Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:13

“Rahbar bo‘lmoqchimisan, so‘kishni o‘rgan!”


Ko‘pchilik hokimlarni xalq orasida "mushtumzo‘r va so‘kong‘ich" hokim bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev erishgan cho‘qqilar tinch qo‘ymayotgan ko‘rinadi.
Ko‘pchilik hokimlarni xalq orasida "mushtumzo‘r va so‘kong‘ich" hokim bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev erishgan cho‘qqilar tinch qo‘ymayotgan ko‘rinadi.

O‘zbekistonda kattayu kichik darajadagi hokimlarning mushtumzo‘rligiyu so‘kong‘ichligi haqida xalq orasida gap-so‘zlar yuradi. Ozodlik mushtariylaridan biri Blogistonga yuborgan maqolasi shu haqda.

O‘zbekistondagi o‘rta asrlarga xos feodal boshqaruv uslubi, davlat hokimiyati organlari vakillarining ma‘naviy qiyofasi masalasi haqida avval ham ko‘p gapirilgan.

Siyqasi chiqqaniga qaramay mavzu jozibador, chunki har birimizing hayotimizga ko‘p jihatdan daxldor bir masala bo‘lgani uchun ham bu borada o‘ylamaslik mumkin emas. Boz ustiga, mamlakat mustaqillikka erishganidan keyingi shakllanib kelayotgan idora uslubi tadrijini kuzatsangiz, ruhingizni allanechuk bir vahima egallaydi.

Oshirib yuborayotganim yo‘q, hokimu hukamolar, rahbaru rahbarchalar bilan hamnafas, ularning majlislarida ishtirok etgan kishilar bilan gurungda bo‘lsangiz, mubolag‘a qilmayotganimni his qilasiz.

Kecha Qashqadaryoga borib keldim. Kasbim taqozosiga ko‘ra, doim qulog‘im ding yuradi. Odamlarga quloq tutaman, o‘zbek jamiyatining nimani his etib yashayotganini bilishga urinish, hayot ritmi va kishilarning o‘y-xayollarini kuzatish nuqtai nazaridan ham bu muhim.

Masalan, bugungi kunda mamlakatning eng yirik strategik viloyataridan biri bo‘lgan Qashqadaryodagi musohabayu gurunglarning yetakchi mavzusi iqtirdordagi hokim masalasi ekan. Boisi Turobjon Jo‘rayev atalmish bu odam haqida o‘ylamaslikning iloji yo‘q. U, uning nomi har bir xonadonga qaysidir ma‘noda kirib borgan.

Bosh vazirning karerasi “lom”dan boshlangan


Turob Jo‘rayev haqida gapirishdan avval bir odamning o‘tmishiga qisqa sayohat qilishga to‘g‘ri keladi. Boisi u ham Jo‘rayevning hozir bosayotgan yo‘lini odimlagan, uning professional karerasini ham bo‘ralatib so‘kish, do‘pposlashdan boshlangan, deyishadi.

Bu hozirda O‘zbekiston hukumatini boshqarayotgan Shavkat Mirziyoyevdir.

1999 yilda “Hurriyat” gazetasida ishlab yurgan paytlarim edi. Mirziyoyev hokimlik qilgan Jizzaxdan bir guruh chollar tahririyatga shikoyat bilan keldi. Chollar Jizzaxning shunchaki mo‘ysafidlari emas, balki bir guruh o‘rtamiyona rahbarlarning otalari. Ularning aytishlaricha, viloyat hokimi kimgadir un zavodi, kimgadir tuman hokimligi va yana kimgadir yog‘ zavodini berish uchun 30000 dan 80000 AQSh dollarigacha yig‘ishtirib olibdi. Lekin va‘dasini bajarmay, hukmdorning topshirig‘i bilan Samarqandga hokim qilib yuborilibdi. Puli kuygan korchalonlar taqdirga tan bermay o‘zlari borishdan qo‘rqib, Samarqandga otalarini yuborishgan.

Tabiiyki, bo‘lg‘usi bosh vazir eski ginalarni ko‘tarib kelgan otalarni bir piyola choy va izzat-ikrom bilan qarshi olmaydi. Bundan ranjigan otalar hokimni hurmatsizlik va keksalar oldidagi odobsizligi uchun hukmdorga aytish bilan qo‘rqitishibdi. Shunda hokim istehzo aralash: “Boraveringlar, u ham kabinetida uchta boboyni urib o‘ldirdi” degan ekan.

Shundan so‘ng chollar ko‘p yozdi. Mirziyeyoyevning Jizzaxdagi paxta paykalida jigarini ezib o‘ldirgan talaba haqida ham, Samarqandning Chelak tumanidagi g‘alla maydonida mol boqib o‘tirgan bolakayni otgani, Samarqand tumani hokimi, prezidentning erkatoylaridan biri Rahima Hakimovani do‘pposlagani haqida ham hukmdorga aytdi. Oqibatda Mirziyoyev oradan bir yil o‘tib, hukumatga rahbar bo‘ldi.

O‘shandan beri bosh vazir tarixidan xabardor kishilar uning eski hunari, so‘kishi haqida gapirishadi: “Lom tiqaman”!

Hokim qochdi...


Xalqimizda “Holvani hokim yeydi, kaltakni yetim” degan maqol bor. Lekin bu maqol doim ham to‘g‘ri chiqavermas ekan. Boisi o‘tgan hafta Qashqadaryo viloyati Nishon tumani “Do‘stlik” fermerlar uyushmasida viloyat faollarining yig‘ini bo‘lishi, unda Qashqadaryo viloyati hokimi Turob Jo‘rayev, viloyati IIB boshlig‘i S. Haydarov, respublikadan viloyatga kurator va vakolatli vakil etib tayinlangan Favqulodda vaziyatlar vaziri T. Xudoybergenov qatnashishi lozim edi.

Hokim va uning komandasi yig‘ilishga ketayotib, uyushmadagi “T. Choriyev” fermer xo‘jaligi paykalidan o‘tadi va paykalni yovvoyi o‘t bosib ketgani uchun fermerni “Onangni...” deb so‘kadi.

Fermer oriyatli yigit ekan, darhol ukalari bilan birga 80 yoshni qoralagan onasini olib kelib, hokimga ro‘baro‘ qilibdi. “Otamiz o‘lib ketganidan afsusda edik, yangi otalik bo‘ldik” deya hokimning gardaniga musht tushiradi, onaxon esa mirshabboshining yoqasidan oladi.

Voqeadan xabar topgan qarindoshlar to‘planishib, qishloqning tor va chang yo‘lini bekitishadi. Ehtiroslar junbushga kelib, favqulodda vaziyatlar vaziri ham dovdirab qoladi va hokimni kechirim so‘rashga, vaziyatni yumshatishga chaqiradi.

Ahvol tangligini sezgan hokim kechirim so‘ragan, ammo odamlar tinchimagach, majlis qoldirilib, hokim va uning komandasi dala yo‘li orqali qochib qolishga ulguribdi.
Shu palladan hukmdorning xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining dekabr oyida o‘tgan navbatdan tashqari sessiyasidagi gaplari esimga keldi: “Jo‘rayev, Siz qashqadaryoliklarga qo‘pol muomalada bo‘lmang, ular qo‘rpollikni ko‘tarmaydi”, degan edi u.

Demak, har doimgidek uzoqni ko‘ra biladigan hukmdor Jo‘rayevning nomai a‘molini bashorat qilgan. Lekin hukm qanday bo‘ladi: Jo‘rayev hozirgi bosh vazir kabi ko‘tarilib ketadimi yoki poshshoning bashoratiga qurbonliq keltiriladimi, ko‘ramiz.

So‘kong‘ichlarning o‘z jargoni bor


Milliy folklorimiz, ya‘ni xalq og‘zaki ijodining tilga olinmaydigan janrlaridan biri so‘kish bo‘lib, yuqorida ta‘kidlaganimizdek, u asosan katta-kichik rahbarlarimiz tomonidan boyitilmoqda.

Yangrayotgan bu so‘kishlarni yozib borish yoki to‘la qayd qilishning imkoni yo‘q. Ammo bot-bot quloqqa chalinadigan bu kabi “siylov”larning ayrimlarini aytib o‘tsak zarar qilmaydi.

Masalan, 2011 yilning kuzida Qashqadaryo viloyati Nishon tumani sobiq hokimi Rustam Sa‘dullayev “Guliston” MMTP raisi Elmurod Jo‘rayevni majlisda “Qizingni... ” deb so‘kkan. Odatda “...yban”, “j...lab” deb so‘kib, mahalliy aholining boshini qotiradigan hokimning bu so‘kishi tushunarliroq bo‘ldi.

Tumanga so‘nggi bir yil davomida kurator bo‘lgan, hozirda jizaxliklarning "onasini siylayotgan" Sayfiddin Umarov (Jizzax viloyati hokimi) oddiygina qilib, “Enangni...” deb so‘karkan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi o‘rinbosari Amir Omonov esa adabiy til "normalariga amal qilgan holda" Qashqadaryoda o‘tkazilgan majlislarda yig‘ilganlarni “Onangni...” deb haqoratlardi.

Bosh vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Hamidulla Karomatov Surxondaryo viloyatining sobiq hokimi Jo‘ra Noraliyevni Alpomishning 1000 yilligi tantanalari oldidan katta yig‘inda “Onangni...” degan oddiy qilib.

2000 yillarda Qashqadaryoda hokim bo‘lib ishlagan Baxtiyor Hamidov viloyatning Chiroqchi tumani hokimi Mustafo Temirovni “Ayachangni...”, “Buvingni...” deb so‘kkandi. Mahalliy shevaga yot bu so‘kish turi keyingilarining oldida holva ekan.

So‘kishni o‘rgan!


Tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, bo‘ralatib so‘kishni, do‘pposlashni bilgan rahbarlar uzoq yillardan beri ishlamoqda. Bilmaydiganlari esa... darrov kursini bo‘shatadi. Ketgandayam badnom bo‘lib, sharmisor bo‘lib ketadi. Ishlarni bo‘shashtirganlikda, bo‘shanglikda, lapashanglikda ayblanib ketadi. Shunaqa bizning kelajagi buyuk mamlakat. Xalq og‘zaki ijodi, uning chambarchas qismi bo‘lgan so‘kinish san‘ati rivoj va qadr topayotgan o‘lka.

Usta Haqgo‘y
XS
SM
MD
LG