Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:04

Yangi yilda yangi nomersiz avtomobil egalari jazolanadi


Kelasi yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekiston hududida avtomobillarning eski rusumdagi davlat nomerlari muddati tugaydi. O‘zbekistonlik haydovchi va avtomobil egalari qolgan 10 kun ichida mashinalari nomerini almashtirib olishlari zarur.

O‘zbekiston Vazirlar mahkamasining 2010 yilgi 284-sonli qaroriga ko‘ra, mamlakatdagi barcha avtoulovlar¸ qishloq ho‘jalikda ishlatiladigan transport vositalari 2012 yil oxiriga qadar davlat nomerlarini yangilashi kerak.

Dekabrning ikkinchi yarmida Toshkentning Fayziobod mavzeidagi Avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish markazida nomer almashtirmoqchi bo‘lganlarning turnaqator navbati vujudga keldi.

Bu navbatda uzoq turgan va o‘zini Abduqahhor aka deya tanishtirgan Toshkentlik haydovchi, nomer almashtirishni paysalga solishdan Davlat avtoinspektsiya mulozimlari manfaatdor, deb hisoblaydi:

- Agar ular uchun nomer almashtirish muhim bo‘lganida bunaqa uzun navbat bo‘lmas edi. Odamlarni ko‘paytirib tez-tez almashtirsa bo‘lar edi. Lekin hammaning nomeri almashsa bularga non qolmaydiku. Mana kecha bir tanishim GAZ 24 volgasida eski nomer bilan yurganida to‘rttasi kelib nomerini yechib olishibdi. O‘sha to‘rtta odamni mana bu yerga o‘tkazib qo‘yishsa navbat qisqarar edi¸- deydi tashvish bilan Abduqahhor aka.

Toshkent viloyati Davlat Avtomobil nazorati boshqarmasining ayni sohaga ma‘sul bo‘lgan va o‘zini tanishtirmagan zobiti, Ozodlik bilan suhbatda, vaqtida nomer ololmagan haydovchilarning o‘zlari aybdor degan fikrni bildirdi:

- Qaror chiqqaniga 3 yil bo‘ldi. 3 yil nomer olinglar¸ nomer yangilanglar deb matbuotda gapirdik. O‘zi 2010 yil dekabrida hamma yangi nomer olishi kerak edi. Mayli odamlar stressga tushmasin¸ bemalol almashtirsin deb yana 2 yil muddat berdik. Endi ikki oyoq bir etikka tiqilganida tipirchilab qolganlar aybni o‘zidan qidirsin deydi¸- mulozim.

O‘zbekistonda yangi rusumdagi davlat nomerlariga o‘tish haqidagi dastlabki qaror 2007 yilda O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi tarafidan qabul qilingan edi.

Qarorga ko‘ra¸ 2007yildan 2008 birinchi choragigacha ixtiyoriy¸ ayni yil ikkinchi choragidan boshlab 2011 yil oxirigacha majburiy qilib belgilandi.

Ammo O‘zbekistondagi barcha avtomobil egalarining bu muddat ichida nomer almashtira olmasligi ma‘lum bo‘lgach¸ Vazirlar Mahkamasi yangi qaror bilan eski nomerlar muddatini yana bir yilga cho‘zdi.

Toshkent viloyati Davlat Avtomobil nazorati boshqarmasi zobitining Ozodlikka aytishicha eski nomerlarning amal qilish muddati shu yilning 31 dekabri kuni bitadi va qayta uzaytirilmaydi:

- Eski nomerli mashinalar qatnovga qo‘yilmaydi. Bu mashinalardan nomerlar yechib olinadi va nomersiz avtomobil jarima maydoniga olib ketiladi. Bu xolatda mashina egasi nomer tartibini buzganlik uchun jarima hamda evakuatsiya qilish haqini to‘laydi¸- deydi mulozim.

O‘tgan yili nafaqadagi otasiga tegishli “Neksiya” avtomobili nomerini Fayzioboddagi Avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish markazida yangilagan 48 yashar Hilolliddin aka bu jarayon 40 ming so‘mga tushganini aytdi:

- Men davlat belgilaganidan ortiqcha to‘lamadim. Navbatda kutib turib yangi nomerni rasmiylashtirdim. Lekin navbatda turganimda uch to‘rt marta meni oldimga kelishib 150 mingga navbatsiz qilib beramiz degan takliflarni qilishdi. Lekin men ko‘nmadim¸ mashinani texnik ko‘rikdan o‘tkazib yangi nomer oldim. Bu ishga ikki yarim soat vaqtim ketdi¸- toshkentlik Hiloliddin aka.

O‘zbekistonda keyingi 40 yil ichida to‘rtincha marotaba avtomobillarning davlat nomerlari almashtirilmoqda.
XS
SM
MD
LG