Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:49

O‘zbeklar bultur Rossiyadan $5 693 000 000 jo‘natdi


O‘zbekistonliklar Rossiyadan jo‘natayotgan pul hajmi 2012 yili qariyb 30 foizga ortdi. Rossiya Markaziy banki ma‘lumotlariga qaraganda, 2012 yili O‘zbekistonga Rossiyadan 5 mlrd. 693 mln. dollar jo‘natilgan.

2011 yili esa, bu ko‘rsatkich 4 mlrd. 276 mln. dollarni tashkil qilgan edi.

Ayni muddatda, ya‘ni 2012 yili O‘zbekistondan Rossiyaga 440 mln dollar jo‘natilgan.

Muxbirimiz mavzuni Rossiyada mehnat qilayotgan millionlab o‘zbekdan birining topish-tutishi misolida o‘rgandi.

28 yashar andijonlik Temur 2006 yildan beri Rossiyaning Belgorod shahrida ishlaydi. Undan o‘tgan yili O‘zbekistonga necha pul jo‘natganini so‘radik.

- 3000 dollar,- dedi Temur.

Temur quruvchilik qiladi. Lekin ish joyi muqim emas, shuning uchun har oyda topadigan puli miqdori ham har-xil.

- Bir tushsa 1500 dollar, bir tushsa 300 dollar, dam olib qolsak bo‘lmaydi,- deydi Temur.

Temur uylangan, bir farzandi bor. Aytishicha, bir-ikki oy oldin oilasini Belgorodga olib kelgan.

- Qishda issiq joyda ëtsin deb olib keldik. Bilasizlarku, O‘zbekistonda svet yo‘q, tem boleye qishloqlarda yashaymiz,- deydi Temur.

Qishloqda uning ota-onasi qolgan. Temurning aytishicha, ota-onasining boshqa daromad manbayi yo‘q, ular faqatgina o‘g‘illari jo‘natadigan pulga qarab qolgan.

- Boshqa kirim yo‘q. Uyimiz 8 sotix. Shu 8 sotixdan ro‘zg‘orga ozgina kartoshka, piëz chiqib turadi. Boshqa kirim yo‘q. Boshqa ish yo‘q. Pensiya olishmaydi. Ular pensiya ëshiga yetishmadi hali. Pensiya qancha olardi endi. Davlatda ishlashgan. 150 ming olishi mumkin, olsa,- deydi Temur.

Suhbatdoshimizdan uyga jo‘natadigan puli nimalarga sarflanishini ham so‘radik.

- Ko‘proq produktaga ketadi. Onam operatsiya bo‘lgan bultur. Singlimni chiqarganmiz,- deydi 2006 yildan beri Rossiyaning Belgorod shahrida ishlayotgan 28 yashar andijonlik Temur.

Demak, 2012 yilda Rossiyadan O‘zbekistonga jo‘natilgan 5 mlrd. 693 mln. dollar tarkibida Temurning 3 ming dollari ham bor.

Qiyoslash uchun: 2012 yili Rossiyadan Tojikistonga 3,651 mlrd. dollar, Qirg‘izistonga 1,859 mlrd., Qozog‘istonga 461 mln., Turkmanistonga 37 mln. dollar o‘tkazilgan.

O‘zbekistonliklar 2012 yili 2011 yilga nisbatan 1 mlrd. 417 mln. dollar ko‘proq pul jo‘natgan va bundan mehnat muhojirlarining ish haqi o‘sibdi, degan fikr paydo bo‘lishi mumkin.

Biroq Rossiya Markaziy banki ma‘lumotlariga qaraganda, ish haqi o‘sgan emas, balki mehnat muhojirlari soni ortgan, deyish mumkin.

Chunki o‘rtacha bitta pul jo‘natmasi 2011 yili 526 dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2012 yili bu ko‘rsatkich 466 dollarni tuzdi.

Mehnat migratsiyasi muammosi borligini O‘zbekiston rahbariyati joriy yilgacha tan olgan emas.

18 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasi majlisida Prezident Karimov Rossiyada o‘ldirilgan o‘zbek farroshi bilan bog‘liq voqeani tilga olarkan, birinchi marta mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq vaziyatga munosabat bildirgan, "Nega o‘zbek borib Rossiyada farroshlik qiladi?", deya O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Bahodir Matlubovni o‘rnidan turg‘azib qo‘yib, dakki bergandi.

- Bir e‘tibor beringlar. Har qaysi viloyatda mana qancha-qancha odam yaashyapti. 500 mingdan oshiq aytaylik bolalarimiz kollejlarni bitirayapti. Ularning taqdiri nima bo‘ladi ertaga? Yalinish bu umuman xalqimizga yarashmaydi, degan edi Islom Karimov ichki ishlar vazirini o‘rnidan turg‘azib qo‘yib.

Shundan so‘ng ma‘murlar mehnat migratsiyasiga qarshi o‘ziga xos kurash boshlagan bo‘ldi. 17 fevraldan boshlab 2 – 3 kun o‘zbek-qozoq chegarasidagi G‘ishtko‘prik (Chernyayevka) postidan Qozog‘iston va Rossiyaga ishlashga ketayotgan fuqarolar o‘tkazilmadi. Ulardan ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ko‘rsatishni talab qilishdi.

Lavhamiz qahramoni - 2006 yildan beri Rossiyaning Belgorod shahrida ishlayotgan 28 yashar andijonlik Temur bilan suhbatimiz oxirida undan O‘zbekistonga qachon qaytishini so‘radik.

- Shu savolga hech kim javob topa olmayaptida. Mening aëlim ham kuniga “Necha yilda yuramiz bu yerda? Necha yil yurasiz? O‘zbekistonda ishlasangiz bo‘lmaydimi?” degangan o‘xshagan savollar. O‘zbekistonda produktadan oshmaydi. O‘zim ham javobini bilmayman aka, deydi Temur.
XS
SM
MD
LG