Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:04

Ortiqcha pulingizni qanday valyutada saqlaysiz?


2012 yilning 1 iyul kuni o‘zbek milliy valyutasi - so‘m muomalaga kiritilganiga 18 yil to‘ldi. Mutaxassislarga ko‘ra¸ o‘tgan davr mobaynida so‘m o‘z qadrini qariyb 500 martaga yo‘qotgan.

1994 yilda bir AQSh dollari olti so‘mga almashtirilgan bo‘lsa, 2012 yilning 1 iyuliga kelib bir dollar “qora bozorda” 2,900 so‘m atrofida almashtirilmoqda.

O‘zbekiston Markaziy banki kursi bo‘yicha bir AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursi 1884.75 so‘mni tashkil etmoqda.

O‘zbekistonda uylar, avtomobillar, do‘konlar, katta miqdordagi mahsulotlar, tijorat mollari, qimmat narsalar erkin muomaladagi valyuta, asosan, dollarga sotiladi.

Kundalik ehtiyojidan ko‘p so‘m topgan o‘zbekistonliklar pulni qanday saqlayotganlarini bilish maqsadida "Hafta savoli" ruknining bugungi sonida respondentlarga “Ortiqcha pulingizni qanday valyutada saqlaysiz?” degan savol bilan murojaat qildik.

Madina, tadbirkor:


- Faqat dollarda saqlayman. So‘mda saqlashni tasavvur ham qilolmayman. Chunki kundan kun so‘m qadrsizlanayapti, yana qanday izohlash mumkin buni? Mana men savdodaman. Bugun tushgan savdomning pulini ertagacha yoki indingacha saqlashga qo‘rqaman. Odamlar saqlab bankrotlarga tushgan.

Esingizdami¸ 1998 yilda dollar qanaqa o‘ynagani? O‘shanda Rossiyada ham o‘ynadi, o‘zimizda ham o‘ynadi. 170 nechchi so‘mda yurgan ahvolidan dollar 500 nechchi so‘mga ko‘tarilib ketdi. Qancha biznesmenlarimiz bankrot bo‘lib ketdi. Ancha krutoy biznesmenlar sinib ketdi. Bugun qilingan savdoning puli juda uzoq bo‘lsa ertagacha yoki indingacha saqlanishi mumkin. Bir-ikki so‘m o‘ynab turganiga nima qilinmaydi. Bugun 5-10 so‘mga qimmatlabdi¸ deb o‘tirilmaydi. Shartta olinadi. Bo‘lmasa biznesmen yutqazib qoladi. Qo‘rqaman pulimni so‘mda saqlashga.

Mahbuba, farmatsevt:


- So‘m yaxshi. Biz ishimizni so‘mga oborot qilamiz doim. Ortiqcha pulimiz bo‘lsa, so‘m bo‘lib turaveradi. Bizlar dollarga aylantirmaymiz. Dollarlik ishimiz yo‘q bizning. Qayoqqa borsang ham baribir o‘zingning so‘mingni so‘raydi bu yerda. Mebel olishga borsak ham bir xil magazinlarda “Dollar olasizlarmi” desak, “Yo‘q so‘mga aylantirib kelinglar. Biz so‘mda olamiz pulni” deyishdi. Hamma joyda so‘m o‘tgandan keyin bizlarga so‘m qulayda. Dollarni endi tijoratchilar, chet elga chiqadiganlar ishlatsa yaxshi ularga. Biz faqat o‘zimizning ichki bozorda savdo qilganimiz uchun so‘m bizga qulay. Hozircha ortiqcha pul yo‘q. Bo‘lsa, kerakli biror buyumni olib qo‘yamiz.

Ibrohim, pensioner:


- Avvalo men shu kecha-kunduzda o‘ylab qarasam hali ortiqcha pul haqida o‘ylashga ancha yoshlik qilarkanman. O‘zbekistondagi joriy ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib. Hozir oilamning zaruriy ehtiyojlari uchun o‘zimizning milliy so‘mda yetarli pul topa olsam ham Xudoga shukur qilayapman. Masalan tirikchilik, daromad bitta to‘lanadigan pensiya hisobidan bo‘layotgandan kelib chiqiladigan bo‘lsa, mabodo Olloh bir imkoniyat berib, ortiqcha pulim bo‘lgan taqdirda ham dollarda saqlash men uchun ma‘qulroq. Nimaga deganda hozir O‘zbekistonning milliy so‘miga ishonch yo‘q. Bugungi 1000 so‘m ertaga bugungiday kuchga ega bo‘lmayapti. Shunday bo‘lgach, quruq qog‘ozni yig‘ib qo‘yishning nima keragi bor.

Sanjarali Imomov, dramaturg:


- Mustaqil O‘zbekistonning so‘mini hech narsaga almashtirmayman, desam qip-qizil aldoqchilik, muttahamlik qilgan bo‘laman. Tilyog‘lamalik qilgan bo‘laman. El qatori, to‘g‘ri kelsa dollar, to‘g‘ri kelsa mol olib qo‘yaman. Nima qilib ushasam ushayman, har holda so‘m saqlamayman. Pasayib ketyapti degan so‘z, qadri borku o‘zi pasayib ketyapti degan bo‘lamiz. So‘mning mutlaqo qadri bo‘lmaganidan keyin tushunarliku. Ellikka borgan odamga emas, 13 yoshli bolaga so‘mni saqlaysanmi desangiz, esimmi yebmanmi, deydi. Chunki 13 yashar bola ham so‘mning qadri allaqachon qolmaganini biladi.

Parkent tuman IIB xodimi:


- Aka¸ bu savolga javob o‘ylab ko‘rganimiz yo‘q. O‘ylab ko‘rsak bir javobini berarmiz. Maylimi? Hozir xizmatda edik. Liniyamiz juda band bo‘lib ketdi. Juda ko‘p odamlar bizga aloqaga chiqyapti. Uzr, lekin.

Ominaxon - tikuvchi:


- Topgan pulimni so‘mda saqlayman. So‘mda saqlashning yaxshi tarafi qachon pul kerak bo‘lsa, olib ishlataverasiz. Dollarni qachoon alishtiraman. Bizani sharoitda so‘m ishlatish qulay. Masalan, bozordan narsa sotib olishda ham so‘m qulay. Plastik kartochka hozir unchalik ishlatilmayapti. Bankomatlar yo‘q. Xom-ashyoni ham faqat so‘mda olib, mahsulotimizni so‘mga sotamiz. Shuning uchun so‘mni ishlatish bizga qulay. Shu sababli topgan pulimning hammasini so‘mda saqlayman. Asosan so‘m ishlataman.

Islombek, Moskva:


- Endi o‘zbek pulida saqlayman desa, hamma kulib yuborsa kerak hozir o‘sha yerda o‘tirganlarning o‘zi ham. Bu bo‘lmagan narsa. O‘zbek valyutasi ham o‘ziga xos valyuta hisoblanadi O‘zbekiston ichida. Ortiqcha pulga yer olib qo‘yganman. Rossiyada yer masalasi juda kuchli. Moskva kengaytirilayaptiyu Moskva oblastiga qarab. Shuning uchun hozir Moskva oblasti tomonlarda 1-2 million rubl turgan uchastkalar 2 yilning ichida kamida 10-12 millionga chiqib ketadi. Pul yig‘may yer olaman.

Mavluda, Surxondaryo:


- Men birinchi guruh nogironiman. Vaqti-vaqti bilan 5-6 oyda davolanib turaman. Hozir o‘qiyman. Masalan hozir hammaga ma‘lum ba‘zi bir talabalar darsini pulga qildiradi, o‘zlari dars qilmaydi. O‘shalarning darsini qilaman, nafaqam bor. Xullas qo‘limdan keladigan o‘shanga o‘xshagan ishlarni qilaman. Uydagilardan hech qachon pul so‘ramaganman. Sog‘lig‘imga kerak bo‘lgani uchun yonimda 500 mingdan 5 million so‘mgacha ortiqcha pul saqlab yurishimga to‘g‘ri keladi. Agar katta pulim bo‘lsa, AQSh dollarida saqlab qo‘ygan bo‘lardim. Chunki hozir hech narsaga ishonch yo‘q. AQSh dollari hech qachon o‘lmaydi. Masalan hozirgi kunda mashina olish ehtiyojim bo‘lmagani uchun AQSh dollarida saqlab qo‘ygan bo‘lardim. Hozir AQSh dollari ko‘tarilib ketayapti so‘m qadrsizlanib. Shu narsalarni o‘ylab ham eng yaxshisi AQSh dollari.

Farruh, Toshkentdagi biznes markazi xodimi:


- Men uchun qanday valyutada saqlashning farqi yo‘q. So‘m ham¸ dollar ham pul. O‘zbekistonda so‘m. Bir tomondan so‘m yaxshi. Mening saqlaydigan pulim yo‘q. Uylanmagan bo‘ydoq bo‘lsam ham rasxod ko‘p. Bilmadim.

Laziz, Istanbul, oshpaz:


- Turk lirasini dollarga aylantiraman. Undan keyin O‘zbekistonga jo‘nataman. U yerdan dollar qilib oladi. Oylik olganimda jo‘nataman. Buni men kissamda yoki bankada saqlamayman. Men birdan O‘zbekistonga jo‘nataman, ota-onam oladi. Vaziyatga qarab 400 dollar bazan 500 dollar ham jo‘nataman. Bir xilda umuman bo‘lmaydi. O‘rta hisobda oyiga 450 dollarga to‘g‘ri keladi. Bizlarning oilamiz katta. O‘zbekistonda savdo qilamiz. Magazinimiz bor. Mashina olamiz, uy solamiz, pul saqlamaymiz, o‘zbekchilikni bilasiz endi.

Hurmatli mushtariy, Siz ham "Hafta savoli"ga javob yozmoqchi yoki shu mavzuda ma‘lumot bermoqchi bo‘lsangiz "Sharhlar" tugmachasini bosib, fikr-mulohazalaringizni yozib qoldirishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG