Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:38

So‘xdagi janjalda o‘q yegan bemor komadan chiqdi


5 yanvar kuni qirg‘izistonlik chegarachi otgan o‘qdan og‘ir yaralangan so‘xlik Shakar Abdufattoyev komadan chiqdi. O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegara hududida chiqqan mojaroda jarohatlangan yana to‘rt nafar so‘xlik hamon kasalxonada qolmoqda. Shifokorlar ularning ahvolini o‘rtacha barqaror, deb baholayapti. Janjal boshlangandan beri So‘xda qolayotgan Farg‘ona viloyat hokimi so‘xliklarni provokatsiyalarga berilmaslik va tinchlikka chaqirmoqda.


"Yaradorlar ahvoli yaxshilanyapti"


Ozodlik 10 yanvar kuni So‘x janjalida yarador bo‘lganlarning ahvolini bilish maqsadida So‘x tumani markaziy shifoxonasi bosh shifokori Omonjon Farmonov bilan bog‘landi.

Bosh shifokorning Ozodlikka aytishicha, qornidan o‘q yegan 26 yoshli Shakar Abdufattoyev komadan chiqqan:

- Yaralanganlarning ahvoli yaxshi. Shakar Abdufattoyev kecha komadan chiqdi. Hozir ancha durust. Endi bundan boshqa ma‘lumot berolmayman. Boshqa ma‘lumotlarni hokimiyatdan olasiz,- dedi So‘x tumani bosh shifokori Omonjon Farmonov.

Ovozi yozib olinmasligi va ismo oshkor qilinmasligini so‘ragan So‘x tumanida istiqomat qiluvchi o‘qituvchining Ozodlikka aytishicha, Shakar Abdufattoyevning jarohati og‘ir bo‘lgan:

- O‘q qornidan kirib, buyrakni teshib, u tomondan chiqib ketgan ekan. To‘rt kun hushiga kelmay yotdi. Kecha komadan chiqibdi deb eshitdik. Biroq uni ko‘rgani hech kimni kiritishmayapti ekan,- deydi o‘qituvchi.

So‘xlik suhbatdoshimizning aytishicha, qolgan to‘rt nafar hushyorlik ham kasalxonada qolmoqda va ularning ahvoli ancha yaxshi.


Qirg‘izistonliklardan ham jabrlanganlar bor


Ozodlik radiosining qirg‘iz xizmati muxbirlari ma‘lumotiga ko‘ra, So‘x tumanining o‘zbek-qirg‘iz chegarasida sodir bo‘lgan janjalda turli tan jarohatlari olgan 17 qirg‘izistonlik kasalxonaga jo‘natilgan, qirg‘iz tomoniga tegishli 15ta avtomobilga zarar yetkazilgan. Ayni paytda, jarohat olganlarning 7 nafari Botken viloyatidagi kasalxonada qolgani aytilmoqda.


Viloyat hokimi osoyishtalikka chaqirmoqda


So‘x tumanidagi Ozodlik manbalarining aytishlaricha, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev besh kundan buyon tumanda qolib, har kuni uch mahal yig‘ilish o‘tkazmoqda.

Ismi sir qolishi va ovozini yozib olmasligimizni so‘ragan hushyorliklardan yana birining aytishicha, mahalla oqsoqollari uyma-uy yurib, aholini provokatsiyaga uchmaslikka chaqirmoqda:

So‘x tumani xaritasi
So‘x tumani xaritasi


- Viloyat hokimi har kuni ertalab, tushda va kechqurun korxona va tashkilotlar rahbarlari va qishloq fuqarolar yig‘inlari raislarini yig‘ib, majlis o‘tkazyapti. Bu majlisda mahalla oqsoqollariga topshiriq berilyapti. Oqsoqollar uyma-uy yurib, odamlardan “biz hech qanaqa yig‘inlarga qatnashmaymiz, agar biror kishi to‘polonga da‘vat qilsa, biz hech qayerga bormaymiz, qo‘shni xalqqa hech qanday e‘tirozimiz yo‘q”, degan mazmunda tilxat yozdirib olinmoqda,- deydi suhbatdoshimiz.

Uning aytishicha, ayni paytda So‘xda vaziyat tinch, barcha korxona va tashkilotlar ishlamoqda, biroq So‘x tumani O‘zbekistondan uzilib qolgan:

- Qirg‘izistonliklar Rishtonga olib boruvchi yo‘llarga tosh, shag‘al to‘kib tashlagan. Hamma yoq yopiq. Hozircha hamma narsa bor, zapaslarimiz yetarli. Viloyat hokimi shu yerdaku, bir yechimi topilib qolar,- deydi hushyorlik suhbatdoshimiz.

So‘xdagi voqealar xususida hech qanday informatsiya yo‘q
So‘xliklarning aytishlaricha, chegaradan janjal chiqqaniga besh kun bo‘lganiga qaramay rasmiy matbuotda bu haqda hech qanday ma‘lumot yo‘q:

- Odamlar o‘zi nima bo‘layotganini bilmaydi. Mish-mishlar rosa ko‘p. Aholi xavotirda yashayapti. Na gazetalar, na O‘zbekiston televideniyesi va na mahalliy televideniye bu haqda hech narsa bermayapti,- deydi so‘xlik manba.

So‘xdagi voqealar xronikasi bilan mana bu yerda tanishishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG