Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:53

Yevro 2012 – sport emas¸ siyosat o‘yini


Yevropaparast Timoshenkoga nisbatan qamoqxonada yomon munosabatda bo‘linayotgani asosida aksar Yevropa hukumatlari 8 iyun kuni Ukraina va Polshada boshlanadigan futbol bo‘yicha Yevropa birinchiligi o‘yinlarini boykot qilishdan po‘pisa etdi. Ammo keyingi jarayonlar ukrainaliklarning “Timoshenko o‘yini”dan beza boshlaganini ko‘rsatmoqda.

Oleksandr Ulyanovichni¸ bir paytlar Yuliya Timoshenko o‘z yonida bo‘lishini istagan ideal fuqaro deb taqdim etish mumkin.

Ingliz¸ polyak va nemis tillarida bemalol gaplashadigan bu kichik tadbirkor 2004 yilgi “Zarg‘aldoq inqilobi” kunlari Kiyev markazidagi Mustaqillik maydonni to‘ldirgan o‘n minglab demokratiya tarafdorlaridan biri edi.

Ayni kunlarda 8 iyun kuni boshlanadigan Yevropa chempionati kunlari savdo baroridan keladi¸ degan umid bilan Oleksandr tayyor ovqat sotuvchi yemakxonalarini mijozlar xizmatiga ochish bilan band.

Oleksandr Kiyevdagi uyini shveytsariyalik futbol ishqibozlariga ijaraga berib¸ ular uchun shashlikxo‘rlik uyushtirish rejasida ham.

O‘tmishdagi kabi butun fikri-xayoli o‘z kichik biznesini kengaytirish bilan band bo‘lgan Oleksandrning o‘tmishdagi o‘zidan bitta farqi bor - u bugun Timoshenko tarafdori bo‘lmay qolgan:

- Timoshenko va Viktor Yushchenko Ukrainadagi vaziyatni o‘zgartirish uchun mislsiz tarixiy imkonga ega bo‘ldilar . Ularni ham mamlakat aholisining aksar ko‘pchiligi¸ ham xorij hukumatlari qo‘lladi. Ammo ular hech nimani o‘zgartirmadilar. Hech narsani eplay olmadilar. Ular maydonga chiqib¸ o‘zlarini qo‘llaganlar va millionlab saylovchilarga xiyonat qildilar. Bugun men Ukrainadagi vaziyat uchun Viktor Yanukovichdan ko‘ra Yushchenko va Timoshenkoni aybdor deb bilaman¸ deydi 2004 yilda o‘zi ham Mustaqillik maydoniga chiqib Timoshenko va Yushchenkoni qo‘llagan Oleksandr.

Xalq inqilobi to‘lqinida biri prezident¸ ikkinchisi Bosh vazirlikka kelgan Yushchenko va Timoshenko ko‘p o‘tmay hokimiyat uchun ichki ziddiyatga berilib ketdilar va ukrainaliklar umidini puchga chiqardilar.

2005 va 2007-2010 yillarda Ukraina Bosh vaziri lavozimida ishlagan Timoshenko bugun xizmat vakolatlarini suiste‘mol qilganlik aybi bilan 7 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. Ammo hatto Xarkov qamog‘ida ham Timoshenko o‘z siyosiy raqibi¸ joriy prezident Viktor Yanukovich uchun qudratli muxolifligicha qolmoqda.

Qamoqqa tushganidan beri “mazlum”ga aylanib qolgan Timoshenko o‘ziga nisbatan noinsoniy munosabatda bo‘linayotganini ta‘kidlab¸ ochlik e‘lon qildi. Uning mazlumligidan ta‘sirlangan Yevropa Ittifoqi rahbarlari Kiyev bilan munosabatlarni sovuqlashtirdilar; hatto ukrainaliklarga qariyb 15 milliard dollar va yillab qilingan mehnat evaziga kelgan Yevro 2012 ni boykot qilish bilan tahdid etdilar.

Ammo aksar ukrainaliklar nazarida Timoshenko mazlum ham¸ o‘zi iddao qilayotgan kabi¸ begunoh musicha ham emas.

Inqilobga qadar Ukraina Yagona Energiya tizimlariga rahbar bo‘lgan Timoshenkoning Rossiyadan kelayotgan gazni chetga sotish orqali millionlab dollar pulni o‘zlashtirgani taxmin etiladi.

Ukrainaliklar orasida “gaz malikasi” degan kinoyali taxallus olgan Timoshenkoni deb YeIning Ukrainada o‘tadigan futbol o‘yinlarini boykot qilish bilan tahdid etgani oddiy xalq orasida e‘tirozga sabab bo‘lmay qolmadi.

Ammo Shvetsiyaning YeIdagi elchisi Dag Hartelius¸ 27 davlat Timoshenkoning gunohsiz yoki begunohligi emas¸ Ukrainada qonun ustivorligini qaror toptirishning muammo ekanidan tashvishda ekanini aytadi:

- Bu yerda gap Timoshenkoning o‘tmishdagi ishlari ¸ uning nima qilib¸ nima qilmaganida emas. Bu yerda gap Ukrainadagi huquq-tartibot tizimlarining qanday ishlayotganidadir. Shuningdek bu yerda gap faqat Timoshenko ustida ketmayapti. Lutsenko va boshqalar taqdiri ham xavotirga sabab bo‘layotir¸ deydi YeI va Ukraina o‘rtasiga sovuqchilik solayotgan masalada izoh bergan shved diplomati.
XS
SM
MD
LG