Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:21

Hokim gazchini, o‘rinbosar fermerni kaltakladi


Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari O‘ktam Ergashev 19 aprel kuni Kosonsoy tumanida o‘tkazgan yig‘ilishida o‘nga yaqin fermerni kaltakladi. Ozodlik manbasining xabar qilishicha, oradan ikki kun o‘tib viloyat hokimi Bahodir Yusupov ham shahar gaz ta‘minoti idorasi rahbarini hammani oldida kaltaklagan.

Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari O‘ktam Ergashev 19 aprel kuni Kosonsoy tumanining Bo‘ston qishlog‘ida o‘tkazgan yig‘ilishida fermerlarni va tuman yer resurslari kadastr bo‘limi mutaxassisini kaltakladi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan va ismi sir qolishini so‘ragan kosonsoylik tinglovchining aytishicha, viloyat hokimi o‘rinbosari fermerlarni o‘z yerlariga g‘ayriqonuniy tarzda piyoz ekkanlikda ayblagan.

- Fermerlardan yetti kishi O‘ktam Ergashevdan kaltak yegan. Hammasini bir chekkadan urib chiqqan. Kaltakning eng qattig‘ini zemlomer Muhiddin Saidov yegan. Uni: " Sen piyozga yer bergansan", deb urib, keyin o‘sha dala shiyponidagi hovuzga itarib yuborgan. Zemlomer hovuzdan chiqayotganda yana o‘sha yerda yotgan bir xoda bilan boshiga solgan. Muhiddinning boshi yorilib, qonab ketgan, deydi tinglovchi.

Kosonsoy tumani Yer resurslari kadastr bo‘limi mutaxassisi Muhiddin Saidovning hokim o‘rinbosaridan kaltak yeb, boshi yorilganini kosonsoylik boshqa bir manba ham tasdiqladi.

- Men kecha Muhiddin Saidovni travmpunktdan chiqib ketayotganini ko‘rdim. U perevyazkaga kelgan ekan. Do‘xtir tanish edi. Borib so‘radim, registratsiya qilingan dedi. Do‘xtirning aytishicha, boshining yumshoq to‘qimasi qattiq narsa zarbidan yorilib ketgan va o‘sha kuni uni tikib qo‘yishgan ekan, deydi kosonsoylik boshqa bir manba.

Kosonsoy tumani Yer resurslari kadastr bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Muhiddin Saidov viloyat hokimi o‘rinbosari tomonidan kaltaklanganini tasdiqlar ekan, o‘shandan buyon u ishga kelmaganini aytdi.

Biroq, viloyat rahbarlarining mushtumzo‘rligi bu bilan nihoyasiga yetgani yo‘q.

Kosonsoylik birinchi manbaning aytishicha, viloyat hokimi Bahodir Yusupov 21 aprel — yakshanba kuni Namangan shahar gaz ta‘minoti idorasi boshlig‘ini ko‘pchilikning oldida kaltaklagan.

- Fermerlar voqeasidan keyin Namangandagi “Yoshlar xiyoboni”da viloyat hokimi Bahodir Yusupov gaz, elektr va kommunal to‘lovlar qarzdorligi bo‘yicha katta majlis o‘tkazgan. O‘sha majlisda Gorgaz boshlig‘idan: "12 milliard so‘mlik qarzdorlik qayerdan keldi?" deb so‘ragan. U indolmay qolgan. Shunda minglab odamlarning ko‘z o‘ngida gaz boshlig‘ini urgan, deydi Ozodlik manbasi.

Viloyat hokimi shahar gaz ta‘minoti boshlig‘ini urganini namanganlik boshqa bir manba ham tasdiqladi.

- Yakshanba kuni viloyat hokimi Bahodir Yusupov Namangan Gorgazini boshlig‘ini urgan. Qarzdorlik nega ko‘p, nega to‘lamayapsan, deb urgan, deydi Ozodlik manbasi.

Ozodlik viloyat hokimi va uning o‘rinbosarining bu harakatlariga munosabat olish maqsadida viloyat hokimligi bilan bog‘landi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan hokim kotibining aytishicha, Bahodir Yusupov Toshkentga yig‘ilishga ketgan. Uning o‘rinbosari O‘ktam Ergashev esa hududga chiqib ketgan.

Namangan viloyati hokimi va uning o‘rinbosarining mushtumzo‘rligi yaqinda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Toshkent viloyati xalq deputatlari kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida shunday hokimlarni tanqid qilgandan so‘ng sodir bo‘ldi.

- Hokim odamlarni birlashtirish o‘rniga qo‘l ostidagilarga yuqoridan qarashni, mensimaslikni, qo‘pol munosabatda bo‘lishni o‘ziga ma‘qul topdi. Ko‘p misollar olib kelish mumkin. Buni maydalab o‘tirish ham shart emas. Nimaga deganda hammasi sizlar uchun ayon. Xalq hamma narsani biladi. Kimnidir hammani oldida beobro‘ qilish, kuch ishlatish, kimnidir oborib qamab qo‘yish bir kechasiga, e, bu qaysi qonunda yozilgan?, degan edi Islom Karimov.

Biroq, namanganlik huquq faoli Nosir Zokirning aytishicha, hokimlarning bunday mushtumzo‘rlik harakatlari jazolanmay qolishini qonun posbonlarining o‘zlari ta‘minlab beradi.

- So‘nggi paytlarda falonchi hokim falonchi fermerni uribdi, qabilidagi gaplarni ko‘p eshitib qolamiz. Eng yomoni shundaki, hokim biror kishini urayotganda, uning oldida qonun ustivorligini ta‘minlovchi prokuror ham, huquq-tartibni saqlovchi militsiya boshlig‘i ham bo‘ladi. Shular hokimga bir og‘iz, hoy unday qilmang, deyolmaydi. Ertaga esa televizorga chiqib olib qonun ustivorligi haqida ma‘ruza o‘qiydi. Hatto, sobiq ittifoq davrida ham juda nari borsa hokimlar so‘kardi, urishardi, lekin og‘zi burnini qonatib kaltaklamasdi. Bu qonunsizlik va mushtumzo‘rlik, deydi Nosir Zokir.

O‘zbekistonda hokimlar, prokurorlar va boshqa mansabdor shaxslarning o‘z qo‘l ostidagi odamlarni kaltaklash holatlari ko‘p kuzatiladi.

O‘tgan yili Jizzax viloyati, Zarbdor tumani hokimi metallolom yig‘ish bo‘yicha vazifani bajarishga va‘da bera olmagan tuman Xalq ta‘limi bo‘limi mudirini kaltaklagan.

2011 yilning avgust oyida Jizzax viloyat Zarbdor tuman prokurori Dadajon Mubiyev Bo‘ston g‘isht zavodi direktori Bronislav Tagayni do‘pposlagani uchun ishdan bo‘shatilgan edi.

2010 yilda qiziriqlik fermerlar paxta rejasini bajarolmayotganligi uchun prokurordan kaltak yegan edi.
XS
SM
MD
LG