Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:03

"MTS muammolari Behzod Ahmedov shaxsi bilan bog‘liq"


O‘zbekistondagi eng yirik mobil aloqa kompaniyasi litsenziyasidan mahrum bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston Davlat aloqa inspektsiyasi 25 iyun kuni Rossiyaning MTS shirkatining O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxonasi O‘zdunrobita kompaniyasini bu haqda ogohlantirdi. “O‘zdunrobita” boshqaruvidagi manbaning aytishicha, muammolar shirkat rahbari Behzod Ahmedov shaxsi bilan bog‘liqdir.

O‘zbekiston Davlat aloqa inspektsiyasi veb-saytida 25 iyun kuni e‘lon qilingan bildirishnomaga ko‘ra, “davlat inspektsiyasi tomonidan o‘tkazilgan monitoring hamda uyali aloqa abonentlaridan tushgan shikoyatlar tahlili “O‘zdunrobita” tomonidan ko‘rsatilayotgan uyali aloqa xizmatlari sifati yomonlashishi holatlari bo‘lganini ko‘rsatgan”.

Bundan tashqari, Davlat aloqa inspektsiyasiga ko‘ra, mamlakatning turli hududlarida o‘tkazilgan monitoring natijasida elektromagnit muvofiqlik markazining vaqtincha foydalanish uchun berilgan ruxsatnomalari bo‘yicha “O‘zdunrobita” 48 ta tayanch stantsiyasini noqonuniy ekspluatatsiya qilgani aniqlangan.

Bunday holatlar Toshkent shahri, Surxondaryo, Samarqand, Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Jizzax viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida aniqlangani aytilmoqda.

Mazkur qonunbuzarliklar bo‘yicha DAI tomonidan “O‘zdunrobita”ga tegishli ko‘rsatma taqdim qilingan va noqonuniy ekspluatatsiya qilinayotgan tayanch stantsiyalaridan foydalanishni ko‘rsatma olgan kundan boshlab to‘xtatish talab qilingan.

Davlat aloqa inspektsiyasi, bu ko‘rsatma bajarilmagan taqdirda, qonunchilikda belgilangan tartibda “O‘zdunrobita”ga berilgan litsenziyani amal qilish muddatini to‘xtatib turish yoki tugatish choralari ko‘rilishidan ogohlantirgan.

MTS shirkatining O‘zbekistondagi sho‘basi jiddiy muammolarga duch kelayotgani o‘tgan hafta shirkat bosh direktori Behzod Ahmedovning mamlakatdan qochib ketganiga oid xabarlar bo‘lgach, ma‘lum bo‘ldi.

Ma‘lum bo‘lishicha, O‘zbekiston prokuraturasi va soliq inspektsiyasi bir necha oy davomida “O‘zdunrobita” faoliyatini taftish qilgan.

O‘zbekiston huquq idoralari shirkat bosh direktori Behzod Ahmedovni qalloblik va pul yuvish amaliëtlarida ayblab Interpol orqali xalqaro qidiruv e‘lon qildi. Lekin o‘tgan juma kuni MTS bosh direktori Vladimir Yevtushenkov bu xabarlarni inkor qilgach, Interpol veb saytidan ham qidiruvga oid xabar olib tashlandi.

Oradan uch kun o‘tib, dushanba kuni Interpol Behzod Ahmedovni yana xalqaro qidiruvga berdi.

Ozodlikning “O‘zdunrobita” boshqaruvidagi manbasining aytishicha, aloqa inspektsiyasi dushanba kuni e‘lon qilgan ogohlantiruv ham abonentlardan tushgan shikoyatlar yoki uskunalarning noqonuniy ishlatilgani emas, prokuratura taftishi va Behzod Ahmedov shaxsi bilan bog‘liq.

“Yaqinda bu xususda tekshiruv o‘tkazildi, qonunbuzarliklar yoki boshqa kamchiliklar topilmadi. Bu hammasi soliq idoralari o‘tkazgan tekshiruv bilan bog‘liq”, dedi suhbatdoshimiz.

Uning aytishicha, Behzod Ahmedov hozirda O‘zbekistonda va shirkat bosh direktori lavozimida qolmoqda.

“O‘zdunrobita” mulozimi shirkatning huquq-tartibot idoralari tomonidan taftish qilingani, vujudga kelgan muammolar va Behzod Ahmedovga nisbatan ta‘qiblar boshlangani xususidagi savolimizni javobsiz qoldirdi.

Biroq Behzod Ahmedovning qayerda ekaniga oid bir-biriga zid xabarlar bor. Ba‘zi manbalar uning mamlakat tashqarisida qolayotganini aytmoqda.

“O‘zdunrobita” shirkati 1991 yilda faoliyat boshlagan. Unga asos solgan tadbirkorlardan biri Sanjar Umarovdir. 1990 yillar oxirlarida shirkat O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova nazoratiga o‘tgan. 2004 yilda esa u “O‘zdunrobitani” Rossiyaning MTS kompaniyasiga 212 million AQSh dollariga sotgan.

2005 yil Andijon voqealaridan keyin muxolifat partiyasini tuzgan Sanjar Umarov orada 4 yil qamoqda o‘tirib chiqqach, bergan intervьyularidan birida 90 yillar oxirlarida Gulnora Karimova uni “O‘zdunrobita” shirkatidan siqib chiqarganini iddao qilgan edi.

“O‘zdunrobita” aloqasi O‘zbekistonning 94 foiz hududini qamrab olgan va qariyb 10 million abonentga egadir.

Behzod Ahmedovni tanigan va voqeani kuzatayotgan manbalardan birining taxminiga ko‘ra, “O‘zdunrobita” atrofidagi muammolar ortida shirkatni yana o‘z nazoratiga olmoqchi bo‘lgan Gulnora Karimova turibdi.

“Telekommunikatsion shirkatlarning bozor narxi belgilanganda mijozlari soni o‘rtacha 1000 dollar hisoblanadi. Bugun “O‘zdunrobita”ning 9 million abonenti borligi shirkatning bugungi qiymati qariyb 9 milliard dollar ekanini anglatadi. O‘zbekistondagi narxlar uch barobar kamroq bo‘lishi ehtimolini inobatga olsangiz ham, “O‘zdunrobita”ning bugungi qiymati kamida 3 milliarddir. Bir necha yil avval shirkatni 200 million dollarga pullagan Gulnora katta xatoga yo‘l qo‘yganini anglagan va o‘yin qoidasini buzib bo‘lsa ham, ko‘p milliardlik kompaniyani yana o‘z nazoratiga olmoqchi ko‘rinadi”, deydi Ozodlik bilan shaxsi sir qolishi sharti bilan gaplashgan manba.
XS
SM
MD
LG