Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:41

O‘XHning “Odnoklassniki”dagi sahifasi yopib qo‘yildi


Muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq harakatining “Odnoklassniki.ru” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi yopib qo‘yildi. O‘XH rahbarlari buning ortida rasmiy Toshkent turganini iddao qilmoqda.

Rossiya ijtimoiy tarmog‘i - “Odnoklassniki.ru”dagi O‘XHning sahifasi o‘n kundirki yopiq qolmoqda.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan O‘zbekiston Xalq harakatining Muassislar majlisi a‘zosi va muvofiqlashtiruvchisi Namoz Normo‘minga ko‘ra, sahifa “Odnoklassniki.ru” ma‘muriyati tomonidan to‘sib qo‘yilgan.

Namoz Normo‘minning so‘zlariga qaraganda, “Odnoklassniki.ru” ma‘muriyati harakatning sahifasi “irqiy, milliy yoki diniy nizoni targ‘ib qilgani” uchun to‘silganini aytib, uning boshqa ochilmasligini ma‘lum qilgan.

Ammo, O‘XH faoli olti oydan buyon ishlab turgan sahifaning to‘sib qo‘yilishida Karimov rejimining qo‘li borligini taxmin qiladi.

- Konkret hukumatdan gumon qilamiz. Chunki hukumatni qattiq bezovta qilgan ëki qo‘rqitib yuborgani biz shu sahifa orqali yuritgan faoliyatimiz bo‘lgan, deb o‘ylayman. Bu faqat bizning bu guruhimizga qarshi emas. O‘zbekistonda total tsenzura bor. O‘zbekistonda matbuot bo‘g‘ilayapti, butun siësiy va boshqa erkinliklar bo‘g‘ilayapti, shuning bir ko‘rinishi deb hisoblaymiz biz, deydi O‘XH faoli.

Namoz Normo‘minga ko‘ra, “Odnoklassniki.ru”dagi O‘XH sahifasining 26 ming a‘zosi bo‘lgan va ularning aksari O‘zbekiston ichkarisidan bo‘lgan. Suhbatdosh mazkur sahifa harakatning asosiy axborot maydoniga aylanganini aytadi.

- Juda ko‘p o‘zbekistonlik hamyurtlarimiz bilan u yerda muloqot qilaëtgan edik va o‘zimizning erkinlik, adolat, O‘zbekistondagi diktatura rejimiga qarshi targ‘ibotimizni shu sahifada, shu guruhimiz orqali olib boraëtgan edik. Ayniqsa, juda ko‘p ëshlar kiraëtgan edi. Biz yaqinda boshlagan zulmga qarshi varaqalar tarqatish kampaniyamizni ham, asosan shu odnoklassnikidagi guruhimiz orqali olib boraëtgan edik, deydi O‘XH faoli.

Suhbatdoshga ko‘ra,bir necha kun avval O‘XH “Odnoklassniki.ru” ijtimoiy tarmog‘ida “Karimov ket” nomli yangi sahifa ochgan va hozircha tarmoq ma‘murlari tomonidan bunga qarshilik bo‘lmagan.

Joriy yilning 23 yanvar kuni O‘XHning rasmiy veb sahifasi - Uzxalqharakati.com sayti hakerlar hujumiga uchragani bois bir necha kunga ishdan chiqqan va harakat rahbarlari buning ortida ham rasmiy Toshkent turganini iddao qilgan edi.
XS
SM
MD
LG