Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:00

O‘zbekistonda 82 kirakashga jinoiy ish ochildi


O‘zbekistonda joriy yilning besh oyi davomida 5 mingga yaqin reyd o‘tkazilib, litsenziyasiz taksichilik qilgan 82 haydovchiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani aytilmoqda.

O‘zbekiston soliq qo‘mitasi matbuot xizmatining ma‘lum qilishicha, joriy yilning besh oyi davomida litsenziyasiz kira qilayotgan haydovchilarni aniqlash maqsadida 4819 ta reyd o‘tkazilgan.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi, Soliq qo‘mitasi va Avtomobil va daryo transporti agentligi hamkorligida o‘tkazilgan ushbu reydlar davomida kirakashlik qilayotgan shaxslarga tegishli jami 19960 ta transport vositasining faoliyati tekshirilgan.

Rasmiy ma‘lumotda aytilishicha, tekshiruv natijasida 7843 nafar haydovchi qonunga hilof ravishda kirakashlik qilayotgani aniqlangan va ulardan 6817 nafarining ishi sudga oshirilgan.

Sud qaroriga ko‘ra, 6049 kishiga ma‘muriy javobgarlik qo‘llanilib, ularga jami 3216 million so‘m jarima solingan.

Shuningdek, sud qarori bilan 82 nafar haydovchiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Avtomobil va daryo transporti agentligi matbuot kotibi Norbek Toshniyozovning Ozodlikka aytishicha, o‘tkazilgan besh mingga yaqin reydlar orqali taksi islohotining ijobiy tomonlarini targ‘ibot qilish maqsad qilingan.

- Reyd davomida harakatlanayotgan transport vositasini yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari to‘xtatadi. Hujjatlarini tekshirganda litsenziyasi yo‘q bo‘lsa, protokol tuziladi. Davlat soliq inspektsiyasi xodimlari tegishli chora ko‘radi. Biz litsenziya masalasi bilan shug‘ullanamiz. Agar litsenziyasi bor bo‘lsa, lekin litsenziya shartini buzib harakatlanayotgan bo‘lsa, bu bo‘yicha haydovchi birinchi navbatda ogohlantiriladi. 10 kun muddatga litsenziyasini to‘xtatib turadi. O‘sha muddatda bartaraf qilinib tegishli chora ko‘rilsa, litsenziyasi qaytadan kuchga kirib ketaveradi. Agar 10 kunda tuzatmasa, sudga beramiz. Sud ko‘rib chiqadi. Transport ko‘rsatkichi xizmatga noloyiq deb topilsa, litsenziyasi bekor qilinadi,- deydi Avtomobil va daryo transporti agentligining matbuot kotibi.

Norbek Toshniyozovga ko‘ra, hozirga qadar mamlakat bo‘yicha jami 11 mingga yaqin haydovchi litsenziya olib, qonuniy ravishda faoliyat ko‘rsatmoqda.

O‘n yildan buyon Toshkentda shaxsiy Neksiya avtomobilida kirakashlik qilayotgan Shomurod aka hali bu ro‘yxatga kirmagan.

Hozirda litsenziyasiz kira qilayotgan Shomurod akaning aytishicha, taksi islohoti bo‘yicha qarorning ijrosi amalda sustligi uchun o‘zi singari kirakashlar qonuniy hujjatni olishga shoshilmayapti.

- Hali litsenziya olmadik. Sekin-sekin ishlayaptiyu hamma odamlar. Kimdir litsenziya olayapti. Olmagani yuribdi. Nima qilsin amallayapti. Lekin ushlasa shtraf soladi eng kam ish haqining 20 barobari miqdorida. Endi davlat uncha qattiq ushlolmayapti. Bo‘lmasa, bir minutning ichida tartibga soladiku buni. Amalda qattiq ushlamayaptida. Qattiq ushlasa, taksoparkka borib litsenziya, patent olib ishlaysan, boshqa iloj qolmaydi,- deydi toshkentlik kirakash Shomurod aka.

Avtomobil va daryo transporti agentligining matbuot kotibi Norbek Toshniyozov taksi islohotiga nisbatan bildirilayotgan ishonchsizliklarga nisbatan shunday javob beradi.

- Ko‘pchilik noto‘g‘ri tushunayapti. Hamma ko‘chada turgan, yurgan hammasini ushlab olib litsenziya bera olmaysan degan ma‘noda. Har ko‘chaga GAI qo‘yishning imkoniyati yo‘q. Qoida buzayotgan haydovchi hamma joyda bo‘lganiday bizda ham bor. Tegishli idoralar chora-tadbirlar olib borayapti. Bizning asosiy maqsadimiz yangi tashkil qilingan tadbirni aholi uchun ham, faoliyat ko‘rsatayotgan haydovchi uchun ham yaxshi ekani haqida tushuntirish ishlari olib borilayapti. Taksistlarga sharoit yaratib berish choralari ko‘rilayapti. Masalan, maxsus to‘xtab turish joylari qilinayapti. Unaqa joylarda faqat litsenziyaga ega bo‘lgan transport vositasigina tura oladi. Bu ham bir qulaylik. U yerda odam olish huquqiga faqat ular ega bo‘ladi,- deydi Norbek Toshniyozov.

O‘zbekistonda 2012 yilning 1 yanvaridan “Yo‘nalishli taksi faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori kuchga kirdi. Unga muvofiq, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan haydovchi litsenziya olishi shart.

Litsenziyasiz kira qilgan fuqaro eng kam oylik ish haqining 20 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarimaga tortiladi (ayni paytda eng kam oylik ish haqi – 62920 so‘m). Ushbu holat takroran ro‘y bersa, transport vositasi musodara qilinib, haydovchi jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, birgina Toshkentda 1200 dan ortiq litsenziyaga ega yo‘nalishli taksi faoliyat yuritmoqda. Ammo bu bir necha million aholi yashaydigan shahar uchun nihoyatda kam.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, qonun kuchga kirgunga qadar O‘zbekiston poytaxtida 35 ming atrofida litsenziyasiz "kirakash" bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG