcha, Gulnora Karimova shu ishlarni o‘zining juda ëmon bo‘lgan imijini to‘g‘rilash uchun qiladi. O‘sha 1000ta oila minnatdor bo‘ladi. Odamlar gapiradi. Lekin biz uning qilgan ishlarini hisobga olsak, bunaqa podachkalar xalq uchun hech qanaqa jiddiy rol o‘ynamaydi. Gulnora Karimova o‘zining mavqeidan foydalanib, O‘zbekistondagi mavjud ommaviy bolalar mehnatini to‘xtatishga qanaqadir qadamlar qilsa, juda ham jiddiy ko‘rsatkich bo‘lardi. Albatta shuni qila olmaydi, chunki har yili million-million bolalarni ishlatishdan juda ko‘p pul tushadi. Bu pulni 1000ta oilaga to‘y qilib beradigan pul bilan solishtirib bo‘lmaydi. O‘shanga eng osoni bir tomondan bir so‘m berib, ikkinchi tomondan millionlar ishlab olish juda oson,- deydi Umida Niyozova.

O‘tgan yilning 15 sentyabr kuni Gulnora Karimovaning Nyu Yorkda Linkoln markazidagi Guli brendi liboslar namoyishi AQSh matbuotining tanqidiy maqolalari va o‘zbek muxolifatining norozilik namoyishlari ortidan bekor qilingan edi.

O‘zbek muxolifati O‘zbekistonda bolalar mehnatidan foydalanilayotgani uchun Karimovaning liboslar namoyishiga qarshi chiqqan edi.
XS
SM
MD
LG