Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:34

Sobiq senator jinoiy javobgarlikka tortildi


Jizzax tumani hokimi, O‘zbekiston Oliy Majlisining sobiq senatori Mahmud Xolbo‘tayev ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Rasman tasdiqlanmagan ma‘lumotga ko‘ra, hokim jizzaxlik haydovchini ayovsiz ravishda kaltaklaganlikda hamda pora olishda ayblanmoqda.

Jizzax viloyatining shu nomdagi tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev 16 aprel kuni tuman xalq deputatlari kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida deputatlikdan ozod qilingan.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan jizzaxlik inson huquqi faoli Mamirjon Azimovning aytishicha, shu yig‘ilishdan so‘ng Mahmud Xolbo‘tayev milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan hibsga olingan:

- So‘nggi bir necha kun ichida tuman hokimi Mahmud Xolbo‘tayev, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Yoqub Akoboyev va tuman mudofaa ishlari bo‘limi rahbari Baliyev birgalikda mahallama-mahalla yurib, gaz pulini to‘lamaganlarni gazlarini kestirib, harbiy safarbarlikka chaqirilgan yigitlar uchun to‘lanmagan pullarni undirish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Xalq bundan qattiq norozi edi. Bir qancha joylarda janjallar ham chiqqan. Menimcha, 15 aprel bo‘lsa kerak, ular ana shunday reydlardan biridan so‘ng shahardagi bir choyxonada hokim, militsiya boshlig‘i va mudofaa rahbari birga o‘tirishgan.

Choyxonada yeb-ichib, yaxshi kayf bilan chiqqan paytida mahalladan ohak ortib chiqayotgan bir mashinani ko‘rib qolib, to‘xtatishgan. Biroq haydovchi to‘xtamay qochgan. Shunda ular mashinaga o‘tirib bir 10 kilometrdan keyin uni quvib yetgan. Haydovchini tuman hokimi va militsiya boshlig‘i juda ham qattiq kaltaklagan. Lablari, yuzlari yorilib ketgan, qovurg‘alari sinib ketgan,- deydi Mamirjon Azimov.

Huquq faoliga ko‘ra, shundan so‘ng haydovchi shahar kasalxonasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan va uning ahvoli og‘irligicha qolmoqda. Haydovchining yaqinlari esa bu haqda milliy xavfsizlik xizmatiga shikoyat qilgan.

Mamirjon Azimovga ko‘ra, hokim Mahmud Xolbo‘tayev ikki kun milliy xavfsizlik xizmatida hibsda o‘tirganidan so‘ng, tuman hududini tark etmaslik shart bilan qo‘yib yuborilgan.

Jizzax viloyat hokimligining ismi sir qolishini iltimos qilgan manbaga ko‘ra, Mahmud Xolbo‘tayev bezorilikdan tashqari O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 210 moddasi, ya‘ni pora olganlikda ham ayblanmoqda.

Mahmud Xolbo‘tayevning deputatlikdan ozod qilingani va uch kundan buyon ishda yo‘qligini Jizzax tuman hokimligining xodimi ham Ozodlikka tasdiqladi.

Mamirjon Azimovning aytishicha, Mahmud Xolbo‘tayev tumanga hokim bo‘lib tayinlanganidan so‘ng mushtumzo‘rlik bilan nom chiqargan:

- Mahmud Xolbo‘tayevga nisbatan aholida norozilik kuchayib borayotgan edi. Chunki u o‘tkazgan yig‘ilishlarning eng yaxshisi so‘kinish bilan, yomonrog‘i esa kaltaklash bilan tugardi. 2011 yilning paxta terimi mavsumi paytida G‘afur G‘ulom nomidagi maktabning direktorini juda qattiq urgan edi. U kasalxonaga ham yotib chiqdi. Biroq biror joyga shikoyat qilmadi,- deydi Mamirjon Azimov.

Mahumd Xolbo‘tayev 2004 yilda Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani hokimi bo‘lgan. O‘sha yilda u O‘zbekiston Oliy Majlisining senatori etib prezident tomonidan tayinlangan.

Mahmud Xolbo‘tayev Jizzax tumani hokimi etib tayinlanmasidan oldin Jizzax viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari va olti oy viloyat hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi maqomida ishlagan.
XS
SM
MD
LG