Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:53

O‘sh qirg‘ini: hukumat Bakiyevni aybladi


Qirg‘izistonda O‘sh qirg‘inidan ikki yil o‘tib, bu fojeaning rasmiy versiyasi ishlab chiqildi.

Qirg‘iziston prezidenti ko‘rsatmasi bilan ikki oy mobaynida Milliy xavfsizlik xizmati, ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura mutaxasislari ishtirokida yozib chiqilgan O‘sh qirg‘inining rasmiy versiyasi jamoatchilikka oshkor qilindi.

Qirg‘iziston hukumati tomonidan qirg‘indan ikki yil o‘tgach yozilgan versiyada aytilishicha, O‘sh voqealarining sodir etilishiga birinchi navbatda 2010 yil 7 aprelida hokimiyatdan ag‘darilgan sobiq prezident Qurmonbek Bakiyev, uning oila a‘zolari va qarindoshlari sabab bo‘lgan. Rasmiy versiyada O‘sh qirg‘ini kunlari hokimiyatda bo‘lgan Muvaqqat hukumat sodir bo‘lgan voqea uchun mas‘ul emasligi ta‘kidlanadi.

- Agar Muvaqqat hukumat chora ko‘rmasa yoki Muvaqqat hukumat aybi bilan bu voqea sodir bo‘lganda, albatta uning jinoiy javobgarligi masalasi ko‘rilgan bo‘lar edi. Biroq biz “Muvaqqat hukumat ko‘rgan chora-tadbirlar voqeaning oldini ola bilmadi”, deb yozayapmiz. Shuning uchun ham bu yerda jinoiy emas, ma‘naviy mas‘uliyat haqida gap bo‘lishi mumkin, xolos,- dedi Bosh prokuror o‘rinbosari Nurlan Jeenaliyev.

Rasmiy versiyada qirg‘iz hukumati O‘sh qirg‘ini tashkilotchilari sifatida ayblayotgan o‘zbek liderlariga yangi ayblovlar ham bildirilgan.

“Separatistlarning radikal liderlari Qirg‘iziston janubida yirik biznesga egalik qilishgan va biznesni saqlab qolish maqsadida o‘zbek muxtoriyatini tuzish yoki hukumatni egallash rejasining ikkita variantini tayyorlagan”, deyiladi rasmiy versiyada.

Shu bilan birga, rasmiy versiyada Qodirjon Botirov rahbarligidagi o‘zbek liderlari o‘z maqsadlariga erishshi yo‘lida “Hizbut-taxrir” tashkiloti bilan hamkorlikda bo‘lgani iddao qilinadi.

Prezident ko‘rsatmasi bilan ishlab chiqilgan versiyada etnik o‘zbeklar mahallalarini barrikadalar bilan to‘sib olgani, uylari va tomlariga SOS, HELP degan so‘zlarni oldindan yozib qo‘yganlari alohida ta‘kidlanadi.

- Hujjatda O‘sh voqeasining takrorlanmasligi uchun nimalar qilish kerak, qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak degan savollar javobsiz qolgan. Rasmiy versiyani ishlab chiqishda Milliy xavfsizlik xizmati ham qatnashgan. Demak, bu xizmat o‘sh voqeasi takrorlanishiga yo‘l bermaydigan mexanizmalarni ishlab chiqib, hukumatga taklif qilishi kerak edi. Muvaqqat hukumatning ikki a‘zosi – Emil Kaptagayev va Keneshbek Duyshebayevlarni esa jinoiy javobgarlikka tortish kerak edi, deb hisoblayman. Chunki ularga mahalliy hokimiyatlardan vaziyat murakkablashayotgani haqida to‘qqiz marta ma‘lumot berilgan, -dedi siyosatshunos Tabildi Akerov.

Ma‘lumotga ko‘ra, O‘sh qirg‘ining rasmiy versiyasini yozish jarayoni yakunlangani yo‘q. Bu ish yana davom etishi aytilmoqda.

Qirg‘izston huquq-tartibot tuzilmlaari rasmiy versiyani yozish uchun O‘sh qirg‘inini o‘rgangan Milliy komissiya hujjatlarini asos qilib olganlari ham xabar qilindi.

O‘sh qirg‘inini o‘rgangan Xalqaro komissiya xulosasi Milliy komissiya xulosasidan kesin farq qiladi. Xalqaro komissiya “O‘sh qirg‘ini qirg‘iz hukumatining etnomillatchilikka asoslangan siyosati oqibatida sodir bo‘ldi” degan xulosasini yoyinlagan edi.

XS
SM
MD
LG