Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:47

“O‘quv dargohimizni yopmasliklari uchun Navro‘zni nishonladik”


Tojikistondagi Islom davlat universiteti talabalari o‘z tarixida ikkinchi marta Navro‘z bayramini nishonladi. Talabalarning aytishlaricha, rasmiy maqom olgan oliygohning yopib qo‘yilmasligi uchun ular bu bayramda ishtirok etishga majbur bo‘lishgan.

Tojikiston Islom universitetidagi Navro‘z bayrami Qur‘on oyatlarini tilovat qilishdan boshlandi.

Yaxshi o‘qigan va ishlagan talabalar, qolaversa ustozlarni taqdirlash marosimining o‘tkazilishi, yig‘ilganlarda o‘quv yili sarhisobiga o‘xshash tasavvur qoldirdi.

Universitet yoshlar tashkiloti raisi Xoliddin Matinovning aytishicha, oliygoh davlatga tegishli ekanligi haqidagi maqomni olgandan so‘ng, barcha rasmiy bayramlar nishonlanadigan bo‘lgan:

- Bugungi Navro‘z bayrami odatdagi bayramdan farq qiladi. Bu yerda ashula aytish va raqsga tushish yo‘q. Olov qo‘yib, uni ustidan sakrash kabi bid‘at marosimlar yo‘q. Biz islomiy me‘yorlarga rioya qilishimiz kerak, deydi Xoliddin Matinov.

Bayramda arqon tortish, tosh ko‘tarish, kurash kabi o‘yinlar musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Biroq, ismi sir qolishini so‘ragan oliygoh talabalaridan birining aytishicha, aksariyat ustoz va talabalar Navro‘zni bayram qilishga qarshi edi:

- Biz shu o‘quv dargohimizni yopib qo‘ymasliklari uchun, rektorimiz gap eshitmasligi uchun ham Navro‘zni bayram qilishga rozi bo‘ldik, deydi universitet talabasi.

Universitet o‘qituvchisi Ma‘ruf Nazarovning Ozodlik radiosiga aytishicha, islom Navro‘zni bayram qilishni taqiqlamagan, lekin Navro‘zning shariatga zid odatlarini rad etadi:

- Payg‘ambarimiz(s.a.v) bir hadislarida aytadilarki, islomga zid kelmaydigan urf-odatlarni taqiqlamang, zero bundan odamlarning islomga ixlosi kamayadi. Navro‘z bizning xalqimizning milliy bayrami va uning hech qanday zarari yo‘q. Islom zardushtiylaridan davridan qolgan otashparastlik, olov ustidan sakrash kabi an‘analardan voz kechishni talab qiladi. Navro‘z zardushtiylarning bayrami emas va bugungacha bu aynan ularning bayrami ekanligi isbotlanmagan, deydi Ma‘ruf Nazarov.

Tojikiston davlat Islom universitetida Navro‘z bayrami hukumat qarori bilan ikkinchi marta nishonlanmoqda. Shu paytgacha bu oliygohda Navro‘z bayram qilinmagan.
XS
SM
MD
LG