Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:29

Muhojirlar orasida SPID ko‘paymoqda


Toshkentdagi Ekspert ishchi guruhi Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari orasida OITS (Orttirilgan Immunitet Tanqisligi Sindromi - tahr.) xavfi jiddiyligiga e‘tibor qaratishga chaqirdi.

Rossiyada mehnat qilayotgan muhojirlar orasida pala-partish jinsiy aloqada bo‘lish oqibatida turli yuqumli kasalliklar, jumladan, OITSga chalinish holatlari ko‘payib bormoqda.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan Sankt-Peterburgda to‘rt yildan buyon mehnat qilayotgan samarqandlik Mamatqul akaga ko‘ra, o‘zbek muhojirlari o‘zlari ommaviy yashayotgan uylarga fohisha ayollarni olib kelib, ular bilan jinsiy aloqada bo‘ladilar.

Mamatqul aka o‘zi guvohi bo‘lgan holatlardan kelib chiqib aytishicha, bunday paytlarda erkaklar deyarli prezervativdan foydalanmasdan jinsiy aloqa qiladi.

- Asosan brigada bo‘lib ishlashadi va yashashadi. Ko‘chadan suyuqoyoq bir ayolni olib kelishadi. Bir qancha odam yashaydigan joydagi sharoitni o‘zingiz tasavvur qilavering. 2-3 kishidir, 5-6 kishidir o‘sha ayol bilan birga bo‘lishadi. Endi o‘shanda mast holatda bo‘lsa, barchasi bo‘lmasa ham ikkitasi bo‘lar, uchtasi bo‘lar. Bo‘lishi mumkin bu narsa. Aynan o‘sha ayol yuqtirishi mumkin. Undan keyin bu paytda ular saqlanmaydi. Prezervativmi, boshqasimi sotiladi aptekada. Lekin o‘zimizdan kelganlar mutlaqo saqlanmaydi, deydi suhbatdosh.

Mamatqul akaning aytishicha, shu kabi holatlar natijasida erkaklarda jinsiy kasalliklar yuqtirish holatlari ham uchrab turadi.

- Zaxm yoki boshqa narsa yuqqaniga eshitganlarim bor. O‘tgan yil bir vrach biz bilan birga turgan edi. Shunga o‘zimizning bir nechta o‘zbeklar murojaat qilganda. Ikki kishini bilaman. Jinsiy aloqa paytida foydalanmagan. Aynan mana shu narsadan yuqadi. O‘sha doktor aytdida. O‘zbeklarning 10tadan 2-3tasi foydalanmasa, boshqa foydalanmaydi, dedi, deydi Mamatqul aka.

Sankt-Peterburg shahridagi Iste‘mol nazorati xizmati epidemiologiya bo‘limidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, o‘tgan yili 180 ming mehnat muhojiri tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan bo‘lib, ulardan 120 nafarida OITS aniqlangan.

Mehnat muhojirlari orasida OITS xavfi borasida o‘rganayotgan Toshkentdagi ekspert ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilovga ko‘ra, keyingi paytda Rossiyada o‘zbek muhojirlari orasida OITS aniqlanish holatlari ko‘paymoqda.

- Yaqindagina berilgan intervyulardan birida Rossiyaning Zakarpate regioni bo‘yicha VICh/OITSning oldini olish meditsina markazining boshlig‘i gapirib turib aytdiki, aynan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari orasida VICh/OITS kasalliklari ko‘pligi kuzatilmoqda. 2012 yil mart oyida O‘zbekiston hukumati BMTning maxsus dasturiga o‘zining mana shu holat bo‘yicha oxirgi hisobotini topshirdi. Eng oxirgi rasmiy hisobotda aytilayaptiki, hozirgi kungacha O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan 21 mingdan ortiqroq VICh va OITS holatlari aniqlangan ekan. Lekin O‘zbekistonda statistika qanaqa yuritilishini nazarda tutgan holda biz o‘ylaymikzi, bu anchagina sun‘iy ravishda pasaytirilgan ma‘lumot bo‘lsa kerak. Aslida bu son anchagina yuqori bo‘lishi mumkin, deydi huquq faoli.

Ismoilov mehnat muhojirlari bilan bog‘liq vaziyat jiddiyligini aytib, bu holatga O‘zbekiston hukumati e‘tibor qaratishi zarur¸ degan fikrni bildiradi.

- Birinchi navbatda¸ biz hukumatning VICh va OITSning oldini olish va bu kasalliklar bilan allaqachon og‘rigan kishilarga meditsina yordamini ko‘rsatish siyosatining hozirgi kundagi mavjud dasturlarni tahlil qilib ko‘rib shu xulosaga keldikki, barcha mavjud dasturlarda eng katta risk guruhlariga kiruvchi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari tushib qolayapti. Mehnat muhojiri O‘zbekistondan chiqib ketish asnosida, O‘zbekistonga qaytib kelish asnosida umuman meditsina ko‘rigidan o‘tkazilmaydi. O‘zbekiston hukumati iddao qilayaptiki, 2005 yildan beri O‘zbekistonda aholining sog‘lig‘ini himoya qilish vazirligi qoshida maxsus nazorat idorasi faoliyat yuritayotgan ekan. Ana shu nazorat idorasi faqat VICh va OITS masalasining oldini olish bo‘yicha aholining tanlangan guruhlari orasida muntazam ravishda ko‘riklar o‘tkazib turarkan. Lekin bizning tahlilimiz shuni ko‘rsatdiki, hatto mana shu maxsus nazorat idorasi ham mehnat muhojirlarini ham umuman esdan chiqarib qo‘yayapti, deydi Suhrob Ismoilov.

Toshkentdagi Ekspert ishchi guruhi tomonidan yoyinlangan ma‘lumotnomada, vaziyatning jiddiyligi bois O‘zbekistonda “Tashqi mehnat migratsiyasi bo‘yicha” qonun qabul qilib, unda muhojirlar o‘rtasidagi OITS holatlariga alohida e‘tibor qaratish zarurligini ta‘kidlaydi.

Guruh fikricha, mehnat muhojirlari orasida kasalllik haqida tushuntirish berish, muhojirlarni O‘zbekistondan ketayotgan va kelayotganda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish zarur.
XS
SM
MD
LG