Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:47

Toshkentdagi dov-daraxtlar xavf ostida


Zararkunanda hasharotlar xuruji tufayli Toshkent shahridagi daraxtlar xavf ostida qolayotgani aytilmoqda.
Zararkunanda hasharotlar xuruji tufayli Toshkent shahridagi daraxtlar xavf ostida qolayotgani aytilmoqda.
Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi qoshidagi mutaxassislar guruhi bir necha tumandagi dov-daraxtni sinchiklab tekshirib chiqqan.

Taftishlarda bevosita ishtirok etgan, ekologiya mavzusiga ixtisoslashgan jurnalist Nataliya Shulepinaning Sreda.uz nashri orqali ma‘lum qilishicha, zararkunandalar hujumidan tanasi ilma-teshik bo‘lgan chinor, eman, zarang, archa kabi daraxt va butalar aniqlangan.

Ilgari po‘stloqxo‘r qo‘ng‘izlar asosan yumshoq tanali daraxtlarga qiron keltirgan bo‘lsa, endilikda zararkunandalar qattiq tanali daraxtlarga o‘tgani aytilmoqda.

Azim chinorlar nidosi


Poytaxtning Muqimiy ko‘chasiga yo‘li tushganlar ko‘kka bo‘y cho‘zgan azim chinorlarga ko‘zi tushmay qolmaydi.

Mutaxassislardan iborat guruh ko‘rik payti bu yerdagi aksar chinorlar tanasiga zararkunanda hasharotlar in qurganini qayd etgan.

Shuningdek, ekspertlar Chilonzor tumani Qatortol mavzesidagi chinorlarni ham ko‘zdan kechirgan.

– Odamlar yangi uylarga ko‘chib kelgan paytda, bu o‘tgan asrning 60-yillari edi, chor-atrof taqir cho‘ldek edi. Yangi ko‘chib kelgan aholi hududga chinor ekkan. Bu daraxt o‘sish sur‘ati bo‘yicha terakdan keyinda turadi. Ko‘chatlar bir yilda 1,5-2 metr o‘sadi. Ikki ming yilgacha yashaydi, - deydi jurnalist Shulepina.

Mazkur tumanda yashovchi Abduvoris ismli otaxonga ko‘ra, chinorlar bu hudud mikroiqlimini mo‘‘tadil saqlashga xizmat qilmoqda.

– Soya-salqin berishda chinorga teng keladigani kam. Tanasi baquvvat, shoxlari tarvaqaylab o‘sadi, yerga tangadek oftob nuri tushirmaydi. Undan tashqari, yaxshigina mikroiqlim yaratadi. Agar e‘tibor bersangiz, Qatortolda havo harorati hatto saratonda ham markazga qaraganda salqinroq bo‘ladi. Buyam shu chinorlar sharofatidan, – deydi Abduvoris ota.

Shulepinaga ko‘ra, Qatortoldagi chinorlar orasida ham hasharotlarga yem bo‘lganlari talaygina.

Ozodlik bilan suhbatlashgan zoolog olim bir necha yil oldin Amir Temur xiyobonidagi chinorlar kesilishidan tegishli xulosa chiqarib, qolganlarini asrash zarurligini aytadi.

Eslatib o‘tamiz, 2009 yilning noyabrida Toshkentning Amir Temur xiyobonidagi 100 yoshdan oshgan chinorlar hech bir izohsiz arralab tashlangandi.


“Import” bo‘layotgan zararkunandalar


Soha olimlariga ko‘ra, “chervets” deb atalgan hasharot ilgari Toshkentda uchramagan.

Mahalliy jurnalist ushbu zararkunanda import qilinayotgan ko‘chatlar bilan birga kelayotganini taxmin qiladi.

– Chervets Toshkentda paydo bo‘lib qolganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. U chet eldan keltirilgan nihollar bilan birgalikda kirib keldi. Tez urchish xususiyatiga ega. Ayniqsa, bu hasharot ignabarglilarni yeb bitiradi, - deydi Shulepina.

U chetdan kelayotgan o‘simliklarni jiddiy tekshiruvdan o‘tkazish zarurligini ta‘kidlaydi.


Kimyoviy dorilash to‘xtatib qo‘yilgan


Ismi oshkor qilinishini istamagan zoolog olimga ko‘ra, oxirgi paytlarda Toshkent shahridagi daraxtlarni kimyoviy dorilash deyarli to‘xtatib qo‘yilgan.

– Daraxtlarni bittalab tekshirib chiqishga to‘g‘ri keladi. Kasal tekkanlarini davolash, qolganlarini kimyoviy dorilash zarur, - deydi zoolog olim.

2003 yilga qadar Toshkent shahar obodonlashtirish boshqarmasi tarkibida o‘simliklarni muhofaza qilish xizmati faoliyat yuritgan.

Jurnalist Shulepina daraxtlarni asrash choralarini kuchaytirish uchun o‘simliklarni muhofaza qilish xizmatini tiklash zarur, deb hisoblaydi.

Soha mutaxassisi esa odamlar sog‘lig‘i o‘simliklar salomatligiga bog‘liq ekanini urg‘ulaydi.

– Yashil o‘simliklar bu misoli shaharning o‘pkasi. Toza havo, kislorod beradi-da. Tasavvur qiling, bitta chog‘roq daraxt yiliga 40 kg, qalin shox-shabbalisi 68 kg gacha chang-to‘zonni yutadi. Demak, bitta daraxt kasal bo‘lsa, bundan o‘nlab odam zarar ko‘radi! - deydi zoolog olim.

Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasiga ko‘ra, poytaxtning 35 foiz hududi yoki 15200 gektar yer yashil maydonlardan iborat.

Shaharda 220 dan ziyod daraxt va buta o‘sadi. Archa, chinor, eman, jo‘ka, terak, qayrag‘och va kashtan keng tarqalgan daraxtlar sanaladi.

E‘tiborsizlik – jinoyatga teng


Mamlakat qonunchiligiga muvofiq, o‘simliklar olami zararlanishiga e‘tiborsizlik jinoyat, deya malakalanadi.

Jinoyat kodeksining 199-moddasiga ko‘ra, o‘simliklar zararkunandalari bilan kurash talablarini buzish eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima, 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
XS
SM
MD
LG