Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:58

Tatariston o‘shlik o‘zbekni ekstraditsiya qilmoqchi


Rasmiy ma‘olumotlarga ko‘ra, O‘sh voqealarida ayblanib sudlanganlarning 80 foizidan ortig‘i o‘zbek millatiga mansubdir.
Rasmiy ma‘olumotlarga ko‘ra, O‘sh voqealarida ayblanib sudlanganlarning 80 foizidan ortig‘i o‘zbek millatiga mansubdir.

2012 yilning 25 iyunida Tatariston Respublikasi Oliy sudi 2010 yil O‘sh voqealarga aloqadorlikda gumonlanayotgan 24 yoshli qirg‘izistonlik Mamir Nematovni ekstraditsiya qilish bo‘yicha Rossiya Bosh prokuraturasi chiqargan qarorni qonuniy deb topdi. Nematov himoyasini ta‘minlayotgan Inson huquqlari instituti xodimlari Qirg‘izistonda u qiynoqlarga solinishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

Tatariston Oliy sudi: “Shikoyatga o‘rin yo‘q!”


Tatariston Oliy sudi Rossiyada qochqinlik maqomini so‘rayotgan 24 yoshli o‘shlik Mamir Nematovni Qirg‘iziston so‘roviga ko‘ra, ekstraditsiya qilinish to‘g‘risidagi qaror qonuniy ekanligini tasdiqlagani haqida uni himoya qilayotgan huquq faollari ma‘lum qildi.

Bu xabarni Ozodlikka Tatariston Oliy sudi raisi yordamchisi Natalya Loseva tasdiqladi.

- Rossiya Bosh prokuraturasi bu shaxsni Qirg‘izistonga berib yuborish to‘g‘risida qaror chiqargan edi. Himoya prokuraturaning bu qarori ustidan sudga shikoyat arizasi bilan murojaat qildi. Sud bu shikoyatning qanoatlantirilishini rad etdi. Qo‘pol qilib aytadigan bo‘lsak, Nematovni ekstraditsiya kutmoqda, deya ma‘lum qildi Tatariston Oliy sudi rasmiysi Natalya Loseva.

Sud rasmiysi Mamir Nematov Qirg‘iziston hukumati tomonidan 2010 yilning iyunida mamlakat janubida bo‘lib o‘tgan ommaviy tartibsizliklar va qotilliklarga aloqadorlikda ayblanib, xalqaro qidiruvga berilganini ma‘lum qildi.

Inson huquqlari instituti : “Sud noqonuniy qaror chiqardi!”


Mamir Nematovning himoyasini ta‘minlayotgan Moskvadagi Inson huquqlari instituti Rossiya Bosh prokuraturasining qarori sud tomonidan tasdiqlanishi mutlaqo noqonuniy ekanligini aytmoqda.

Tatariston Oliy sudi Nematov Rossiya hududida qochqinlik maqomini so‘rovchi ekani va xalqaro qoidalarga qo‘ra, uning maqomi aniqlangunga qadar berib yuborilishi mumkin emasligini inkor etgan holda bu hukmga imzo chekdi, deydi Ozodlik bilan suhbatda, Mamir Nematovni himoya qilayotgan tashkilot qoshidagi “Qochqinlik haqlari” dasturi rahbari Yelena Ryabinina.

- Sud Bosh prokuraturaning qarorini yo‘qqa chiqaradigan ikkita muhim vaziyatni inkor etdi. Birinchisi, Nematovning ekstraditsiyasiga oid qaror qochqinlik maqomini olish jarayoni davomida amalga oshirilmoqda. Ikkinchisi, Tatariston Oliy sudi ikki haftadan kam muhlat ichida prokuraturaning qarorini tasdiqlagani. Shu tariqa, Qozon sudi birvarakayiga Rossiyaning “Qochqinlar to‘g‘risida” Federal qonuni va BMTning 1951 yilgi “Qochqinlar maqomi to‘g‘risida”gi Konventsiyalarni inkor etdi, deydi markaziy-osiyolik qochqinlar himoyasi bilan shug‘ullanadigan huquq faoli Yelena Ryabinina.

Huquq himoyachisi Oliy sud Nematov Qirg‘izistonda qiynoqlarga solinishi mumkinligini ham inobatga olmaganini qo‘shimcha qildi.

Ryabininaning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning aprel oyi oxirlariga qadar Rossiya etnik qirg‘indan qochib bu davlatga boshpana izlab kelgan va hukumat tomonidan iyun fojeasiga aloqadorlikda gumonlanayotgan qirg‘izistonlik o‘zbeklarni biror marta ekstraditsiya qilmagan.

- Rossiya Federal migratsiya xizmati Qirg‘izistondagi millatlararo vaziyatning murakkabligi hamda mahalliy huquq-tartibot idoralarining bir yoqlama chiqarayotgan qarorlarini hisobga olib bunday arizalarni qondirib kelayotgan edi. Biroq Mamir Nematovga kelib vaziyat keskin o‘zgardi, deydi Yelena Ryabinina.

Qirg‘iziston tergovchilari iddaosiga ko‘ra, Mamir Nematov 2010 yilning 11 iyunida bir guruh sheriklari bilan birga qirg‘iz millatiga mansub shaxsning uyiga bostirib kirgan va bir necha kishini o‘ldirgan. Vaholanki, taqdim etilgan hujjatlardan birida o‘ldirilgani aytilayotgan ayol voqea ertasiga ham eri bilan telefon orqali suhbatlashgani qayd etilgan.

Mamir Nematovning o‘zi esa 12 iyun kuni O‘zbekistonga, 11 avgustda Rossiyaga chiqib ketgan.

2012 yilning 4 mayida Rossiya Bosh prokuraturasi Qirg‘izistonning Nematovni berib yuborish to‘g‘risidagi so‘rovini qondirish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Inson huquqlari instituti mutahassislari 24 yoshli bu yigitning berib yuborilayotganini Rossiya va Qirg‘iziston o‘rtasida o‘shlik qochqinlarga oid siyosiy kelishuv borligi bilan bog‘lamoqda. Shuningdek, huquq faollari ekstraditsiya xavfi ostida qolayotgan Mamir Nematovning qidiruvga berilganini uning “O‘sh-TV”da teleoperator bo‘lib ishlagani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligiga jamoatchilik e‘tiborini qaratmoqda.

Daniil Kislov: "O‘shda nohaqliklar davom etmoqda"


“Farg‘ona.ru” axborot agentligi Daniil Kislov Mamir Nematovning ekstraditsiyasi qirg‘iz va rus siyosatchilarining o‘zaro kelishuvi ekaniga ishonmasligini aytadi.

- Menimcha, bunday vaziyat yana takrorlanadi, lekin bu jarayonda tendentsiya borligiga yoki Atambayevning so‘roviga binoan ommaviy ravishda qidiruvdagi qochqinlarni berib yuborish boshlanishiga ishonmayman. Shunchaki, o‘zbek, tojiklarni berib yuborish Rossiya sudlari va prokurorlariga ishini ancha osonlashtiradi, ortiqcha “dahmazadan” qutuladi xolos, deydi Daniil Kislov.

Ayni paytda, u qirg‘izistonlik o‘zbeklar ustidan Qirg‘izistonda ochilayotgan jinoiy ishlarning barchasi soxtalashtirilganiga shubha qilmasligini ta‘kidladi.

Kislov Mamir Nematov berib yuboriladigan bo‘lsa, so‘zsiz qiynoqlarga duchor bo‘lishi va nohaq sudlanishi xavfi ostida qolishidan xavotir bildirdi. Jurnalist joriy yilning 16 iyunida O‘shning Qorasu tumanida hibsga olingan 20 yoshli Ibrohimjon va 16 yoshli Abdulatif Sobirovlarning vrach Qosim Jusupakmatov qotilligiga aloqadorlikda asossiz ayblanib, qamoqqa olinganini misol qilib keltirdi.

- Rossiya fuqaroligini olgan aka-uka Sobirovlar 2010 yilning iyunida O‘zbekistonda bo‘lganliklari sud tomonidan mutlaqo inobatga olinmadi. Bunday misollar juda ko‘p, lekin hibsga olinayotganlarning yaqinlari bosim ostida bu faktlarning ochiqlanishiga qarshi chiqmoqda. Qirg‘izistonda esa tergov bahonasida qirg‘izistonlik o‘zbeklardan shunchaki pul undirish davom etmoqda, deydi jurnalist Daniil Kislov.

Ma‘lum bo‘lishicha, 2010 yilning 2 dekabrida Jusupakmatov qotilligida ayblanib O‘sh shahri fuqarosi, ELTR televideniyesining yana bir operatori O‘ktamjon Sulaymonov allaqachon umrbod qamoq jazosiga mahkum qilingan.
XS
SM
MD
LG