Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:11

JCh-U20: O‘zbekiston - Xorvatiya 1:1


Kecha, 26 iyun kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Turkiyada o‘tayotgan 20 yoshgacha bo‘lganlar (U20) o‘rtasidagi Jahon chempionatida Xorvatiya yoshlariga qarshi maydonga tushdi.

Chempionatning “F” guruhi bellashuvlari doirasida o‘tgan uchrashuvda 1:1 hisobidagi durang natijasi qayd etildi.

O‘yindagi hisob birinchi bo‘limning 24-daqiqasida o‘zbekistonlik yosh futbolchi Sardor Rahmonov tarafidan ochildi. Jamshid Iskanderovning jarima maydonchasiga oshirib berilgan to‘pini Rahmonov raqib darvozasiga aniq yo‘llay oldi.

Xorvatiyalik yoshlar ikkinchi bo‘limda hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lishdi. 65-daqiqada urilgan golga Marko Livaya mualliflik qildi.

O‘yindan so‘ng o‘tkazilgan matbuot yig‘inida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Ahmadjon Musayev Xorvatiyaga qarshi o‘yinda g‘alabani maqsad qilgani, biroq durang natijasidan qoniqqanini aytdi.

- O‘yin yaxshi o‘tdi. Futbolchilarga rahmat, oxiriga qadar kurashganlari uchun. Biz maydonga g‘alaba uchun tushgandik, afsuski maqsadga erisha olmadik... Evropaning kuchli jamoalaridan biriga qarshi kechgan uchrashuvda erishilgan durang natija ham biz uchun yaxshi holat, - dedi murabbiy.



Xorvatiyaga qarshi o‘yin o‘zbekistonlik yoshlar uchun Jahon chempionatidagi ikkinchi uchrashuv bo‘ldi. Birinchi uchrashuvda O‘zbekiston jamoasi Yangi Zenlandiya jamoasini yirik 3:0 hisobida mag‘lub etgan edi.

Ayni damda Ahmadjon Musayev shogirdlari ikki o‘yinda 4 ochko to‘plagan holda "F" guruhida peshqadamlikni saqlab qoldi.

Ikkinchi pog‘onadagi Xorvatiya jamoasi ham to‘rt ochkoga ega, biroq gollar nisbati bo‘yicha O‘zbekiston jamoasidan ortda qolmoqda.

"F" guruhidagi bugungi ko‘rinish qo‘yidagicha:

Jamoalar O‘yinlar Ochkolar
1 O‘zbekiston 2 4
2 Xorvatiya 2 4
3 Ugurvay 2 3
4 Yangi Zenlandiya 2 0

O‘zbekiston guruhdagi so‘nggi uchrashuvini 29 iyun kuni o‘tkazadi. Unda yoshlar hozircha uch ochkoga ega urugvaylik tengqurlari bilan bellashadi.

Pley-off bosqichiga chiqish uchun urugvayliklarga qarshi o‘yinda Ahmadjon Musayev shogirdlariga durang natijasi kifoya qiladi.

Turkiyada o‘tayotgan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatida jami 24 jamoa qatnashmoqda. Chempionatning final o‘yini 13 iyul kuni Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadi.

Eslatamiz, mazkur chempionatga mezbonlik qilish uchun da‘vogar bo‘lgan mamlkatlar orasida O‘zbekiston ham bor edi. Biroq 2011 yili o‘tgan ovoz berish marosimida yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatini (U20) o‘tkazish huquqi Turkiyaga berilgan.
XS
SM
MD
LG