Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:02

Obama Chikagoda Karimov bilan uchrashmoqchi emas


AQSh prezidentining Chikagoda o‘tadigan NATO sammiti kun tartibidan yaxshi xabardor manbalarning Eurasianet.org nashriga bildirishicha¸ mazkur yig‘in doirasida Barak Obama Markaziy Osië rahbarlarining birortasi bilan uchrashmaydi.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning AQSh prezidenti Barak Obama bilan yakkama-yakka uchrashish yo‘lidagi urinishlari besamar qoladigan ko‘rinadi¸ deb yozdi Eurasianet.org payshanba kuni.

Mazkur Internet nashrining Vashingtondagi o‘z manbalariga tayanib bildirishicha¸ Barak Obamaning 20-21 may kunlari AQShning Chikago shahrida bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti doirasidagi kun tartibi juda tig‘iz va unga Markaziy Osiyo prezidentlari bilan alohida uchrashuvlar kiritilmagan.

Keyingi uch yil davomida Afg‘onistondagi AQSh va NATO qo‘shinlari uchun ta‘minot mollari yetkazib berishda muhim ittifoqchiga aylangan O‘zbekiston Shimoliy ta‘minot tarmog‘idagi belgilovchi xalqadir.

Latviya portlariga kelayotgan yuklar temir yo‘l orqali Afg‘onistonga kirish uchun Termizdan o‘tishi lozim va bunday strategik joylashuv O‘zbekistonning Afg‘onistondagi AQSh harbiylari kundalik ta‘minotidagi rolini oshirib yubordi.

Ayni paytda¸ 2014 yilga borib Afg‘onistondagi NATO qo‘shinlarining o‘z vataniga qaytishi va bu yerdan og‘ir harbiy texnikani olib chiqish yo‘nalishida ham tranzid hudud o‘laroq O‘zbekiston ahamiyatining muhimligi ta‘kidlanmoqda.

AQSh va NATO uchun strategik ahamiyati oshgan O‘zbekiston rahbari harbiy ittifoqning Chikago sammitiga taklif etilgan va Vashingtondagi ayrim harbiy hamda biznes guruhlarining sammit doirasida Karimov-Obama uchrashuvini tashkillashtirishga urinayotgani haqida norasmiy xabarlar mavjud.

Hozircha Islom Karimovning Chikagoga borish-bormasligi ham rasman e‘lon qilinmagan. Borgan taqdirda ham Eurasianet.org nashrining yozishicha¸ uning Barak Obama bilan alohida uchrashish imkoni yo‘q hisobi.

Xalqaro huquq guruhlari Karimov hukumatini dunyodagi eng repressiv rejim deya baholab kelayotgan bir paytda¸ Oq uydagilar saylov yilida Obamaning Karimov bilan uchrashishiga ko‘p ham xayrixoh emas. Shu bois¸ Chikagoga borgan taqdirda Karimov¸ Obama bilan oniy uchrashuv chog‘ida u bilan birga suratga tushishga umid qilishi mumkin xolos¸ deb yozadi Eurasianet.org nashri.

Nashrga ko‘ra¸ Islom Karimovning Chikagoda prezident Obama bilan uchrashuvini tashkillashtirishga zo‘r berib urinayotgan lobbichi guruh Amerika-O‘zbekiston Savdo palatasidir. Oq uyga shunday so‘rov bilan maktub yozgan palata raisi Carolyn Lamm O‘zbekistonni iqtisodiy jihatdan tez sur‘atlar bilan rivojlanayotgan¸ siyosiy jihatdan esa¸ mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikka katta hissa qo‘shayotgan barqaror hamkor sifatida taqdim etgan.

Shimoliy ta‘minot tarmog‘ining kundalik faoliyati bilan yaxshi tanish manbaga ko‘ra¸ agar Obama bilan Chikagoda yakkama-yakka uchrashishga juda ilxaq Karimov lobbichilarining bu so‘rovi qanoatlantirilmasa¸ Toshkent ta‘minot yo‘lidagi hamkorlikni to‘xtatishidan po‘pisa qilishi mumkin.

Huquq himoyachilariga ko‘ra¸ xalqaro maydonda inson haqlarini eng ko‘p toptayotgan rejim sifatida nom chiqargan Islom Karimov uchun Obama bilan alohida uchrashuv uning diplomatik nufuzini oshirishda nihoyatda muhimdir.

- Germaniya kantsleri Angela Merkel kabi prezident Obama ham Karimov bilan yakkama-yakka uchrashuv faqat O‘zbekiston inson haqlarini hurmatlash mezonlariga rioya qilinib¸ qamoqdagi huquq faollari¸ jurnalist va muxolifat a‘zolari ozodlikka chiqarilib¸ xorij va mahalliy nohukumat tashkilotlari ro‘yxatga olinganidan so‘nggina amalga oshishi mumkinligini ochiq-oydin bildirishi lozim¸ deydi Hyuman Rayts Uotch tashkilotining O‘zbekiston bo‘yicha tahlilchisi Stiv Sverdlov.

NATOning Tinchlik uchun hamkorlik dasturiga qo‘shilgan O‘zbekiston prezidenti harbiy ittifoqning Vashington va Buxarestda bo‘lib o‘tgan oliy darajali yig‘inlarida ishtirok etgan.
XS
SM
MD
LG