Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:09

Shahrisabz va Kitobdagi sel oqibatida qurbonlar yo‘q


O‘rmontepadagi poydevori past bo‘lgan imoratlar seldan shikastlangan.
O‘rmontepadagi poydevori past bo‘lgan imoratlar seldan shikastlangan.

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida joylashgan beshta va Kitobdagi uchta qishloqqa 22 aprel kuni sel kelishi oqibatida¸ guvohlarning Ozodlikka bildirishicha¸ asosan binolarga shikast yetgan.

Sel oqibatida qurbonlar bo‘lmadi


Shahrisabzning O‘rmontepa, Do‘ngqishloq va Qorapoycha¸ shuningdek Avazmalik va Shami qishloqlariga yakshanba kuni sel kelishi oqibatida aholi uylariga jiddiy talofat yetdi¸ deb xabar berdi 23 aprel kuni Ozodlikka vaziyatdan bevosita xabardor manbalar.

Ozodlik tabiiy ofat tafsilotlarini o‘rganish jarayonida zarar ko‘rgan uylarda yashovchilarning boshqa hududga evakuatsiya qilingani haqida xabarlar borligini aniqladi.

Do‘ngqishloq, Qorapoycha, Avazmalik qishloqlari Mo‘minobod qishloq fuqarolar yig‘iniga qarashlidir.

Yig‘in raisi Toshkent Toshev aholining o‘z uy-joyidan evakuatsiya qilinganini inkor qilib, sel oqibatida, asosan, tomorqalar zarar ko‘rganini aytdi.

- Suv tagida qolgan uylar yo‘q. Faqat suv hovlilarga kirganda. Kecha kechasi o‘sha vaqtning o‘zidayoq suv kirgan hovlilarga yordam ko‘rsatildi, hammasi joyida. Hech qanaqa talofat ko‘rgan nima yo‘q.

Qorapachada odamlarni uyidan ko‘chirishdi degan gap yo‘g‘, mumkin emas bu. Men o‘zim o‘sha yerga raisman. Aylanib yuribman. O‘zim hamma nimalarni ko‘rib yuribman. Hammasi joyida. Asosiysi zarar tomorqalarga suv kirgani. Keyin bizlar suvni kanallarga yo‘naltirdik. Aholiga zarar yetgan joyi yo‘q. Aholi tomorqalariga ekilgan ekinlar payhon bo‘ldi, dedi Toshkent Toshev.

O‘rmontepada imoratlar qulagan


Qo‘shni qishloqlardan birida yashovchi Abdulla aka Ozodlik iltimosiga ko‘ra, 23 aprel kuni O‘rmontepaga borib, seldan keyingi vaziyatni o‘rgandi.

Abdulla akaga ko‘ra, sel oqibatida O‘rmontepadagi, asosan, poydevori past bo‘lgan binolar qulab tushgan.

- Yiqilgan joylar bor, imoratlar qiyshayib yotibdi, yiqilib ketgan. Og‘ilxonalar, sayisxonalar, oshxonlar ag‘anab ketgan. Bir xillari qiyshayib yotibdi. Tekislab tartibga solayapti. Odamlar ishlab yotibdi. Shiferi bilan yerga yiqilib, vayroni chiqib yotibdi bir xil joylarda. Tomorqalarni suv bosib ketgan. Qiyshayib yotgan uylarda odamlar ishlayotganiga ko‘zim tushdi. Unchalik katta talofat yo‘q. Xudoga shukur¸ inson talofati bo‘lmagan. Chorvani ham chiqarib olishgan qulash oldidan. So‘radim, eshitmadim talofatlarni. Asosan betoni past imoratlar qulagan yoki og‘ir, nochor holatga kelib qolgan. Erta-indin ular ham ag‘anaydi baribir. Odamlar tirkovich tirab yotibdi. O‘rmontepani bitta ko‘chasini aylandim. Bir ko‘chada to‘rt-beshta qulagan imorat ko‘rdim, deydi Ozodlik iltimosiga ko‘ra, O‘rmontepadagi vaziyatni borib ko‘rgan Abdulla aka.

Qashqadaryo viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining navbatchi xodimi Shahrisabzdagi vaziyat tinch ekanini aytib, boshqa tafsilotlar uchun rasman murojaat qilish shartligini ta‘kidladi.

Kitobdagi qishloqlarni ham suv bosgan


22 aprel kuni Qashqadaryoning Kitob tumanidagi Xayrobod, Nurafshon, Chig‘atoy qishloqlarini ham suv bosgan.

Bu haqdagi xabarni Ozodlikka tasdiqlagan Kitob tuman hokimligi ma‘suliga ko‘ra, vaziyat 23 aprel kuni tinch.

O‘zini tanishtirmagan hokimlik vakiliga ko‘ra, sel oqibatida odamlar orasida qurbonlar bo‘lmagan, yetkazilgan talofatlarni bartaraf qilish ishlari olib borilmoqda.

Kitoblik fuqarolardan biri o‘z ismini oshkor qilmagan holda Ozodlikka aytishicha, Kitobdagi vaziyat ancha jiddiy.

- Hisorak suv omborida ham jala ko‘p yog‘ishi tufayli suv ko‘payib ketgan. Suv ombori suvlarini ochishga majbur bo‘lishgan. Buni natijasida Oqsuv daryosi o‘z o‘zanidan toshib ketgan. Ba‘zi qishloqlarda suv odamning beligacha keladi. Mani xolam Xayrobodda yashardi. Hozir uyini suv bosib ketgani uchun boshqa tumandagi qarindoshlarning uyiga joylashdi. Eng ko‘p Xayrobodda talofat ko‘rilgan. Boshqa qishloqlarda ekinzorlar suv ostida qolgan. Uylarga ko‘p zarar yetmagan. Anig‘ini bilmadimu, lekin Palandara degan joyda odamlarni uylaridan ko‘chirishdi degan gap bor, dedi kitoblik manba.

Aholi sel xavfidan ogohlantirilmoqda


Shahrisabzdagi sel kelishi bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganayotgan “Ezgulik” jamiyati faoli Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, Qashqadaryoning boshqa tumanlaridagi tog‘li hududlar aholisi ham toshqin bo‘lish xavfidan ogohlantirilgan.

- Bizdagi ma‘lumotlarga ko‘ra, toshqin faqat Shahrisabzda bo‘lgan. Lekin havoda namlik ortishi, jala yog‘ishi oqibatida boshqa tog‘li qishloqlarda ham sel kelishi xavfi borligi haqida aholi ogohlantirilayapti. Bilayn va boshqa uyali aloqa operatorlari maxsus soobshcheniye yuborib, tog‘li hududlarda toshqin bo‘lishi xavfidan ogohlantirib xabarlar berayapti. MChS xodimlarining bizga aytishi bo‘yicha, chora-tadbirlar ko‘rilayapti. Tabiiy ofatning oldini olish, odamlarga nisbatan kam zarar yetkazish, zararni oldini olish choralari ko‘rilayotgan ekan, deydi Abdurahmon Tashanov.

20 fevraldan 21 fevralga o‘tar kechasi yarim tunda Jizzaxning G‘allaorol tumanidagi Turk, Jarbuloq, Cho‘michli, Juma, Karizquduq va Toshkamar qishloqlari suv ostida qolgan va Toshkent rasmiylariga ko‘ra¸ 234 ta uy toshqindan zarar ko‘rgan edi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 4 aprel kungi qarorida G‘allaorol tumanida yuz bergan sel va suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish uchun 2 milliard 92 million so‘m mablag‘ ajratilishi aytildi.

Hozircha Shahrisabz va Kitobdagi sel oqibatlarini bartaraf etish uchun davlat tomonidan qanday va qancha yordam ajratilishi haqida rasmiy ma‘lumot yo‘q.
XS
SM
MD
LG