Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:58

“InterContinental” ketishiga moliyaviy kelishmovchiliklar sabab bo‘lgan


“InterContinental” Toshkentdagi yagona besh yulduzli mehmonxona edi.
“InterContinental” Toshkentdagi yagona besh yulduzli mehmonxona edi.

Toshkentdagi “InterContinental” mehmonxonasini boshqarib kelgan InterContinental Hotels Group shirkatining O‘zbekistondagi biznesidan voz kechishiga ma‘muriy qiyinchiliklar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Bu haqda nomi “Hotel Inn Continental Tashkent” deb o‘zgartirilgan mehmonxona boshqaruvidagi xodimlardan biri Ozodlikka maktub orqali ma‘lum qildi. InterContinental Hotels Group O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatgani bois 28 maydan e‘tiboran Toshkentdagi eng hashamatli mehmonxona nomi o‘zgartirildi.

Mehmonxona biznesida dunyodagi yetakchilardan sanalgan Britaniyaning InterContinental Hotels Group shirkati O‘zbekistondan chiqib ketish qarori, rasman, mehmonxona bezagining shirkat standartlariga mos kelmasligi bilan izohlandi.

Vaqtincha “Hotel Inn Continental Tashkent” deb nomlangan mehmonxona boshqaruvidagi xodimlardan biri Ozodlikka yuborgan maktubda, “InterContinental” mehmonxonasi menejmenti (boshqaruvi) ko‘pdan beri ma‘muriy qiyinchiliklarga duch kelayotgan edi. Bu qiyinchiliklar rasmiy idoralar tomonidan sanoqsiz tekshiruvlar, so‘mda olingan daromadni erkin valyutaga konvertatsiya qilish muammosi, xorij valyutasida ishlash imkonsizligidan iboratdir. Ularning (InterContinental Hotels Group shirkati) O‘zbekiston bozoridan ketishiga ana shu qiyinchiliklar sabab bo‘ldi”, deyiladi.

InterContinental Hotels Group shirkatining Londonda joylashgan bosh qarorgohi Ozodlikka dushanba kuni yo‘llagan yozma izohida “Uzoq davom etgan munozaralar natijasida 2012 yil 27 may kuni InterContinental Toshkent mehmonxonasi bilan inshootni boshqarishga oid shartnoma to‘xtatildi. Shu kundan boshlab, bu mehmonxona InterContinental nomi bilan yuritilmaydi. O‘zaro kelishmovchiliklarni hal etish urinishlarimizga qaramasdan, mazkur mehmonxonani InterContinental brendi ostida boshqara olmaymiz”, deyiladi.

Shuningdek 28 may kuni InterContinental Hotels Group shirkati Yevropa idorasining jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Lyusi Tomas kelishmovchilik nimadan iborat ekaniga biroz oydinlik kiritdi.

- Buning asosiy sabablaridan biri xonalarning ta‘mirdan o‘tkazilishi bilan bog‘liqdir. Xonalar ta‘mirlanishi rejada bor edi, lekin ular taklif etgan reja bizning standartlarimizga mos kelmadi va bu borada murosa topolmadik, dedi ingliz shirkati rasmiysi Lyusi Tomas.

Lekin Toshkentdagi manba bergan xabardan keyin Ozodlik Lyusi Tomasga mavzu yuzasidan qayta murojaat qildi. InterContinental Hotels Group vakili mikrofonsiz suhbatda, shirkatning O‘zbekistonni tark etishiga boshqa sabablar borligini tasdiqladi.

Uning aytishicha, "O‘zbekiston rasmiylari InterContinental Hotels Group shirkatining mamlakatda norezident sub‘ekt sifatida rasmiylashtirishga" rozilik bermagan. Norezident tadbirkorlik sub‘ekti mavqei InterContinental Hotels Group shirkatiga ba‘zi moliyaviy imtiyozlar, jumladan, erkin valyuta bilan ishlash imkonini berishi mumkin edi.

Ayni paytda “Hotel Inn Continental Tashkent” mehmonxonasining marketing bo‘yicha mutaxassisi 28 may kuni Ozodlik bilan suhbatda Britaniya shirkati O‘zbekistondagi biznes manfaatlaridan voz kechishiga sabab o‘laroq, bino bezagining “InterContinental” standartlariga mos kelmay qolgani bilan izohlaganini ma‘lum qilgan edi.

- Ular bizdan ketishlarini yangilash ishlari natijasida binoning yangi dizayni InterContinental standartlariga mos kelmasligi bilan tushuntirishdi. Biz tender e‘lon qilib, uchta xonani alohida firmalarga ta‘mirdan o‘tkazdik. Ularga birortasi ham yoqmadi va umumiy ta‘mirlash ishlarini belgilangan muddatda boshlay olmadik. InterContinental uchun barcha standartlarga amal qilinishi o‘ta nozik masala va shu sababdan biz bilan hamkorlikni to‘xtatishga qaror qilishdi, dedi o‘zini Aziza deb tanishtirgan mehmonxona xodimi.

1997 yilda ochilgan “InterContinental” Toshkentdagi yagona besh yulduzli mehmonxona bo‘lib keldi. Mehmonxonaning 50 foizlik ulushi Britaniyaning InterContinental Hotels Group shirkatiga, qolgan 50 foizi esa O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, sarmoya va savdo vazirligiga qarashli bo‘lgan.

Nomi “Hotel Inn Continental Tashkent” deb o‘zgartirilgan mehmonxona xodimiga ko‘ra, hozirda “hukumat “Accor”, “Hilton”, “Marriot” kabi taniqli mehmonxonalar bilan hamkorlik qilish borasida muzokaralar olib bormoqda” va kelajakda mehmonxonaga bu uch brenddan birining nomi olishi mumkin.

Hozirda to‘laligicha O‘zbekiston hukumati tasarrufiga o‘tgan mehmonxonada, marketing bo‘yicha xodimning aytishicha, eng arzon xonada bir kecha tunash narxi 400 AQSh dollari, eng qimmat prezident appartamentlari esa 4000 dollar turadi. Korporativ mijozlar, ya‘ni doimiy tarzda mehmonxona xizmatlaridan foydalanadigan shirkatlar uchun maxsus chegirmalar bor, dedi suhbatdosh.

Mehmonxona nomi 28 may kuni rasman o‘zgartirilganiga qaramay¸ ayni kunda uning Internetdagi sayti mijozlarga o‘zini InterContinental deya taqdim etishda davom etdi.

Bundan avval dunyoning yana bir taniqli mehmonxona brendi – “Sheraton” ham O‘zbekistonda chiqib ketgan. Hozirda Toshkent shahar hokimiyatiga qarashli bu mehmonxona “Markaziy” nomi bilan yuritiladi.
XS
SM
MD
LG