Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:19

Karimov bayonotidan so‘ng Toshkentda tilanchilar "tugatilmoqda"


Islom Karimovning 19 iyun kuni O‘zbekistonda hayot farovon bo‘lib ketganidan hech qayerda tilanchi qolmadi¸ degan gapidan so‘ng poytaxti bozorlarida tilanchilarga qarshi kurash ketmoqda.

O‘tgan hafta oxirida boshlangan bu kampaniyaning 25 iyun kuni ham davom etganiga Ozodlik hamkori shaxsan guvoh bo‘ldi.

Hamkorimiz Chorsu bozoridan sobiq GUMga olib o‘tuvchi yer osti yo‘lagida ona-bola tilanchilarni ikki militsiner kuch ishlatib haydagani to‘g‘risida xabar qildi.



Karimov tilanchi topolmadi


Prezident Karimov Jizzaxda mahalliy fermerlarga gap uqtirar ekan:

- Qidirsang topolmaysan tilanchini hozir. Mana, Xudoga shukur qilish kerak, yo‘q. Jizzaxda bormi kimdir qo‘lini tortib yo so‘rab o‘tirganlar? E‘tibor beringlar shunga.

Islom Karimovning bu gaplari 19 iyun kuni yangradi.

Ozodlik tilanchi bilan suhbatlashgan edi


Bundan 45 kun muqaddam, 10 may kuni esa, Ozodlikka aynan jizzaxlik bir tilanchi bog‘lanib¸ o‘z hayoti haqida hikoya qilgan edi:

Tilanchi: Men o‘zim ham, misol uchun, gadoychilikka chiqib turaman Toshkentda. Shu gadoychilik bilan boqaman oilamni.

Ozodlik: Necha yildan beri, o‘zingizning tilingiz bilan aytganda, gadoychilik qilasiz?

Tilanchi: 15 yillar bo‘ldi.

Ozodlik: Gadoychilikni qay shaklda qilasiz?

Tilanchi: Misol uchun, bozorlarga borib, duo qilamiz odamlarni. “Ollohim kasb-korlaringizga barakot bersin” deymiz. Xullas pulini olishga harakat qilamizda, odamlarning. Lekin yurakdan duo qilamiz.

Oilasini 15 yildan beri tilanchilik bilan boqib kelayotgan bu kishi bilan 25 iyun kuni yana bog‘landik. Uning aytganlariga lavhamiz oxirida qaytamiz.

Mahallada tilanchi yo‘q...


Toshkent shahri, Yunusobod tumanidagi mahallalardan biri qo‘mitasi vakilining so‘zlari avvaliga Islom Karimov aytgan fikrning tasdig‘iday eshitiladi:

Qo‘mita vakili: Yo‘q, unaqa oilamiz yo‘q. Ehtiyojmand oilamiz bor bitta. Lekin ular ham tilanchilik qilmaydi. O‘zlari ishlab, mehnat qilishadi, faqat yetkaza olmaydi. Unaqa tilanchilik qilib kun ko‘radigani yo‘q bizlarda.

Ozodlik: Boshqa joylardan, boshqa mahallalardan kelib tilanchilik qiladiganlar yo‘qmi?

Qo‘mita vakili: Bizlarniki yerli mahalla. Yerli mahallada bunaqa bo‘lmaydi. Bo‘lsa ko‘proq domli joylarda bo‘ladi. Misol uchun, boshqa joydan kelib, birovnikiga kvartirant bo‘lib turib olishadida, keyin tilanchilik qilishi mumkin. Yerli mahallada kim kirayapti hamma biladida. Bu yerga unaqa odamlar kela olmaydi.

...lekin mahalla chetida bor


Suhbat davomidan Yunusoboddagi mahallada yashaydiganlar orasida tilanchi yo‘q ekanligi tilanchilar umuman yo‘q, degani emasligi ayon bo‘ladi.

Ozodlik: Tilanchi bormi hayotda o‘zi? Ko‘zingiz tushadimi?

Qo‘mita vakili: Bor. Ko‘prikning oldiga boring, podzemniy xodlar borku, podzemniy xodlarda turadi baribir.

Latent tilanchi


Nogironlar tilanchilar safi siyraklashib qolmasligi garovidir.

Lekin toshkentlik Shuhrat aka ko‘zi ojiz bo‘lishiga qaramay, qo‘l ochib ko‘chaga chiqqan emas. Shunday bo‘lsa-da, u o‘zini “latent tilanchi”, deb biladi. O‘zining tilanchilik “usuli” to‘g‘risida mana bunday hikoya qildi u:

- Bizlarniki ko‘rinishi shunaqangiki, bir yoqqa stolovoyga borsak, pulini to‘layotganda yarim pulini beramiz yoki bo‘lmasa bir xillari (oshpazlar) mayli, kerakmas, deydi. Masalan, taksiga o‘tirsak, 5-10 minglik joyga 1000-2000 berib, shundan ozgina ekonom qilamiz. Meniki shunaqa hozircha. Hali unaqa ko‘chaga chiqqanim yo‘q. Ko‘chaga chiqish qoldi-da faqat tilanchilik qilishga. Bergan pensiyasi yetmaydi.

Tilanchilikdan qutulish garovi


Shuhrat akaning aytishicha, uning va unga o‘xshash boshqa nogironlar boshi uzra tilanchiga aylanib qolish tahdidi har doim mavjud.

"Bu tahdiddan qutulish uchun nogiron pensiyasi necha pul bo‘luvi kerak?", deb so‘radik Shuhrat akadan:

- Bir o‘ziga bo‘lsa kamida 400-500 ming kerak. Mana, masalan, men 200 ming olaman. Zo‘rg‘a ovqatimga yetadi. Na noski ololaman, na ko‘ylak ololaman, na trusik ololaman. Har bittasi qimmat turadi. 5-10 mingdan turadi. Ilgari 100 so‘mga soyuz paytida yashasa bo‘lardi, bir amallab. Ovqatingizga ham, yana bitta-yarimta shim, ko‘ylakka yetardi. Hozir unaqamas. Go‘sht degan narsani ko‘rayotganimiz yo‘q. 25 ming go‘sht, deb zorlandi toshkentlik “latent tilanchi” Shuhrat aka.

Tilanchilar klassifikatsiyasi


Prezidentning ko‘ziga tilanchilar ko‘rinmagani - ular yo‘q, degani emas.
Shu kundagi tilanchilarni hatto “faoliyat usullari” yoki “ishlaydigan” joylariga qarab klassifikatsiyalash mumkin.

Har holda farg‘onalik iqtisodchi Ma‘rufjon Abdurahmonovning hikoyasidan tilanchilarni “masjidchilar”, “bozorchilar”, “mahallachilar”, “musiqachilar”ga ajratdik. (Bu ishni Siz o‘zingiz davom ettirishingiz mumkin)

Ma‘rufjon Abdurahmonov ta‘rificha,

“Masjidchi” tilanchilar


- Juma masjidlarida bo‘ladi, doim bir xilda so‘zlar bilan tilanadi, bir xil gaplarni gapiradi, bir xil kiyim bilan turadi.

“Bozorchi” tilanchilar


- Bozorning darvozasi oldida turadi. Ko‘chada, aytaylik, magazinlarning oldida, qator aptekalar oldida. Doimiy ish joyi o‘sha yerda bo‘lganlar bo‘ladi.

“Mahallachi” tilanchilar


- Aylanib yurishadi. Ular uyma-uy yurib, ko‘p qavatli uylarning eshiklarida turadi. Boshlariga oq sallani o‘rab oladi, “qiladigan ehsoningiz yo‘qmi” deb turadi.

“Zamonaviy” tilanchilar


- Bundaylar idoralarga, tashkilotlarga kirib, “Falon joyda darveshona qilmoqchi edik, ataganlaring bo‘lsa bervoringlar”, deyishadi.

“Musiqachi” tilanchilar


- Odatda bir juft bo‘lishadi. Bittasi nog‘ora chaladi. Bittasi - boshqa asbob. Hindlarnikiga o‘xshash nog‘ora chaladiganlariyam bor.

Tilanchining millati yo‘q. Hammasi – o‘zbekistonlik!


Tilanchilarni klassifikatsiyalar ekan, farg‘onalik iqtisodchi Ma‘rufjon Abdurahmonov e‘tiborimizni tilanchilarning millatiga qaratishga urindi. Ularning orasida “o‘zbeklar oz, hatto deyarli yo‘q”, dedi.

Lekin Islom Karimov “O‘zbekistonda tilanchi qolmadi”, der ekan, o‘zbeklarnigina emas, barcha o‘zbekistonliklarni nazarda tutganini eslatmoqchimiz.

Jizzaxlik tilanchi: Men – men emas!


Mavzuni yoritishga tayyorgarlik ko‘rar ekanmiz, bundan 45 kun muqaddam, 10 may kuni suhbatlashganimiz jizzaxlik tilanchi bilan yana bog‘landik.

Maqsadimizni – Prezidentning tilanchilar to‘g‘risida aytganlaridan kelib chiqib, bir-ikkita savol bermoqchi ekanligimizni tushuntirdik.

“Adashdingiz”, dedi avvaliga o‘z ismini ham, kaminani ham tanib, may oyidagi suhbatimizni eslagan kishi, “bu mening telefonim emas va umuman, men – men emas”.

Tilanchi telefonini o‘chirdi – qo‘ydi.
XS
SM
MD
LG