Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:26

Moskvaliklar o‘zbek muhojiri yonini olishmoqda


Moskvaning Janubi-g‘arbiy okrugida 12 yashar bolaga og‘ir tan jarohati yetkazgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirining aybi yo‘q! Bunday bayonot bilan muhojir himoyasiga chiqqan mahalliy fuqarolar jabrlanuvchining o‘zi sheriklari bilan Bahrom Xurramovni doimiy ravishda mazax qilib haqoratlaganini aytishmoqda. Ayni paytda jabrlanuvchi Artyom Xoteyevning o‘z tengdoshlarini kaltaklayotgani tushirlgan videolarni “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e‘lon qilib turishi aniqlandi.

Ozodlik 7 yanvar kuni Moskvaning Janubi-g‘arbiy okrugidagi Izyuminskaya ko‘chasida joylashgan 2008-sonli o‘rta maktabda 12 yashar bolaga og‘ir tan jarohati yetkazgan o‘zbek muhojiri hibsga olinganini xabar qilgan edi.

Tergovchilar 35 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Bahrom Xurramov “qor o‘ynayotgan bolalardan biring jog‘ini belkurak bilan urib sindirganini” aytgan edi.

Hibsga olinishi ortidan voqea yuz bergan mahalla yon-atrofida farroshlik qilib kun kechirgan Xurramovni bilgan moskvaliklar uni himoya qilib, politsiyaga kollektiv xat bilan murojaat qildilar. Xatda moskvaliklar jarohatlangan bolani juda yaxshi tanishlari, mahalliy bolalar mehnat muhojirini doimo mazax qilib, haqoratlab kelganiga 23 kishi guvohlik bergan.

Xat mualliflaridan biri Dmitriy Sharakin voqeada jag‘i singan Artyom do‘stlari bilan Xurramovga qarata axlat otgani, umuman maktabda doimo bezorilik qilib yuradigan bola ekanini tasdiqladi.

“O‘zbekiston fuqarosi Bahrom Xurramov o‘ta bosiq va odobli inson. Bolalar esa uni haqorat qilib, doimo qor otib jahliga tegib yurgan”, deyiladi xatda.

Bahromni mahalliylar ruschasiga "Borya" deb atashlari va uning bolaga sababsiz ziyon yetkazishiga ishonishmasliklarini bildirishgan.

Ayni paytda, muhojir yigit chorshanba kuni Moskvaning Zyuzino tuman sudiga olib kelindi va sud uni 6 fevralgacha hibsda qoldirishga qaror qildi. Janubiy Butovo tumani Ichki ishlar bo‘limida saqlanayotgan muhojirga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 112-moddasi (qasddan o‘rta og‘irlikdagi tan jarohati yetkazish) asosida jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Ayni paytda, Moskva politsiyasi jarohat olgan 12 yashar Artyom Xoteyev shunchaki yuvosh bolakay emasligiga ishor qiluvchi dalillar paydo bo‘lganini aytmoqda. Internetda Artyomning “VKontakte” sahifasida u boshqa bir bolaning kaltaklanishida ishtirok etayotgani tasvirlangan video joylashtirilgan.

Politsiya xodimlari Xoteyev haqiqatan shunday voqealarda ishtirok etganini tasdiqladi, demoqda.

"Ha, bu videoda haqiqatan men. Lekin bu bolaning o‘zi aybdor – u 16 yoshda va doimo bizni haqoratlab kelgan", deya izohlagan bu videoni Artyom Xoteyev jurnalistlar bilan telefon suhbatida.

Telefonga olingan kadrlarda uchta o‘smir bir bolani qorga yotqizib kaltaklayotgani tasvirlangan. Video e‘lon qilingan sanaga ko‘ra, bu tasvir 2012 yilning dekabrida Moskvada olingan bo‘lishi mumkin.

Ozodlik bilan suhbatda Moskva shahri bo‘yicha IIB boshqarmasi matbuot markazi rahbari Andrey Galiakberov bu video yuzasidan ham tekshiruv olib borilishi va zarurat tug‘ilsa, kaltaklashda ishtirok etganlar politsiya maxsus nazoratiga olinishini bildirdi.

O‘zbekistonlik farroshni avvaliga javobgarlikka tortishni talab qilgan Artyomning onasi Larisa Xoteyeva hodisa sabablarini aniqlab, Xurramovga da‘vosi yo‘qligini bildirdi. Biroq Rossiya qonunchiligiga binoan mehnat muhojiri javobgarlikka tortilishi aniq.

Ro‘y bergan hodisa tafsilotlaridan xabar topgan Rossiya Jamoatchilik palatasi o‘zining alohida tekshiruvini o‘tkazishga qaror qildi.

Jamoatchilik palatasi komissiya rahbari taniqli advokat Anatoliy Kucherena jamoatchilik orasida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan voqeani o‘rganish maqsadida palata a‘zolari mahalliy fuqarolar va tergov olib borayotgan huquq-tartibot xodimlari bilan uchrashishini bildirdi.

Sud jarayonida bergan ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘zbekistonlik Bahrom Xurramov 2012 yilning yanvarida Moskvaga kelgan va Janubiy Butovodagi axlat yig‘iladigan xonalardan birida yashab kelgan. O‘zbekistonda uning xotini va ikki nafar farzandi qolgan.
XS
SM
MD
LG