Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:51

Farg‘onada plastik kartochkalar yetishmayapti


Farg‘onada Xalq bankining plastik kartochkalari yetishmayotgani bois odamlar 4-5 kishi bo‘lib bitta kartochkadan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.

Besh kishiga bitta plastik karta


Farg‘onada plastik kartochkalar yetishmovchiligi muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Pensionerlar, ikki yoshgacha bo‘lgan bolalari uchun nafaqa oladigan hamda kam ta‘minlangani uchun davlatdan moddiy ko‘mak oladigan oilalarga nafaqa pullarini beradigan Xalq banki bo‘limlari aholini plastik kartochkalar bilan tegishli tarzda ta‘minlay olmayapti.

Bu haqda Farg‘ona shahri 18-sonli Istiqlol mahallasida yashovchilar Ozodlikka ma‘lum qildi.

Ushbu mahalla fuqarosi Gulhayo Bobojonovaga ko‘ra, odamlar 5-6 kishi bo‘lib bitta kartochkadan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.

- O‘zim ham bolalarimga nafaqa puli olaman 16 ëshgacha bo‘lgan. Xalq banki plastik kartochkalari yetishmasligi tufayli fuqarolarimizga plastik kartochkalarni, ikkita-uchta-to‘rtta odam bitta plastik kartochkadan foydalanishga majbur. Fuqarolarimiz qiynalayapti. Bitta odamning shaxsiy plastik kartochkasi bo‘lsa, xohlagan vaqtida uni ishlatishi mumkin. Lekin fuqarolar plastik kartochkani besh-oltita bo‘lib ishlatayapti majburlikdan. Hozir mana men plastik kartochkaga pulimni tushirdim. Men ishlatib bo‘lganimdan keyin qo‘shnimga beraman tushirib olgin deb. Hamma shunaqa qilib, plastik kartochkasi bor aëlnikiga tushirib olayapti,- deydi Gulhayo Bobojonova.

O‘zini Nargiza deb tanishtirgan farg‘onalik 25 yoshli ayolning Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, uning ham plastik kartochkasi yo‘q.

“Men qo‘shni ayoldan iltimos qilib uning kartochkasidan foydalanib kelayotgan edim. Oramizda ozgina kelishmovchilik o‘tgach boshqa plastik kartochkasi bor tanish topa olmadim. Hozir bolamga oladigan nafaqa pulini erimning Milliy bankdagi kartochkasiga o‘tkazamiz. Lekin pulni yechayotganda ma‘lum foizini olib qolishadi”, deydi Nargiza.

"Xalq bankida plastik kartochka qolmapti"


Istiqlol mahallasi faollaridan bo‘lgan Gulhayo Bobojonova Birdamlik harakati a‘zosi hamdir. Uning aytishicha, plastik kartochkalar bilan bog‘liq muammo yechimini topish maqsadida mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilib, ijobiy natijaga erisha olmagan.

- Viloyat xalq banki ma‘muriyatiga, plastik bo‘limi rahbarlariga uchradim. Farg‘ona shahar xalq banki boshqaruvi raisiga, plastik kartochkasiga, buxgalteriyasiga uchradim. Bular yo‘q, hozirgi kunda yo‘q ekan. Kartochkalar kelib tushibdi Farg‘onaga. Lekin boshqatdan uni programmalashtirish kerak ekan. Bu programmalashtirish 5-6 oydan keyinga borishi mumkin ekan. Xalq banki umuman hozir bir yildan o‘tdi plastik kartochka yo‘q. Birinchi marotaba plastik kartochka ochilganda bergan fuqarolar plastik kartochkalarini kassirlar orqali qilayapti, ish qilinayapti. Hozir umuman xalq bankining plastik kartochkasi yo‘q,- dedi Gulhayo Bobojonova.

Ozodlik Xalq bankining mahalliy bo‘limlari bilan bog‘lanish imkoniga ega bo‘lmadi.

Xalq banki: Bizda muammo yo‘q


Murojaat qilganimiz Xalq bankining Toshkentdagi bosh idorasining plastik kartochkalar bilan ishlash bo‘limining o‘zini Muzaffar deb tanishtirgan xodimiga ko‘ra, shu paytgacha kartochkalar yetishmovchiligidan shikoyat tushmagan.

- Hozir bizlar yangi sistemaga o‘tayapmiz. Onlayn degan sistemaga. Oldin debit sistemasida ishlardik. Debit sistemasi hozir deyarli ëpilayaptida. Uning kartochkasi chiqmayapti. Hozir yangi programma chiqqan onlayn degan. Yangi kartochkalar ochib tarqatganmiz hammasiga. Hamma viloyatlarga taqsimlab berilgan.

Xalq banki bosh idorasi xodimi yangi tizimda ishlaydigan plastik kartochkalar yetarli miqdorda chiqarilgani va yetishmovchilik bo‘lishi mumkin emasligini ishonch bilan ta‘kidladi.

- Yetarli. Muammo yo‘q. Men hozir sizdan eshitib hayron bo‘layapman bunaqa gapni. Bo‘lishi mumkinmasda. Deyarli hamma viloyatlar hamma kelgan yangi mijozlarga. O‘zining mijozlariga ham yangi kartada ochib berayapti. 12 mingta daje olib ketishgan kartani. Farg‘onaga ham 12 mingta berilgan. Kartochkalar yetishmovchiligi bo‘yicha lekin bizlarga hali chiqishmadi. Agar chiqishsa, talab qancha bo‘lsa o‘shanga yarasha dogovor qilib olishga haqqimiz bor. Hali bizga Farg‘onaning o‘zidan chiqqani yo‘q. Agar bizlarga chiqsa, talabga qarab dogovor qilib bizlar olib beramiz kartani,- dedi Xalq bankining Toshkentdagi bosh idorasi xodimi.

Vazirlar Mahkamasi 2004 yil 24 sentyabrda qabul qilgan qarorga muvofiq, 1995 yil 1 yanvaridan O‘zbekistonda ilk marotaba milliy valyutada kredit va debit to‘lov plastik kartochkalari muomalaga chiqarildi.

O‘zbekiston Markaziy Banki ma‘lumotiga ko‘ra, 2012 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekistonda 8 million 276 ming 490ta plastik karta muomalaga chiqarilgan.

Ayni paytda, mamlakat bo‘ylab 99 ming 688ta savdo terminali va 312ta bankomat o‘rnatilgan.
XS
SM
MD
LG