Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:37

O‘zbekistonda paxta plani bajarildi


O‘zbekistonda, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 3,35 million tonna paxta terib olingani aytilmoqda. Hosilning 90 foizi oliy navli paxtadir.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning bu haqdagi bayonoti hamda uning paxtakorlarga yo‘llagan tabrigi 20 oktyabr kuni rasmiy matbuotda e‘lon qilindi.

“Paxtachilik sohasida joriy yilda 3 million 350 ming tonnadan ziyod yuksak xirmon bunyod etib, katta mehnat g‘alabasiga erishganimiz, hech shubhasiz, hammamizga chuqur mamnuniyat yetkazadi. Bu g‘alabaning osonlik bilan emas, o‘ta og‘ir sharoitda, mashaqqatli mehnat va fidoyilik hisobidan qo‘lga kiritilgani uning mohiyati va ahamiyatini, qadr-qimmatini yanada oshiradi va barchamizni ruhlantiradi”, - deb bildirdi Karimov o‘z tabrigida.

Karimov paxtakorlarni erishgan zafarlari bilan qutlar ekan, bu yil paxta hosildorligi o‘rtacha 26,5 tsentnerni tashkil etib, 5 yillik o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 1,6 tsentnerga oshgani, yetishtirilgan hosilning yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmasdan, g‘oyat qisqa muddatda – 35 ish kunida yig‘ib-terib olingani, uning 90 foizi yuksak sifat bilan yuqori sortlarga topshirilganini ta‘kidladi.

O‘tgan yili O‘zbekistonda paxta hosili 3,5 million tonnanini tashkil etgan edi.

Jahon bozorida paxta narxi oshgani tufayli O‘zbekistonning bu yil paxta eksportidan ko‘proq daromad ko‘rishi kutilayapti.

Dunyoning eng yirik paxta yetishtiruvchilaridan hisoblangan O‘zbekistonda har yili 3 million tonnadan ziyod paxta hosili olinadi, 1 million tonnadan ortiq tola ishlab chiqariladi.

Paxtadan kelgan daromad 1 milliard 365 million dollarni tashkil etgan.

O‘zbekistonning asosiy haridorlari Xitoy, Bangladesh, Eron, Pokiston va Rossiyadir. G‘arbning yetakchi to‘qimachilik korxonalari O‘zbekistonda paxta yetishtirishda bolalar mehnatidan foydalanilishi bois bu mamlakat paxtasiga boykot e‘lon qilgan.

Bu yil O‘zbekistonda har yildagidan farqli o‘rta maktablar yopilmadi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi matbuot xizmati mamlakatda bolalar mehnatidan foydalanish hollari uchun qattiq jazolo berilishini ma‘lum qilgandi.

Shu bois bu yil bolalar o‘rniga ko‘proq ishchi-xizmatchilar paxta terishga yoppasiga majburlandi. Shuningdek, huquq faollari hukumat taqiqlariga qaramay, ayrim viloyatlarda bolalar o‘qishdan keyin paxtaga chiqarilgani xollari ham kuzatilganini aytishgan.

Londondagi "Sleyveri Interneyshnl" tashkiloti "O‘zbekiston paxta dalalaridagi haqiqiy ahvolni o‘rganishning yagona yo‘li, bu - xalqaro kuzatuvchilarning monitoring olib borishiga ruxsat berishdir", deb bildirgan.

Hozir O‘zbekistonda qishloq-xo‘jaligi sohasida sovet davridan an‘ana bo‘lib qolgan ma‘muriy-buyruqbozlik usuli, "paxta planini bajarish" usuli meros bo‘lib qolgan.

"Garchi O‘zbekistonda Sovet davrida qo‘shib yozishlar Moskvaning bosimi ostida ro‘y bergani aytib kelinsa-da, mustaqil O‘zbekistonning rahbarlari 1991 yildan keyin ham mamlakatdagi paxta siyosatini mohiyatan o‘zgartirmaganlar", deydi kuzatuvchilar.
XS
SM
MD
LG