Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:43

NATO O‘zbekiston bilan tranzit haqida kelishib oldi


O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov va NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen.
O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov va NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen.

NATO O‘zbekiston bilan Afg‘onistondagi o‘n minglab zirxli mashina, konteyner va qurol-yaroqni mamlakat hududi orqali olib chiqishni ko‘zda tutuvchi bitim borasida kelishgan.

NATO Afg‘onistondagi harbiy texnikani Markaziy Osiyo hududi orqali olib chiqish haqida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan kelishgan.

Bu haqda NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen dushanba kuni rasman e‘lon qildi.

Shimoliy Atlantika Harbiy Alyansi Afg‘onistondagi qo‘shinlari va harbiy texnikasini shu yil oxirlaridan boshlab olib chiqa boshlaydi.

Erishilgan bitimga muvofiq, NATO o‘n minglab zirxli mashina, konteyner va qurol-yaroqni Afg‘onistondan Markaziy Osiyoning uch davlati hamda Rossiya orqali Yevropaga yetkaza oladi.

NATO matbuot vakili Oana Lunjesku Ozodlikka bularni ma‘lum qildi:

- Hozir biz Markaziy Osiyodagi uch hamkorimiz - Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan kelishuvga erishdik. Hozir ushbu kelishuvning so‘nggi jihatlari ustida ishlayapmiz va bu ishlar so‘nggi bosqichda. Bu uchta kelishuv bizga Afg‘onistondan harbiy jihozlarni olib chiqishimizga yo‘l ochadi. Bu uchala davlatga dastak uchun tashkilotimiz rahbari minnatdorchilik bildirgan. NATO Afg‘onistonning qo‘shnilari bilan bu mamlakatlar barqarorligini ta‘minlash yo‘lida ishlarni davom ettiradi - dedi NATO matbuot vakili.

Avvalroq, Shimoliy Atlantika Harbiy Alyansi Rossiya bilan ham bu borada kelishgan edi.

Afg‘onistonda NATO yetakchiligidagi harbiy amaliyotlar 2014 yil oxirigacha yakun topishi aytilgan.

O‘z harbiy texnikasini Pokiston orqali olib chiqish NATOga ancha arzonroq va qulay. Lekin, Islomobod hukumati Afg‘onistondagi AQSh qo‘shinlarining Pokiston hududini pilotsiz uchqichlar yordamida o‘qqa tutgani sababidan janubiy ta‘minot yo‘lini yopib qo‘ygan, tranzit masalasida NATOga Pokiston hududidan foydalanishni ham taqiqlab qo‘ygan.

O‘tgan oy Chikagoda o‘tgan NATO sammitida janubiy tranzit yo‘lini ochish borasida Pokiston bilan kelishuvga erishilmadi.

O‘shanda NATO rahbari masala yechimi yaqin fursatda topiladi, deb umid bildirgan edi.

Pokiston bilan yuzaga kelgan chigalliklar ohiri NATO rahbariyatini Markaziy Osiyo va Rossiya orqali o‘tadigan shimoliy ta‘minot yo‘liga yuz burishga majbur qilgan.

NATO rahbariyati, ayni paytda mintqadagi davlatlarga Shimoliy ta‘minot tarmog‘idagi ishtiroki uchun qancha to‘lanishini ochiqlamadi.

- Tabiiyki erishilgan bu bitim ishtirokchi mamlakatlarning ham manfaatlarini qoniqtiradi,- deya ta‘kidlagan Anders Fog Rasmussen.

O‘tgan yil janob Rasmussen Bryusselda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan uchrashar ekan tranzit masalasi bilan bir qatorda, inson huquqlari mavzusini ham ko‘tarajagini va‘da qilgan edi.
XS
SM
MD
LG