Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:33

Snouden yangi ma‘lumotlarni ochiqladi


Germaniya xavfsizlik xizmati AQSh Milliy xavfsizlik agentligining elektron ayg‘oqchiligiga aloqasi borligi iddao qilinmoqda. Ikki haftadan buyon Moskvaning “Sheremetyevo” tranzit hududida qolayotgan AQSh Markaziy razvedka xizmatining sobiq xodimi Edvard Snouden yangi ma‘lumotlarni tarqata boshladi .

AQSh tomonidan qidiruvga berilgan va allaqachon xalqaro siyosiy janjal sababchisi bo‘lishga ulgurgan Edvard Snouden Germaniyaning “Shpigel” jurnaliga bergan intervyusida nemis maxfiy xizmatlari o‘z fuqarolari ortidan kuzatuv o‘rnatsh uchun AQShning ayg‘oqchilik amaliyotlarida bevosita hamkorlik qilganini iddao qildi.

AQSh hukumatidan qochib yurgan Snoudenning iddao qilishicha ko‘ra, Germaniya xavfsizlik xizmati Amerikaning Milliy xavfsizlik agentligining telefon muloqotlarni eshitish va internet-xabarlarni noqonuniy kuzatish harakatlarida ko‘maklashgan.

Snoudenning ochiqlagan ma‘lumotlar Germaniya muxolifatidagi sotsial-demokratlar partiyasi vakili Zigmar Gabrielning nemis maxfiy xizmat xodimlari amerikaliklarning noqonuniy faoliyati to‘g‘risida xabardor bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deya bergan bayonotidan keyin paydo bo‘lgani unga jamoatchilik e‘tiborini kuchaytirdi.

Moskva aeroportida qochqinlik maqomini so‘rab turli mamlakatlarga murojaat qilib yotgan Edvard Snouden AQShning Milliy xavfsizlik agentligida maxsus tashqi ishlar bo‘linmasi mavjud bo‘lib, bu tuzilma ittifoqchi davlatlar xavfsizlik xizmatlari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelishini ochiqladi.

Ayni paytda, Germaniya Konstitutsiyasini himoya qilish idorasi rahbari Xans-Georg Maasen bir necha kun oldin nemis xavfsizlik idorasi xodimlari AQShning elektron ayg‘oqchiligi borasida bexabar bo‘lganini ta‘kidlagan edi.

Tranzit hududida yashirinib yurgan Edvard Snoudenga hozircha Venesuela va Nikaragua siyosiy boshpana berishga rozilik bergani ma‘lum bo‘ldi.

Ilgariroq WikiLeaks portali Snouden oltita mamlakatga siyosiy boshpana so‘rab murojaat qilgani haqida xabar berdi.

Shu bilan birga, 4 iyul – AQSh Mustaqilligi kuni – Amerikaning o‘nlab shaharida “4 o‘zgartishni tiklaymiz!” shiori ostida ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.

Namoyishchilar Kongressdan Patriot qonunini qayta ko‘rib chiqish va 2001 yilning 11 sentyabrida joriy qilingan qoidalarni bekor qilishni talab qilmoqda. Bu qonun Amerika maxfiy xizmatlariga deyarli barcha elektron aloqa vositalarini nazorat qilish huquqini bergan.

Iyun oyi boshida Edvard Snouden AQSh maxsus xizmatlari elektron ta‘qib dasturlari haqidagi maxfiy ma‘lumotlarni oshkor qilgandi. Vashington unga nisbatan milliy xavfsizlikka tahdid solganlikka oid ayblovlar qo‘ygan.
XS
SM
MD
LG