Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:26

Oliygohga kirishga talabgorlar ko‘paymoqda


Bu yoz O‘zbekiston oliygohlari hovlisi o‘tgan yildagidan ham gavjumroq bo‘lishi kutilmoqda.
Bu yoz O‘zbekiston oliygohlari hovlisi o‘tgan yildagidan ham gavjumroq bo‘lishi kutilmoqda.

Bu yil O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlariga, taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 450 mingdan ziyod abituriyent hujjat topshirishi mumkin. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yildagidan taqriban 10 foizga ko‘proqdir.

Ayni paytda mamlakatdagi ayrim oliygohlarga shu kungacha o‘tgan yildagidan ikki barobar ko‘p abituriyent hujjat topshirgani aytilmoqda. Bunday holat, xususan, Qodiriy nomidagi Jizzax Davlat pedagogika institutida ham kuzatilayapti.

- Qabul o‘tgan yilga nisbatan ancha yuqori. Kechagi ma‘lumotga qaraydigan bo‘lsak, o‘tgan yil shu kungacha 3879 nafar abituriyent hujjat topshirgan ekan, hozirgi kunda esa ular soni 6355 nafar, - dedi JDPI qabul komissiyasi statisti Furqat Ahmedov.

Shu kunda O‘zbekistonda 57 ta oliy o‘quv yurti abituriyentlardan hujjat qabul qilinmoqda. 1 oy davom etadigan hujjat qabul qilish jarayoni aksar oliygohlarda 20 iyulda yakuniga yetadi. 1 avgustga belgilangan test sinovlarida (o‘tgan yili sinov kuni bir kunga kechiktirilgandi) abituriyentlar uchta predmet bo‘yicha 108 ta savolga javob berishlari, to‘g‘ri javobni esa har bir savol ostidagi to‘rt variantdan birini tanlash orqali belgilashlari lozim bo‘ladi.

Oliygohlardagi qabul komissiyalari a‘zolari bu yil ham abituriyentlarning test sinoviga shpargalka va uyali telefon olib kirishi bo‘yicha qattiq nazorat qilinishini, bundaylar sinovga qo‘yilmasligini aytmoqdalar. Ayni paytda qabul komissiyasiga topshirilgan hujjatlarda soxtaliklar bo‘lsa ham abituriyent sinovga qo‘yilmaydi. Agar bunday qonunbuzarlik abituriyent testni topshirib, talabalik hujjatini qo‘lga kiritganidan so‘ng aniqlansa, u o‘qishdan haydaladi, buning ustiga soxta hujjat taqdim qilgan kishining ishi prokuraturaga oshirilishi aytilmoqda.

JDPI qabul komissiyasi statisti Furqat Ahmedovga ko‘ra, harbiy xizmatni o‘tab kelgan yoshlar bu yil ham oliygohlarga kirish chog‘ida imtiyozlardan foydalanishlari mumkin (bu haqda qariyb bir oy avval Ozodlik maxsus lavha tayyorlagandi).

- Bundan tashqari, ko‘zi ojizlar, yetimlar, respublika bo‘yicha ijodiy yoki sport musobaqalari g‘oliblari, fan olimpiadalari g‘oliblariga imtiyozlar berilishi belgilangan, - der ekan Furqat Ahmedov hatto o‘tgan yili olimpiada g‘olibi bo‘lgan abituriyentlar ham bu imtiyozlardan foydalana olmasligini, faqat bu yilgi natijalar e‘tiborga olinishini qayd etdi.

2012-2013 o‘quv yilida O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari bakalavriatga 56607 nafar (9340 nafari davlat granti asosida, 37267 nafari esa), magistraturaga esa 6300 nafar kishi (1566 nafari davlat granti asosida, 4734 nafari esa shartnoma asosida) qabul qilinishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayoni 1992 yildan boshlab test sinovi asosida amalga oshirilmoqda.

Sinov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi qoshidagi Davlat test markazi tomonidan tashkil etiladi va o‘tkaziladi.
XS
SM
MD
LG