Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:57

AQSh va Xitoy bir-birini kiber hujumda ayblamoqda


Qo‘shma Shtatlar o‘z idoralari va shirkatlari nishonga olingan kiber hujumlarda Xitoyni aybladi. Rasmiy Pekin esa bu ayblovlarni asossiz, deya xitoyliklarning o‘zlari AQShning kiber hujumlaridan jabr ko‘rayotganini bildirdi.

AQSh davlat idoralari, media tashiklotlari va xususiy shirkatlarini nishonga olingan kiber hujumlar ortida Xitoy turgani haqidagi AQSh tomoni da‘volarni Rasmiy Pekin "asossiz ayblov", deya rad etdi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligining rasmiy bayonotida aksincha xitoyliklar AQShdan uyushtirilgan kiber hujumga nishon bo‘layotgani aytilgan.

Shu kunlarda AQShdagi Apple shirkati hakerlar hujumiga uchraganini e‘lon qildi.

Shirkatga ko‘ra, noma‘lum hakerlar shirkat xodimlari tarafidan ishlatilgan Makintosh kompyuterlariga virus dasturini o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan.

Seshanba kuni kompyuterlar xavfsizligini ta‘minlovchi Amerikaning Mandiant shirkati dunyodagi 140dan oshiq tashkilot, jumladan hukumat idoralari va mudofaa shirkatlariga xakerlar tomonidan qilingan davomli hujumlar ortida Shanxaydagi N61398-sonli Xitoy harbiy bo‘linmasi turgani haqidagi hisobotni e‘lon qildi.

Mandiant mutaxassislariga ko‘ra, Shanxaydagi harbiy bo‘linma 2006 yildan buyon yuzlab terabayt hajmdagi ma‘lumotlarni o‘g‘irlagan va asosan, Qo‘shma Shtatlar, Britaniya hamda Kanadadagi hukumat idoralari, hususiy shirkatlar, media tashiklotlar hamda u yerda ishlovchi amaldorlarning elektron pochta qutilari kiber hujumga nishon bo‘lgan.

Dunyoning turli davlatlariga uyushtiriladigan kiber hujumlar uchun mas‘ul, deya ko‘p gumon qilinadigan mamlakat Xitoydir.

2011 yil iyun oyida virtual dunyodagi eng yirik internet qidiruv tizimi - Google "Xitoydan chiqqan kiber-josuslar AQShning yuqori mulozimlari, harbiylari, jurnalistlari va xitoylik siyosiy muxolifatning Gmail elektron manzillarini nishonga olmoqda," degan da‘volar bilan chiqqandi.

Mart oyida Avstraliya Bosh vaziri va Bosh prokurori kompyuterlari nishonga olingan hamda unda ham asosiy gumon qilingan davlat Xitoy bo‘lgan edi.

Xitoy rasmiylari Mandiant shirkati ilgari surgan ayblovlar "kurakda turmaydi", degan e‘tirozni bildirdi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot vakili Xong Ley aksincha, o‘z mamlakati kiber hujumlardan jabr ko‘rayotganini aytdi.

Janob Xongning ta‘kidicha, o‘tgan yili Xitoydagi 1 ming 400ta kompyuter va 38 mingta sayt xakerlik hujumiga uchragan va hurujlarning aksariga AQSh tomoni ma‘sul ko‘rilgan.
XS
SM
MD
LG