Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:05

Rossiyada rasmiy hujjatga hijobda suratga tushishga ruxsat berildi


2013 yilning 1 yanvaridan Rossiya Federal migratsiya xizmati rasmiy hujjatlardagi suratlarga hijobda va do‘ppida tushishga ruxsat berdi. Bundan avval Rossiya pasportida hijob yoki boshqa bosh kiyimi bilan fotosuratga tushishga ruxsat yo‘q edi.

Rossiyaga mehnat qilgani kelayotgan muslimalarga hujjatlardagi fotosuratlarda hijobda yoki boshqa bosh kiyimda tushishga ruxsat berildi.

“O‘zlarining diniy e‘tiqodlari tufayli boshqalar oldida bosh kiyimsiz paydo bo‘lishga ijozat berilmagan odamlarning yuz ovalini yashirmaydigan bosh kiyimda fotosuratga tushish ruxsat etiladi. Engakning bir qismini tusayotgan ustki kiyim, sharflarda fotosuratga tushish taqiqlanadi. Doimo ko‘zoynakda yuradigan fuqarolar albatta qoraytirilmagan ko‘zoynaklarda fotosuratga tushishlari kerak”, deyiladi FMS tomonidan tarqatilgan buyruqda.

Kiritilgan o‘zgartishlar turli diniy e‘tiqod namoyandalariga taalluqli, deyiladi Rossiya Federal migratsiya xizmati direktori Konstantin Romodanovskiy tomonidan imzolangan hujjatda. Bu hujjatda, shuningdek, ishga ruxsatnoma yoki patent olish hamda barmoq izlari topshirish – daktiloskopiyadan o‘tish tartib-qoidalari belgilangan.

- Shu tariqa migratsiya hujjatlariga qo‘yilayotgan talablar Rossiya pasportlariga qo‘yilayotgan talablarga mos keltirildi, dedi Ozodlikka Migratsiya xizmati rasmiysi Zalina Kornilova.

Hijobda rasmiy hujjatlarga rasmga tushish masalasi 10 yildan buyon muhokama etilayotgan edi. 2003 yilda Rossiya Oliy sudi Ichki ishlar boshqarmasining bosh kiyimda suratga tushish taqiqini noqonuniy deb topdi.

FMS rahbarining xorij fuqarolarini fotosuratga tushishi va daktiloskopiya qoidalarini belgilovchi tegishli buyrug‘i 2012 yilning 25 dekabrida Rossiya Adliya vazirligida qaydga olindi va shu yilning 1 yanvaridan qonuniy kuchga kirdi.

2010 yilning noyabrida Rossiya muftiyati xodimasi Kamilla Kapustinskaya mamlakat tarixida birinchi bo‘lib xorijga chiqish pasportiga hijobda fotosuratga tushdi.

Moskvada mehnat qilayotgan 44 yoshli o‘zbekistonlik muhojir ayol Feruza migratsiya hujjatlariga hijobda suratga tushishga taqiq qo‘yilgan paytda boshdan kechirgan qiyinchiliklari haqida gapiradi.

- Mana bu OONda mening spravkam bor, shunga hijobda rasmimni olib borsam, ular qabul qilmayapti. “Bosh kiyimsiz foto olib keling”, deydi. FMSga ham biz qochqinlik maqomini berishga zayavleniye yozganimizda “Rasming hijobda bo‘lishi kerak emas!”, deb turib dokumentlarimini qaytarib bergan. Boshqa rasm topshirganman. Chunki bu men uchun juda muhim-da! Men pasport olsam, grajdanstvo olsam hijobda tushgan rasmimni topshirgim keladi. Lekin man qilingani uchun hech qanday dokument qilmasdan yuribman hozir. Patent oldim yaqinda – unga ham eski rasmimni topshirdim. Yaxshi bo‘libdi buni bekor qilgan bo‘lsa,- deydi Ozodlik bilan suhbatlashgan andijonlik Feruza.

Rossiya shaharlaridan birida mehnat qilayotgan 40 yoshli buxorolik Abdug‘ani Rossiya hukumatining bunday qarorini “inson ozodligiga” va “demokratiyaga qo‘yilgan katta qadam”, deb baholadi.

- Meni fikrimcha, Xudodan qo‘rqqani sababli o‘zini avratini ko‘rsatmasligi istagiga mana shunaqa imkoniyatning berilishi juda muhim deb tushunaman. Yuzi ko‘rinsa bo‘ldida “Yuzning ovalini kiyim yopmasa bo‘ldi”, deyilganku o‘sha qonunda. Juda yaxshi imkoniyat bo‘libdi. Istagan kishi ro‘mol ham tutishi mumkin. Hijobga taqiq bo‘lsa ham, ro‘molga taqiq ostida emas edi. O‘zingiz tushunasiz – hijob qiygan O‘zbekistonda radikal hisoblanadi. Shuning uchun din, diyonatning minimal talablarini bajaramiz. O‘z hokimiyatimiz bilan konfliktga borishga harakat qilmaymiz. Buni men ozodlikka qo‘yilgan muhim bir qadam, deb bilaman, chunki har bir insonning haq-huquqi bor: istasa boshiga ro‘mol o‘raydi, istasa yechadi. Albatta, bu demokratiyaga qo‘yilgan katta qadam, deydi o‘zbekistonlik Abdug‘ani.

Ayni paytda, Rossiyaning ayrim mintaqalarida muslimalarga hijob kiyib davlat idoralarida paydo bo‘lish taqiqi olib tashlanmagan. Xususan, o‘tgan yilning noyabr oyida Stavropolьe o‘lkasi rahbariyati maktablarda hijobda, beli tushirilgan jinsi shimlarda va haddan tashqari rangbarang kiyimlarda paydo bo‘lishni taqiq ostiga oldi.

2012 yilning 20 dekabrida bergan katta matbuot anjumanida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham hijob masalasiga oid o‘z fikrini bildirdi. Jurnalistlar bergan savolga u maktablarda xijob kiyilishiga qarshi ekanligini aytdi.
XS
SM
MD
LG