Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:56

O‘shda hukumatdan uy olganlarning hujjatida kamchiliklar aniqlanmoqda


Iyun voqealarida jabrlangan o‘shliklar uchun qurilgan ko‘p qavatli uylardan biri.
Iyun voqealarida jabrlangan o‘shliklar uchun qurilgan ko‘p qavatli uylardan biri.

O‘sh voqealari chog‘ida uysiz qolgani vajidan hukumatdan kvartira olgan o‘nga yaqin odam yangi uylaridan chiqarilishi mumkin.

Rasmiylarga ko‘ra, bu fuqarolarning uy olish uchun yiqqan hujjatlarida kamchiliklar aniqlangan. Biroq uy olganlar O‘sh voqealari chog‘ida chindan ham jabr ko‘rganlarini va uydan chiqarish harakatlari ulardan pul undirish maqsadida qilinayotganini aytishmoqda.

Altinay Gaziyeva O‘sh voqealari chog‘ida jabrlanganlar uchun qurilgan yangi uyda yashayotganiga 4 oydan ko‘proq bo‘ldi, biroq tovon sifatida berilgan bu uyni endilikda davlat qaytarib olmoqchi:

- “Sizga uy noto‘g‘ri berilgan ekan, siz iyun voqealarida jabr ko‘rgan emas ekansiz”, deb deyishayapti. Biroq iyun voqealarida mening uyim jabr ko‘rgan. Hujjatlarim barchasi to‘g‘ri, komissiya xulosasi bilan “uy berilsin”, deb qaror chiqarilgan. O‘murbek Babanov shaxsan kelib kalit bilan sertifikat topshirgan. Men bu uydan chiqa olmayman, sababi ikki bolam bor, kuyovim yo‘q. Avariya holatidagi uyimga esa qaytmayman, - dedi Altinay.

O‘shlik Altinay Gaziyeva.
O‘shlik Altinay Gaziyeva.
Uning aytishicha, 2010 yil voqealari chog‘ida noma‘lum odamlar uning uyini vayron qilib, buyumlarini o‘g‘irlab ketishgan. Yosh bolalari bilan avariya holatidagi uyida yashay olmay, hukumatga arz yozgan. Eski uyini esa yangi uy o‘rniga davlatga topshirgan.

- Yurist “o‘lmagansizlar, kuymagansizlar” deyapti. Albatta o‘lish yoki kuyish kerakmidi? Bu yerda boshqa jabr ko‘rganlar ham bor, faqat o‘lgan va kuyganlar emas. Biz boshqarmaga mulkimizni berayapmiz. Tinch yashagan uyimizni birovlar buzib ketsa, iblislar vayron qilib ketsa, biz qanday qilib indamay o‘tiramiz? Rahmat deyishimiz kerakmi? Yo‘q, biz oxirigacha boramiz, - dedi Altinay.

O‘sh va Jalolobodni qayta tiklash davlat direktsiyasi tomonidan O‘shdagi “Anar” mavzeida qurilgan 40 xonadonli mazkur uyda Altinay kabi uyidan chiqarilishi mumkin bo‘lgan yana 3-4 oila bor. 2010 yil iyunidagi voqealardan keyin qurilgan boshqa ko‘p qavatli uylarning yashovchilari hujjatlarida ham muammolar paydo bo‘lmoqda.

- “Uydan chiqinglar”, deb ochiq aytishmadi. Biroq uyga izlab kelishdi. Biz ko‘pincha ishda bo‘lamiz, buni bolalar aytishdi. Shuning uchun hozircha qanday masalada kelishganini aniq bilmayapmiz. “Hujjatlaringlarni olib, yuristga boringlar”, debdi. Nimaga kelishgani keyin ma‘lum bo‘ladi, - dedi O‘sh voqealari chog‘ida jabrlanganlar uchun qurilmish uylardan birini olgan ayol.

O‘sh viloyat munitsipial xizmat boshqarmasi esa bu kishilarni uydan chiqarish yoki chiqarmaslik masalasini sud hal qilishini aytmoqda.

Munitsipial xizmat boshqarmasi yuristi Qadir Yo‘ldo‘shbayev uy egalarining hujjatlarida kamchiliklarga uy olish jarayonida yo‘l qo‘yilganini aytadi:

- Hujjat qabul qilgan odamlar tomonidanmi - xullas, qandaydir kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Fuqarolarimiz tarafidan hukumat qarorida ko‘rsatilgan talablar to‘laligicha bajarilmagan, kamchiliklar ko‘p. Lekin bularning qonuniy yoki qonuniymasligini faqat sud ayta oladi. Lekin “noto‘g‘ri berilgan” degan mulohaza bilan bu ishlar qilinayapti. Hozirgi kunda besh odamning hujjati fuqaroviy tartibda sudga ketayati. Yana jinoyat ishlari bo‘yicha ham beshta ish bor, - dedi Qadir Yo‘ldo‘shbayev.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘sh shahrida 573 xonadondan iborat 11 ta ko‘p qavatli uy 2010 yili O‘sh voqealaridan jabr ko‘rganlarga, kuch ishlatar idoralari xodimlari va nogironlarga berilmoqda.
XS
SM
MD
LG