Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:40

"InterContinental" "Hotel Inn Tashkent"ga aylandi


Toshkentdagi “InterContinental” mehmonxonasi nomi o‘zgarishiga bu sohada dunyodagi yetakchilardan sanalgan InterContinental Hotels Group shirkatining O‘zbekistonda o‘z biznesini to‘xtatish qarori sabab bo‘ldi.

Sobiq “InterContinental” mehmonxonasining marketing bo‘yicha mutaxassisi otel nomi 28 maydan e‘tiboran o‘zgartirilganini tasdiqladi.

- Bizdan brend nomi (“InterContinental”) olib qo‘yilgach, vaqtincha “Hotel Inn Continental Tashkent” deya nomlana boshladik. Hozir hukumat “Accor”, “Hilton”, “Marriot” kabi taniqli mehmonxonalar bilan hamkorlik qilish borasida muzokaralar olib bormoqda. Muzokaralar natijasiga qarab yangi nom ham tanlanadi. Shu bois vaziyatdan chiqish uchun, hozircha, mehmonxonani shunday nomlab turishga qaror qilindi, dedi o‘zini Aziza deb tanishtirgan mehmonxona xodimi.

Mehmonxona xodimasining aytishicha, kelajakda Toshkentdagi eng hashamatli mehmonxona tilga olingan uchta mehmonxonadan birining nomini olishi mumkin.

Bu manbaga ko‘ra¸ O‘zbekistonda 15 yillik tajribaga ega Britaniya shirkati Toshkentdagi yagona besh yulduzli mehmonxona hissalarining 50 foiziga ega bo‘lib kelgan. Xorij sarmoyadori O‘zbekistondagi biznes manfaatlaridan voz kechishiga sabab o‘laroq, bino bezagining shirkat standartlariga mos kelmay qolgani bilan izohlagan.

- Ular bizdan ketishlarini yangilash ishlari natijasida binoning yangi dizayni InterContinental standartlariga mos kelmasligi bilan tushuntirishdi. Biz tender e‘lon qilib, uchta xonani alohida firmalarga ta‘mirdan o‘tkazdik. Ularga birortasi ham yoqmadi va umumiy ta‘mirlash ishlarini belgilangan muddatda boshlay olmadik. InterContinental uchun barcha standartlarga amal qilinishi o‘ta nozik masala va shu sababdan biz bilan hamkorlikni to‘xtatishga qaror qilishdi, deydi Aziza.

InterContinental Hotels Group shirkatining Londonda joylashgan bosh qarorgohi Ozodlikka yo‘llagan yozma izohida “Uzoq davom etgan munozaralar natijasida 2012 yil 27 may kuni InterContinental Toshkent mehmonxonasi bilan inshootni boshqarishga oid shartnoma to‘xtatildi. Shu kundan boshlab, bu mehmonxona InterContinental nomi bilan yuritilmaydi. O‘zaro kelishmovchiliklarni hal etish urinishlarimizga qaramasdan, mazkur mehmonxonani InterContinental brendi ostida boshqara olmaymiz”, deyiladi.

Ozodlik muxbiri “o‘zaro kelishmovchiliklar” nimadan iboratligini aniqlashtirish uchun InterContinental Hotels Group shirkati Yevropa idorasining jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Lyusi Tomasga murojaat qildi.

- Buning asosiy sabablaridan biri xonalarning ta‘mirdan o‘tkazilishi bilan bog‘liqdir. Xonalar ta‘mirlanishi rejada bor edi, lekin ular taklif etgan reja bizning standartlarimizga mos kelmadi va bu borada murosa topolmadik, dedi ingliz shirkati rasmiysi.

1997 yilda ochilgan “InterContinental” Toshkentdagi eng hashamatli mehmonxona bo‘lib keldi. Mehmonxonaning 50 foizlik ulushi Britaniyaning InterContinental Hotels Group shirkatiga, qolgan 50 foizi esa O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, sarmoya va savdo vazirligiga qarashli bo‘lgan.

Hozirda to‘laligicha O‘zbekiston hukumati tasarrufiga o‘tgan mehmonxonada, marketing bo‘yicha xodimning aytishicha, eng arzon xonada bir kecha tunash narxi 400 AQSh dollari, eng qimmat prezident appartamentlari esa 4000 dollar turadi.

Mehmonxona nomi 28 may kuni rasman o‘zgartirilganiga qaramay¸ ayni kunda uning Internetdagi sayti mijozlarga o‘zini InterContinental deya taqdim etishda davom etdi.

Bundan avval dunyoning yana bir taniqli mehmonxona brendi – “Sheraton” ham O‘zbekistonda chiqib ketgan. Hozirda Toshkent shahar hokimiyatiga qarashli bu mehmonxona “Markaziy” nomi bilan yuritiladi.
XS
SM
MD
LG