Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:08

Toshkentda ushlangan faollar ozod qilindi


Huquq faoli Abdulla Tojiboy o‘g‘li yaqin kunlarda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi binosi oldida norozilik aktsiyasi o‘tkazmoqchi.
Huquq faoli Abdulla Tojiboy o‘g‘li yaqin kunlarda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi binosi oldida norozilik aktsiyasi o‘tkazmoqchi.
Toshkentning Uchtepa tuman ichki ishlar bo‘limida kecha 12 soat tutib tutilgan huquq faollari Abdulla Tojiboy o‘g‘li va Nuriddin Jumaniyozov kechki soat 22.30 larda qo‘yib yuborilgan.

Bu haqda Ozodlikka huquq himoyachisi Abdulla Tojiboy o‘g‘li ma‘lum qildi.

Uning aytishicha: 9 mart kuni u Nuriddin Jumaniyozov bilan birgalikda O‘rikzor mardikor bozoriga militsionerlar jarima undirgan mardikorlar arzini tinglash uchun borgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, ikki mardikorga Uchtepa tuman ichki ishlar bo‘limida ishlaydigan militsiya xodimlari propiskani bahona qilib, jarima solganlar va jarima olinganiga oid hujjat taqdim qilganlar.

Mardikorlardan mazkur hujjatni olib, bozordan qaytayotganlarida huquq faollarini Uchtepa tuman ichki ishlar bo‘limining terrorchilikka qarshi kurash bo‘limi xodimlari to‘xtatib, bo‘limga borishlari lozimligini aytishgan.

- Biz: “Juda soz, aynan o‘sha yoqqa ketayotgan edik”, dedik va mashinaga o‘tirib bo‘limga keldik, - der ekan Abdulla Tojiboy o‘g‘li tuman ichki ishlar bo‘limida faollarning bo‘lim rahbarlari bilan uchrashish talabi militsionerlar tomonidan turli bahonalar bilan bajarilmaganini qo‘shimcha qiladi.

Abdulla Tojiboy o‘g‘liga ko‘ra, ular bo‘limda o‘tirgan paytda u yerga Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasining terrorchilikka qarshi kurash bo‘limidan uch kishi, tuman bo‘limi xodimlari va boshqa 15 chog‘li odam yig‘ilgan.

Ular faollar qo‘lidan mardikorlardan olingan jarima hujjatini yulib olganlar va “Buni akt bilan sizdan musodara qilamiz” deyishgan. Shuningdek, militsionerlar huquq faollarini mardikorlar orasida noqonuniy faoliyat olib borganlikda ayblashgan.

- Uchtepa tuman ichki ishlar bo‘limida o‘tirganimizda Vladimir Husainov (huquq himoyachisi – tahr.) telefon qilib qoldi menga. Husainov bilan telefonda gaplashib turgan paytimda ikkita barzangidek xodim menga tashlanib, qo‘limni qayirib, telefonimni olib qo‘ydi va uni musodara qilishdi, - der ekan Abdulla Tojiboy o‘g‘li militsionerlar ularga nisbatan bundan boshqa qo‘pollik qilmaganini qo‘shib qo‘ydi.

Nuriddin Jumaniyozovning aytishicha, u va Abdulla Tojiboy o‘g‘lini bir muddat birga ushlab turgan militsionerlar keyinroq ularni alohida-alohida xonada saqlaganlar. Uning fikricha, militsionerlar ikki faolni turli joyda saqlab, ularni bir-biriga qayrab, adovat qo‘zg‘amoqchi bo‘lganlar.

- ROVD xodimlari bilan gaplashayotgan paytimda shahar ichki ishlar boshqarmasining terrorchilikka qarshi kurash bo‘limi xodimi kelib, “Abdulla Tojiboy o‘g‘li hamma aybni sizga to‘nkayapti” dedi. Men keskin javob berdim: “Bor-bor, bizga xalaqit berma, nima qilsa, o‘zi biladi”, dedim, - deydi ro‘yxatga olinmagan Mardikorlar kasaba uyushmasi rahbari Nuriddin Jumaniyozov.

Faollarga ko‘ra, ular Uchtepa tuman ichki ishlar bo‘limida bo‘lgan paytda bo‘limga 20 chog‘li mardikorlarni guvohlik ko‘rsatmasi berish uchun olib kelganlar.

Kech soat 22.30 larda sud bo‘lib, Abdulla Tojiboy o‘g‘li va Nuriddin Jumaniyozov O‘zbekiston Respublikasi Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 194-moddasi (Militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaganlik) bo‘yicha eng kam ish haqining uch barobari (taqriban 220 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan.

Hali sud qarorini qo‘llariga olmaganlarini bildirgan faollar qaror qo‘llariga tegishi bilan bu borada yuqori instantsiyalarga apellyatsiya tartibida ariza kiritajaklarini qayd etdilar.

Abdulla Tojiboy o‘g‘li esa militsiya xodimlarining qo‘pol xatti-harakatiga norozilik ifodasi o‘laroq yaqin kunlarda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi binosi oldida aktsiya o‘tkazish niyati borligini ma‘lum qildi.
XS
SM
MD
LG