Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:24

Maktab o‘quvchilariga bepul sut berilmoqda


Maktab o‘quvchilariga bepul sut tarqatish xalqaro dastur doirasida amalga oshirilmoqda.
Maktab o‘quvchilariga bepul sut tarqatish xalqaro dastur doirasida amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston rasmiy va yarim rasmiy nashrlari mamlakatning ayrim hududlarida maktab o‘quvchilariga bepul sut berilayotgani to‘g‘risida xabar tarqatdi.

Ozodlik muxbiri 3 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta‘limi vazirligi bilan bog‘lanib¸ “Maktab suti” loyihasi to‘g‘risida ma‘lumot bera oladigan mutaxassis topa olmadi.

Loyiha to‘g‘risida viloyat Xalq ta‘limi boshqarmalarida ham ko‘pchilik bilmasligi ma‘lum bo‘ldi.

Samarqand boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mas‘ul xodimi bilmadi.

- Xabarim yo‘q. Men o‘qigan edim gazetada. Lekin bizlarda unaqa tashkil qilinganmi yo‘qmi¸ bilmayman. Gazetada ëzilgan edi. Lekin bizlarda unaqa bo‘lmasa kerak. Uni Goronodan bilsa bo‘ladi¸ dedi Samarqand viloyat xalq ta‘limi boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mas‘ul xodimi.

Xabar tafsilotlarini o‘rganish jaraënida “Maktab suti” loyihasi to‘g‘risida mamlakatdagi maktablarning ko‘pchiligida ham eshitishmagani oydinlashdi.

Namangandagi maktablardan birining direktori savolimizni eshitib, "Men hozir aniqlashtiraman boshlang‘ich zavuchimdan" degancha¸ telefon oldiga qaytib kelmadi.

Farg‘onadagi maktablardan biri kotibasining o‘z direktoriga tayanib aytgan gapidan “Maktab suti” loyihasida ba‘zi maktablargina ishtirok etayotgani ma‘lum bo‘ldi.

- Bizning maktab bu loyihada ishtirok etmayotgan ekan, dedi kotiba.

Loyiha to‘g‘risida Internetda e‘lon qilingan ma‘lumotlardan “Maktab suti” loyihasi ortida sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi Tetra Pak kompaniyasi turgani ma‘lum bo‘ldi.

Shirkatning “Maktab suti” loyihasi mutasaddisi Dilfuza Abduqayumova Ozodlik savollariga javob berar ekan, bunday dedi:

- “Maktab suti” loyihasi 2010 yili Toshkent va Farg‘ona shaharlarida boshlangan. Toshkentda bitta va Farg‘onada uchta maktabda hammasi bo‘lib 1200 bolani sut bilan ta‘minladik, dedi Dilfuza Abduqayumova.

Uning aytishicha, tilga olingan to‘rtta maktabning 1200 o‘quvchisi 3 oy davomida bepul sut bilan ta‘minlangan va butun sarf-xarajatni Tetra Pak shirkati ko‘targan.

- 1 martdan boshlab esa, respublikaning olis 17 tumanida “Maktab suti” loyihasi boshlandi va o‘quvchilar joriy o‘quv yili oxirigacha sut bilan ta‘minlanadi, dedi Dilfuza Abduqayumova.

Suhbat davomida Tetra Pak vakili “Maktab suti” loyihasi kompaniyangizning bozorni egallash yo‘lidagi bir taktikasi emasmi, degan savolga:

- Ha, ha, shunday deyish mumkin, deya javob qaytardi. Ayni paytda Tetra Pak vakili darhol taomildagi “shirkat millat salomatligi uchun ijtimoiy mas‘uliyatni his qilayotgani” to‘g‘risidagi gaplarni ham qo‘shib qo‘ydi.

Tetra Pak shirkati moliyalashtirayotgan “Maktab suti” loyihasi Sog‘liqni saqlash, Xalq ta‘limi vazirliklari, Toshkent va Farg‘ona hokimliklari tashabbusidir.

Ma‘lumotlarga qaraganda, O‘zbekiston aholisining 42,4 foizi bolalardir.

Ularning yarmidan ko‘pi turli sabablarga ko‘ra ovqatlanish rejimiga rioya qilmaydi.

Yoshi 6 bilan 11 orasidagi o‘zbekistonlik bolalarning to‘rtdan bir qismi uyda nonushta qilmaydi.

"Maktab suti" dasturi xalqaro xarakterga ega bo‘lib, uning boshlanganiga 80 yil bo‘ldi. Dastur jahonning 50 mamlakatida qabul qilingan bo‘lib, u jami 50 million bolani qamrab olgan.

Mazkur loyihadan maqsad maktab o‘quvchilarining salomatligini mustahkamlash hamda qashshoq oilalar farzandlarining maktabga muntazam qatnashini ta‘minlashdir.
XS
SM
MD
LG