Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:11

Gulnoraga aloqador Takilant dastidan Nordea banki jarimaga tortildi


Shvetsiyaning Nordea banki o‘z mijozlaridan biri bo‘lgan Takilant Ltd. shirkatiga nisbatan tutgan yondashuvi bois 30 million shved kronasi (4,7 million AQSh dollari) miqdorida jarimaga tortildi. Gibraltarda ro‘yxatga olingan va O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga aloqador, deb ko‘rilgan Takilant Ltd. firmasi Shvetsiyaning TeliaSonera shirkatidan pora olish maqsadida ishlatilgani va pul yuvishda ayblanmoqda.

Shvetsiya hukumati qoshidagi Moliyaviy nazorat idorasi Skandinaviya mamlakatlarida eng yirik hisoblangan Nordea bankiga, pul yuvish jinoyatining oldini olish uchun yetarli chora ko‘rmagani vajidan, 30 million shved kronasi miqdorida jarima soldi.

Gap Nordea banki o‘z mijozlaridan biri bo‘lgan Takilant Ltd. hisob raqamlaridagi pullar manbasini yetarlicha o‘rganmagani haqida ketmoqda.

Moliyaviy nazorat idorasining Banklar ustidan nazorat qilish boshqarmasi ijrochi direktori Uldis Serps, Ozodlik bilan suhbatda, Nordea banki o‘z mijozlari bilan munosabat qilishda Yevropa Ittifoqi talablariga rioya qilmagani bois jarimaga tortilganini ma‘lum qildi. Xususan, egalari O‘zbekistonda bo‘lgan Takilant Ltd. shirkatining katta miqdordagi aktivlari manbasi bank tomonidan tekshirilmagan, deydi Shvetsiya hukumati mulozimi.

- Buning asosiy sababi Nordea banki Yevropa Ittifoqining sanktsiyalarga doir me‘yorlariga amal qilmaganidir. Ya‘ni bank o‘z mijozlari bo‘lgan shirkatlarning asl egalari kimligini o‘rganmagan va ularning ismlarini YeI sanktsiyalar ro‘yxatidagi ismlar bilan solishtirmagan. Bundan tashqari bank o‘z mijozlari orasidagi shirkatlar xo‘jayinlarini aniqlamasdan ular bilan munosabat qilgan. Bunda, xususan, katta shov-shuvga sabab bo‘lgan pul yuvish jinoyatiga aloqador shirkatning asl xo‘jayinalri korruptsiya avj olgan mamlakatda, ya‘ni O‘zbekistonda ekani inobatga olinmagan holda bu shirkat bilan aloqa qilinganidadir. Bankning pul yuvish xavfini baholaydigan mutasaddilari o‘z vazifasini tegishli tarzda bajarmagan, deydi Uldis Serps va gap Takilant Ltd. shirkati haqida ketayotganini qo‘shimcha qiladi.

Shvetsiya hukumatining Moliyaviy nazorat idorasi mulozimi Nordea banki xalqaro tashkilotlar tomonidan o‘ta korruptsiyalashgan mamlakat deb hisoblanuvchi O‘zbekiston fuqarolari bilan munosabat qilishda sovuqqonlikka yo‘l qo‘ygani qabul qilib bo‘lmas holatdir, deydi.

- Nordea banki tekshirishi va inobatga olishi shart bo‘lgan risk faktorlaridan biri shuki, biz surishtirgan shirkat, ya‘ni Takilant Ltd. manfaatdor egasi O‘zbekiston fuqarosi ekanini nazardan qochirmaslik kerak edi. Chunki Transparency International tashkilotiga ko‘ra, bu mamlakat eng korruptsiyalashgan mamlakatlardan biridir. Bundan tashqari Takilant Ltd. hisob raqamida juda katta pul saqlangani ham shubhalarni uyg‘otishi kerak edi. Gap 20 million AQSh dollari haqida ketmoqda, deydi Shvetsiya hukumatining Moliyaviy nazorat idorasi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda.

Gibraltarda ro‘yxatga olingan va O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova nazorat qilishi aytiladigan Takilant Ltd. firmasining Nordea bankidagi 30 million dollarga teng aktivlari Shvetsiya prokuraturasi tomonidan pora olish va pul yuvishga oid jinoiy ish dorasida muzlatib qo‘yilgan. Jinoiy ish ochilishiga katta qismi Shvetsiya hukumatiga qarashli TeliaSonera telekom kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirish uchun Gulnora Karimovaga 320 million AQSh dollari miqdorida pora berganiga oid ayblovlar sabab bo‘lgan.

Moliyaviy nazorat idorasining Banklar ustidan nazorat qilish boshqarmasi ijrochi direktori Uldis Serpsning Ozodlikka aytishicha, bankni jarimaga tortish qarorida Nordea mijozi bo‘lgan shirkat egalari o‘zbekistonlik ekani inobatga olingan xolos, alohida shaxsiyatlarning bu vaziyatdagi roliga baho berilmagan.

Nordea banki bergan ma‘lumotlarga ko‘ra, Takilant Ltd. hisob raqami bankning Shvetsiyadagi bo‘limida 2011 yilda ochilgan.

Takilant Ltd. TeliaSonera shirkatiga qarashli O‘zbekistondagi UCell mobil operatorining 6 foizlik ulushiga egalik qiladi. Shvetsiya prokuraturasi bu firma TeliaSonera shirkati bilan Gulnora Karimova o‘rtasidagi oldi-berdida vositachi sifatida ishlatilganini gumon qilmoqda.

Gibraltarda ro‘yxatga olinang Takilant Ltd. rasmiy xo‘jayini Gulnora Karimovaga yaqin aloqasi bo‘lgan Gayane Avakyandir. TeliaSonera Takilant Ltd. bilan tuzilgan kelishuvdan Avakyandan boshqa shaxslar manfaatdorligidan xabari yo‘qligini aytib keladi.
XS
SM
MD
LG