Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:53

"Bunyodkor" o‘yinchilari haqlarini to‘la ololmayapti


“Bunyodkor” futbol klubi o‘z o‘yinchilari oldida kontraktda belgilangan majburiyatlarni to‘la bajarmayapti. Bir paytlar dunyoning eng qimmat trenerini yollashga qurbi yetgan “Bunyodkor” jamoasining bir necha futbolchisi Ozodlikka murojaat qilib, shartnomada ko‘rsatilgan to‘lovlarning bir qismini ololmayotganlaridan shikoyat qildi.

“Bunyodkor” klubi ijrochi direktori Baxtiyor Boboyev Ozodlik bilan suhbatda klub rahbariyati va futbolchilar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelganini tasdiqladi, lekin o‘yinchilar oldida klubning qarzlari yo‘qligini ta‘kidladi.

“Bunyodkor” futbol jamoasining bir guruh o‘yinchilari Ozodlikka murojaat qilib, shartnomada ko‘zlangan to‘lovlarni ololmayotganidan shikoyat qilishdi.

Ozodlik bilan ovozi efirga berilmasligi sharti bilan gaplashgan futbolchilarning aytishicha, bu yerda gap bir necha yuz million so‘m haqida ketmoqda. Ma‘lum bo‘lishicha, klub rahbariyati va o‘yinchilar o‘rtasidagi kelishmovchilik bir necha oydan beri davom etmoqda.


O‘yinchilarni xafa qilib qo‘yganimiz yo‘q!


“Shartnomaga ko‘ra, oylik va mukofotlardan tashqari bonuslar bor, ya‘ni yaxshi o‘yinga hissa qo‘shgani uchun qo‘shimcha rag‘bat to‘lovlari bo‘lishi kerak. Avvalgi yillar bu pullar vaqtida berilgan, lekin bu yil biror marta ham to‘lanmadi”, deydi “Bunyodkor” o‘yinchisi.

Ayni paytda, futbolchilarning aytishlaricha, ularning oyliklari va mukofotlari berilmoqda va gap faqatgina qo‘shimcha bonuslar haqida ketmoqda. Ularning aytishicha, “Bunyodkor” klubi bosh direktori Bahrom Davlatov va jamoaning asosiy homiysi “Uztransgaz” shirkati vitse-prezidenti Xusniddin Husanov bonus pullarining berilmayotganini futbolchilar so‘nggi mavsumda yaxshi o‘yin ko‘rsata olmagani, jamoa a‘zolariga to‘lanadigan haq uchun ajratilgan mablag‘ esa to‘la sarflab bo‘lingani bilan izohlagan.

Haqiqatan “Bunyodkor” o‘tgan mavsumda O‘zbekiston chempionatida birinchilikni qo‘lga kirita olmadi. Osiyo chempionlar ligasining yarim finalida Janubiy-Koreyaning “Ulsan Xyonday” jamosiga yutqazib qo‘ydi.

“Lekin shartnomada bonuslar o‘yinga hissa qo‘shganlik uchun to‘lanishi aniq-tiniq aytib qo‘yilgan”, deydi ismi sir qolishini istagan futbolchi.

“Bunyodkor” futbol klubining ijrochi direktori Baxtiyor Boboyev, Ozodlik bilan suhbatda, bir paytlar dunyoning eng qimmat trenerni yiliga 25 million AQSh dollari haq to‘lab yollashga qurbi yetgan jamoada kelishmovchiliklar yuzaga kelganini e‘tirof etdi. Lekin futbolchilar ilgari surayotgan da‘volar asossiz, deydi suhbatdoshimiz.

- Bu masala bo‘yicha nimada..., nima deydi..., qarzimiz yo‘q desa ham bo‘ladi. Endi shunaqa nima qilinganki, o‘sha bonuslar, nimalar za vipolneniye zadachov deyilganda. Hozir bolalarga oylikdan, premiyelardan qarzimiz yo‘q. Kecha o‘yinda yutdik, qarzimiz bor. Oyliklar, nimadan qarzimiz yo‘q. Ammo kontrakt bo‘yicha za vipolneniye zadacha deyilganda. Masalan chempion bo‘lsak, bonus olasizlar, kubokni olsak, bonus olasizlar, Chempionlar ligasida za udachnoye vistupleniye ligi chempionov degan joyi bor. O‘sha narsaga to‘lanadigan narsani so‘rayaptida bolalar sizlardan.


Vazifani bajarishmi, hissa qo‘shish uchunmi?


Shu bilan birga, Bahrom Boboyev o‘yinchilar shartnomalarida, qo‘shimcha rag‘bat bonusi vazifani bajarish uchun emas, o‘yinda hissa qo‘shgani uchun to‘lanadi, deb yozilganini tan oldi. Lekin bonus to‘lash yoki to‘lamaslik qarori klub ixtiyorida qoladi, deydi “Bunyodkor” ijrochi direktori.

- Kontraktda za vklad deyilgan. Kontraktda punkti ham borda. Klub platit neplatit klubning nimasiga, za vklad degan joyi bor. Komanda siz aytganday butun dunëga mashhur komanda. Birinchi titul bo‘lishi kerak, chempion bo‘lishi kerak edi. Ikkinchi zadachamiz O‘zbekiston kubogini yutish. Bizda finalga chiqsak, ikkinchi o‘rinni olsak degan joyi yo‘q. Bizning jamoa doim birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak. Shunaqa qo‘yilgan. Uchinchi zadachamiz liga chempionovda udachnoye vistupleniye ligi chempionov. Liga chempionovda udachniy vistupleniye qildik. Uchta zadachadan bittasini bajarganmiz. Hozir kubok o‘yini qolayapti. Kubok o‘yini Xudo xohlasa normalniy bo‘ladigan bo‘lsa, hech qanaqa problema bo‘lmaydi. V lyubom sluchaye, albatta to‘laymiz degan joyi yo‘qda,- deydi Bahrom Boboyev.

“Bunyodkor” jamoasi futbolchilari maosh va mukofot pullarini qo‘shib sanaganda oyliklari anchaga boradi, ularning noroziligi sababini tushinish qiyin, deydi yana suhbatdoshimiz.

- Yo‘q, o‘yinchilar xafa bo‘lmagan u darajada. Oyligi, premiyesi normalniy. O‘zbekiston uchun normalniy nima olishadi bolalar hammasi,- deydi “Bunyodkor” klubi rahbari.

Shaxsi sir qolishini so‘rgan futbolchilarning aytishlaricha, har bir o‘yinchi shartnmoa imzolagan paytda, oylikdan tashqari ana shu bonuslar to‘lanishini komandada o‘ynash uchun rag‘bat sifatida ko‘radi. “Agar bu arzimagan pul bo‘lganida murojaat qilmas edik”, demoqda futbolchilar.

Ular “Bunyodkor” klubi rahbariyatiga bir necha marta murojaat qilib, haqlarini undira olmagach, O‘zbekiston Futbol federatsiyasiga arz qilganini aytishmoqda.

“Lekin, O‘zbekistondagi qonun-qoidalarga ko‘ra, Futbol federatsiyasi bizning haqimizni himoya qila olmasligi ma‘lum bo‘ldi. Sudga murojaat qilishni ham o‘ylab ko‘rdik, lekin bundan biror natijaga erisha olishimizga ham ishonch yo‘q”, dedi futbolchilardan biri.

Shundan keyin ma‘lum bo‘lishicha, 15 noyabr kuni futbolchilar norozilik tarzida, grafik bo‘yicha mashg‘ulotga chiqishdan bosh tortgan. Jamoaning bosh murabbiysi Mirjalol Qosimov shogirdlaridan alohida iltimos qilgachgina, o‘yinchilar ikki soat kechikib, mashg‘ulot boshlagan.


"Bunyodkor"ning oltin davri


“Bunyodkor” futbol jamoasi 2005 yilda, sobiq “Zeromaks” shirkati tarkibidagi “Neftgazmontaj” korxonasi moliyaviy ko‘magida “Quruvchi” nomi bilan tuzilgan. 2007 yildan beri oliy ligada o‘ynay boshlagan “Quruvchi”ga 2008 yilda “Bunyodkor” nomi berildi.

“Bunyodkor” jamoasi eng yaxshi o‘yin ko‘rsatib, yuqori natijalarga erishgan davr klubga sobiq “Zeromaks” shirkati homiylik qilgan paytga to‘g‘ri keladi.

O‘shanda “Bunyodkor” klubi dunyodagi eng qimmat trenerni yollagani bilan tanildi. 2009 yilda braziliyalik mashhur murabbiy Luis Filipe Skolari bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, yiliga 25 million AQSh dollari miqdorida maosh to‘landi. Bundan tashqari jamoa safida Rivaldo, Denilson, Joao Viktor, Luiazo, Stevitsa Ristich kabi jahon futbol yulduzlari to‘p surgan. Ularning kontraktlari ham millionlab AQSh dollarini tashkil qilgani aytiladi.

Biroq “Zeromaks” shirkati 2010 yilda sinishi ortidan nomdor trener va futbolchilar “Bunyodkor”ni tark etdi.

“Bunyodkor” jamoasi so‘nggi mavsumda oldiga qo‘yilgan vazifani bajara olmaganiga va futbolchilar moliyaviy rag‘batlantirilmayotganiga moliyaviy qiyinchiliklar sabab bo‘ldimi, degan savolga klub ijrochi direktori Bahrom Boboyev “Bizda hech qachon moliyaviy qiyinchilik bo‘lmagan”, deya javob berdi.
XS
SM
MD
LG