Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:11

Alisher Karomatov ozodlikka chiqarildi


Alisher Karomatov olti yildan buyon qamoqda qolayotgan edi.
Alisher Karomatov olti yildan buyon qamoqda qolayotgan edi.

To‘qqiz yillik qamoq jazosini o‘tayotgan O‘zbekiston inson huquqlari jamiyatining faoli Alisher Karomatov 12 aprel kuni muddatidan avval shartli ravishda ozod qilindi.

Alisher Karomatovning qamoqdan chiqqani haqida Ozodlikka "Ezgulik" jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov ma‘lum qildi.

- Alisher Karomatov bugun qamoqdan chiqdi. Biz bu xabarni eshitib juda xursand bo‘ldik. Bizning faollarimiz u bilan telefon orqali gaplashishdi. U suhbatda xonadoniga sog‘-salomat yetib kelganidan mamnunligi, kayfiyati yaxshi ekanini bildirdi. Alisher muddatidan avval shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan, deydi Tashanov.

“Ezgulik” jamiyatining Karomatov ozodlikka chiqqani borasida tarqatgan bayonotiga ko‘ra, jamiyat tomonidan “BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissariyatiga taqdim qilingan huquq himoyachisi Alisher Karomatov ishi joriy yilning 30 aprel – 4 may kunlari Jenevada muhokama qilinishi ko‘zda tutilgandi. BMT inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissariyatining noqonuniy hibslar bo‘yicha ishchi guruhi kotibi Migel De La Lama ishning O‘zbekiston hukumati rahbariyati ishtirokida ko‘rib chiqilishini aytgandi”.

Besh yildan buyon sil kasalligi bilan og‘riyotgan Alisher Karomatov Qarshidagi 64/49-sonli koloniyada saqlanayotgan edi.

Alisher Karomatov 2003 yildan boshlab O‘zbekiston inson huquqlari jamiyatining Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani bo‘limiga rahbarlik qilgan.

2006 yilning 29 aprelida Alisher Karomatov O‘zbekiston inson huquqlari jamiyatining Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari A‘zam Farmonov bilan birgalikda pora olishda ayblanib hibsga olingan.

Yangiyer shahar jinoiy ishlar sudi qaroriga ko‘ra, ikkala huquq faoli ham O‘zbekiston jinoyat kodeksining 165-moddasi, ya‘ni tovlamachilik bandi bo‘yicha aybdor deb topilib, ularning har biri to‘qqiz yildan qamoq jazosiga mahkum qilingan.

2008 yilning 25 dekabr kuni Sirdaryo viloyat jinoyat ishlar sudi Alisher Karomatovning kassatsiya tartibidagi shikoyat arizasini ko‘rib chiqib, dastlabki sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirish bo‘yicha qaror chiqardi. Keyinchalik appelyatsiya sudining qarori ham xuddi shunday mazmunda bo‘ldi.

Human Rights Watch, Amnesty International, "ACAT-France - Nasroniylar qiynoqlarga qarshi" kabi bir qator xalqaro tashkilotlar Alisher Karomatov huquq faoli sifatidagi faoliyati uchun soxta ayblar bilan jazoga hukm etilganini ta‘kidlab, rasmiy Toshkentdan uning ozodligini talab qilib kelayotgan edilar.
XS
SM
MD
LG