Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:35

O‘zbek qiziga oshiq turkman yigiti jonini xatarga qo‘yib Amudaryoni kechib o‘tdi


Afg‘onistonlik oshiq yigit Abdulnazar.
Afg‘onistonlik oshiq yigit Abdulnazar.
Afg‘onistonlik turkmanlardan bo‘lgan 19 yashar Abdulnazar Amudaryoning O‘zbekiston tarafida yashovchi 19 yashar Salomat bilan telefon orqali gaplashib¸ unga g‘oyibona oshiq bo‘ldi. O‘z sevgilisini ko‘rish istagida bu yigit balon yordamida chegarani buzib ¸ O‘zbekiston hududiga o‘tdi. Ammo yigitchaning baxtiga¸ o‘zbek chegarachilari va prokurorlarining ishqqa hurmati baland bo‘lib chiqdi va oshiqlarning diydorlashuviga ruxsat etildi.

Abdulnazar uchun sal kam fojiaga aylanishi mumkin bu ishq qissasi xayrli yakun topdi.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda bu oshiq yigit o‘z g‘ayrioddiy ishq qissasini hikoya qilib berdi:

- Men bu qiz bilan telefon orqali tanishdim. Bir yilcha gaplashib yurdik. MMS orqali bir-birimizga surat ham yubordik. O‘zini ko‘ray desam¸ o‘rtada Amudaryo bor. Keyin daryoni kesib o‘tishga qaror qildim¸ deydi Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Abdulnazar.

Abdulnazar Afg‘onistonning Surxondaryo viloyatiga chegaradosh Balx tumanining Sho‘rtepa tumanida yashaydi. Amudaryoning janubiy sohilida joylashgan Sho‘rtepada azaldan turkmanlar yashab keladi.

Ozodlik muxbirining aytishicha¸ bu hududda yashovchi aholining ko‘pchiligida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatayotgan mobil aloqa operatorlari nomerlari bor va Abdulnazar ham ana shunday “o‘zbek nomeri”dan qilingan yanglish qo‘ng‘iroq bois¸ Salomatga ulanib qolgan.

Bir yillik telefon so‘zlashuvlaridan so‘ng¸ sevgilisi diydorini ko‘rishga sabrsizlangan Abdulnazar¸ ota-onasiga indamasdan¸ Amudaryoni kesib o‘tadi va O‘zbekiston chegarasiga o‘tishi bilan¸ o‘zini to‘g‘ri chegarachilar ixtiyoriga topshiradi.

- Daryodan to‘pda bir o‘zim o‘tdim. Narigi qirg‘oq changalzor edi. Changalzorda yarim kun yurdim. Sarhadga chiqqach¸ to‘g‘ri askarlarning oldiga bordim. Meni ushlab¸ ichkariga olib kirishdi¸ so‘roq-savol qilishdi. Hammasini aytib berdim. Telefon nomerini olib¸ qiz bilan onasini chaqirtirishdi¸ deydi Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Abdulnazar.

O‘zbekiston chegara xizmati askarlari¸ uning aytishicha¸ Abdulnazarning ishq hikoyasini yaxshi qabul qilganlar:

- Men ularga o‘zimning oshiq ekanimni aytib berdim¸ qizni ko‘rish uchun bu yerga keldim¸ dedim. Nimaga pasporting bilan to‘g‘ri yo‘ldan kelmading¸ deb so‘radilar. Men viza uchun qayerga borishni bilmaganimni aytdim. Men bilan yaxshi gaplashishdi¸ deydi oshiq yigit.

Abdulnazarning aytishicha¸ o‘zini va qiz bilan onasini prokuror idorasiga olib borib¸ u yerda hammasini so‘roq qilishgach¸ afg‘onistonlik oshiqning o‘z sevgilisi qishlog‘ida mehmon bo‘lishiga ruxsat berishgan.

- Oltinsoy rayonida yashar ekan¸ uch kun qizning uyida mehmon bo‘ldim. Keyin Denovda mehmonxonada turdim. 22 kun deganda Afg‘onistonga qaytdim. Prokuror yaxshi odam ekan¸ gaplarimni kulib eshitdi¸ menga yordam berdi¸ deydi Abdulnazar.

Amudaryoning ikki qirg‘og‘ida yashovchi¸ oralarini nafaqat daryo¸ balki qanchadan-qancha ma‘muriy to‘siqlar ajratib turgan oshiqlar to‘y qilib¸ bir-birlariga qovushishga ahd qilgan¸ ota-onalar ham rozilik berishgan.

Abdulnazar shu kunlarda rasman viza olib Oltinsoyga borish va u yerda to‘y qilib¸ Salomatga uylanish orzusi bilan yashamoqda.
XS
SM
MD
LG