Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:17

Omskda o‘zbekistonlik ayol erini pichoqlab o‘ldirdi


Omskda Yangi yil arafasida erini pichoqlab qo‘ygan o‘zbekistonlik ayol jinoiy javobgarlikka tortildi. Uning voyaga yetmagan farzandi esa shahar shifoxonasiga jo‘natildi.

Ozodlikning Moskvadagi byurosiga quyidagi mazmunda elektron xabar kelib tushdi.

“Assalomu alaykum! Kelayotgan yangi yilingiz bilan. Shu yilning 22 dekabr kuni Rossiyaning Omsk shahri Neftyanik posyolkasida 1982 yilda tug‘ilgan andijonlik Qurbonov Bekmurod Shavkatovich o‘zining birinchi turmush o‘rtog‘i tomonidan pichoqlab o‘ldirildi. Pichoq yurakka sanchilgan. Marhum bu ayoli bilan 1 yil avval yarashib ketishgan ekan. O‘rtada 8 yoshlik bir qiz farzandi bo‘lgan.”

O‘z ismini oshkor etmagan xat muallifi qizaloq yaqin orada yaqinlari topilmasa, bolalar uyiga yuborilishi mumkinligini tushuntirib, Ozodlikdan bolaning keyingi ahvolini bilish va, zarurat bo‘lsa, unga yordam berish choralarini ko‘rishni so‘ragan.

Xatdagi faktlarni tekshirish maqsadida Ozodlik Omsk viloyat rasmiy idoralarga murojaat qilib, hodisa tafsilotlarini aniqlashtirdi.

Rossiya Tergov qo‘mitasining Omsk viloyati bo‘yicha boshqarmasi vakili adliya polkovnigi Larisa Boldinova ismi sir tutilayotgan o‘zbekistonlik ayolga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 105-moddasi 1-qismi (qotillik) bo‘yicha jinoiy ish ochilganini tasdiqladi.

“Hodisa 2012 yilning 22 dekabr kuni kechki soat 6 larda Omsk shahridagi qo‘rg‘onlardan birida sodir bo‘ldi”, deydi Boldinova.

- Bu ayol yana aroq olib kelib ichmoqchi bo‘lgan, eri qo‘ymagan. U xotinini to‘xtatmoqchi bo‘lgan. 31 yoshli O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan bu ayol o‘ta mast holatda bo‘lgan, eri bilan shuning ortidan janjal kelib chiqqan. 31 yoshli Bekmurod Qurbonov undan aroq ichishni bas qilishni talab qilgan. Shunda jahl ustida tumbochka ustida turgan pichoqni olib bu ayol erining qorni va ko‘kragiga pichoq sanchgan. Yetkazilgan jarohatlardan Qurbonov o‘sha joyda jon taslim qilgan. Qotil ayol esa jinoyat joyidagi izlarni yo‘qotishga aqli yetgan. Biroq tergovchilarimiz, hech qanday qiyinchiliksiz, qotillikni aynan u sodir etganini fosh etishdi,- deydi Tergov qo‘mitasi vakili Larisa Boldinova Ozodlikka.

Olingan qo‘shimcha ma‘lumotlarga ko‘ra, hozirda qotil ayol hibsga olingan va mahalliy tergov izolyatorida, Bekmurod Qurbonov murdasi esa Neftyanik qo‘rg‘oni morgida saqlanmoqda.

Ayolning 8 yoshlik qizi shu poselkadagi 3 sonli kasalxonaga jo‘natilgan va hozir ham o‘sha yerda qolmoqda. Bu xabarni Ozodlikka yetkazgan va bolaning taqdiri bilan qiziqqan manba marhumning ota-onasi olamdan o‘tib ketgani, yaqinlari esa uning mayitini Omskdan Andijonga olib ketishda muammolarga duch kelganini bildirgan.

Aniqlanishicha, O‘zbekistonda marhumning ikkinchi turmush o‘rtog‘i hozir homiladordir.

Larisa Boldinova Ozodlikka bolaning ahvoli haqida bularni aytadi.

- Bola hozirda shifoxonada qolmoqda: biz O‘zbekistondan uning yaqinlari kelishini kutyapmiz. Yaqinlari yo‘lga chiqishgani to‘g‘risida xabar oldim. Bugun tergovchilar bilan gaplashgan edim – ular bolani berib yuborishga barcha hujjatlarni taxtlab qo‘ygan ekan. Murdani esa olib ketisha olmasa kerak. Bilishimcha, Bekmurod Qurbonov shu yerga ko‘mildi, deya qo‘shimcha qildi tergov rasmiysi Larisa Boldinova.

Larisa Boldinovaning yana aytishicha, 7 yanvar kuni Omskning 1-Tyukalinskiy tor ko‘chasida soat taxminan 16:30 larda ko‘chada ketayotgan odamlar katta olovda odamning tanasi yonib yotganiga guvoh bo‘lgan.

Hodisa joyiga yetib borgan politsiya xodimlari alanga ichidan O‘zbekiston fuqarosi ekani aniqlangan 45 yoshli shaxsning jasadini olib chiqqan.

Bu hodisa yuzasidan ham Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 105-moddasi 1-qismi (qotillik) bo‘yicha jinoiy ish ochilgan, biroz vaqtdan keyin esa jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, 44 yoshli boshqa bir o‘zbekistonlik qo‘lga olingan.

Hibsga olingan shaxsning tergovchilarga u “o‘z do‘stining oxirgi iltimosini bajarib o‘ldirgani” va “uning oxirgi talabi bilan qadimgi hind odati bo‘yicha olovda yoqib yubormoqchi bo‘lganini” tushuntirgan.

- Aslida Rossiyada noqonuniy yashab kelgan bu shaxslar orasida janjal kelib chiqqan. Shunda ayblanuvchi pichoq bilan jabrlanuvchining ko‘kragiga ikki marotaba sanchgan. Murdani ko‘chaga olib chiqib yoqayotganda buni ko‘rib qolgan odamlar politsiyaga xabar bergan. Ikkala shaxs bu yerda noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan,- deya ma‘lum qildi, Ozodlik bilan suhbatda, Rossiya Tergov qo‘mitasining Omsk viloyati bo‘yicha boshqarmasi vakili Larisa Boldinova.

Mazkur jinoyatlar tergovi davom etmoqda.
XS
SM
MD
LG