Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:36

Toshkent Kollektiv xavfsizlik tashkilotidan yana chiqadi


O‘zbekiston prezidenti ko‘pdan beri KXShT oliy darajali yig‘inlariga bormay qo‘ygan.
O‘zbekiston prezidenti ko‘pdan beri KXShT oliy darajali yig‘inlariga bormay qo‘ygan.

O‘zbekiston hukumati yana bir bor Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan chiqish jarayonini boshladi. Toshkentning tashkilot kotibiyatiga bu haqda rasmiy nota yuborgani haqida xabarlarni KXShT rasmiysi Ozodlikka tasdiqladi.

“O‘zbekiston rasman KXShTdan chiqishi haqida bildirdi. KXShT kotibiyatiga bu haqda tegishli nota kelib tushdi”, dedi Ozodlik bilan suhbatda KXShT matbuot kotibi Vladimir Zayniddinov.

Ushbu rasmiyga ko‘ra¸ hozirda Toshkentning bu so‘rovi "o‘rganish bosqichi"da.

- Mazkur nota KXShT Bosh kotibi Nikolay Bordyuja nomiga yo‘llangan. Bordyuja esa¸ hozir ta‘tilda. Hozirda bizga yuborilgan hujjatlarga huquqiy jihatdan baho berilmoqda va a‘zo davlat rahbarlariga tegishli hisobot hozirlanmoqda¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda Zayniddinov.

Ayni paytda¸ Ozodlik manbalarining bildirishicha¸ bundan to‘rt kuncha oldin Moskvaga yo‘llangan Toshkent rasmiy notasida¸ "O‘zbekiston hukumati tomonidan ilgari surilgan aksar fikrlarning e‘tiborsiz qoldirilgani" yuzasidan e‘tiroz bildirilgan va ayni shu jihat tashkilot a‘zoligidan chiqish uchun asoslardan biri o‘laroq keltirilgan.

Bu nota haqida xabar tarqatgan Interfaks axborot agentligining Moskva diplomatik doiralaridagi manbasiga ko‘ra¸ keyingi yillarda O‘zbekistonning namoyishkorona tarzda tashkilot tadbirlarida ishtirok etishdan bosh tortib kelgani boshqa a‘zolar uchun qiyinchilik tug‘dirib kelgan.

“Buning oqibatida bir necha marta huquqiy-normativ bazani shoshilinch tarzda o‘zgatirishga to‘g‘ri kelgan”, deya ta‘kidlagan o‘zini ochiqlamagan Interfaks manbasi.

O‘zbekiston hukumatining KXShT ichidan turib¸ uning faoliyatini falaj qilib kelayotgani Rossiya va uning yetagidagi a‘zolar e‘tiroziga uchrab kelayotgan edi.

O‘z a‘zolik majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlab kelayotgan Toshkentni tashkilotdan chiqarish taklifi¸ anchadan beri yuqori siyosiy doiralarda muhokama qilinayotgan edi.

"Men Rossiya prezidentiga o‘z mulohazalarimni yo‘lladim¸ biz O‘zbekiston bo‘yicha qaror chiqarishimiz lozim. Chunki O‘zbekiston o‘ynayotgan uch tomonlama o‘yin uning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotida qolishiga izn bermaydi”¸ degan edi o‘tgan yilning 26 oktyabr kuni KXShT Parlament assambleyasi kengashi qatnashchilari oldida chiqish qilgan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenka.

“O‘zbekiston hozirga qadar KXShTning biror jiddiy hujjatini ratifikatsiya qilgan emas. Shu munosabat bilan men sizlardan bu masalani KXShT Parlament assambleyasi doirasida ko‘rib chiqish imkonini topishni so‘rayman”¸ deya izohlagan edi o‘z e‘tirozini Lukashenka jumladan.

“Bugungi dunyo nihoyatda beqaror bo‘lgani bois¸ bu masalada hazillashib bo‘lmaydi. O‘zbekiston bo‘yicha qat‘iy va bir yoqli qaror qabul qilish kerak. Biz hech kimni haydab chiqarayotganimiz yo‘q¸ ammo hamkorlik qilmoqchi bo‘lsangiz¸ marhamat qilib¸ KXShT qoidalariga amal qiling”¸ deya davom etdi o‘shanda o‘zi ham yaqinlargacha KXShT loyihalarini boykot qilib kelgan Belarus prezidenti.

"Hatto O‘zbekiston ham¸ oxir-oqibat KXShTsiz o‘z mustaqilligini saqlab qolish juda qiyin bo‘lishini anglab yetadi. Ammo bu O‘zbekistonning o‘z ishi va biz unga aralashmaymiz”¸ deya ogohlantirgan edi bunday ehtimol oqibatlaridan KXShT Parlament assambleyasi kengashi qatnashchilari oldida chiqish qilgan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenka.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Andijon voqealaridan keyin tug‘ilgan xalqaro bosim pasaygach¸ ayniqsa¸ 2009 yilning fevralida KXShT doirasida tezkor kuchlarni tuzishga doir shartnomani “o‘zgacha fikri” inobatga olinishi sharti bilan imzolaganidan beri¸ Moskva yetagidagi bu tashkilot yig‘inlarini e‘tiborsiz qoldirib keladi.

Ayni paytda¸ Vladimir Putin Rossiya prezidentligiga qaytgach¸ KXShT tuzilganining 20 yilligi Moskvada bayram qilindi va bu tantanali tadbirda Islom Karimov ham ishtirok etdi.

Aksar kuzatuvchilar¸ Putinning qaytishi Moskva NATO ga raqib sifatida tashkil etgan bu mintaqaviy xavfsizlik tashkilotidagi O‘zbekiston roli faollashishiga turtki bo‘lishini taxmin qilayotgan edi.

O‘zbekiston Kollektiv xavfsizlik tashkilotiga 2006 yilda, 2005 yilning 13 may kuni Andijonda yuz bergan qonli voqealaridan keyin xalqaro hamjamit tomonidan bosimga uchrab¸ Rossiya panohiga qaytgan paytda qayta qo‘shildi.

Undan avval 1992 yilda Toshkentdagi yig‘inda tuzilgan mazkur tashkilotdan O‘zbekiston 1999 yilda chiqqan edi.

KXShTga O‘zbekistondan tashqari Armaniston, Belarus, Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston kiradi.
XS
SM
MD
LG