Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:56

Ukrainlar Svetlakovning "Eshagi"dan norozi


Rossiyalik taniqli aktyor va yumorist Sergey Svetlakov Kiyevdagi ko‘p qavatli uylardan birining birinchi qavatida o‘zbek restorani ochgani mahalliy aholining noroziligiga uchradi. Norozilik namoyishiga chiqqan fuqarolar “Eshak” restorani noqulayliklar tug‘dirayotgani, remont tufayli bino devorlarida yoriq paydo bo‘lganidan shikoyat qilmoqda. Svetlakov esa Ukrainada o‘zbek choyxona-restoranlari tarmog‘ini ochish niyatida.

Kiyevliklar Svetlakovning o‘zbek restoranidan norozi


Rossiyalik shoumen Sergey Svetlakov Ukraina poytaxtida “Eshak” deb nomlangan o‘zbek restoranini 20 may kuni ochganidan bir oy o‘tmasdan jiddiy muammolarga duch keldi.

“Ukraina” Saroyidan uzoq bo‘lmagan 85-raqamli Krasnoarmeyskaya ko‘chasidagi 9 qavatlik turar joy binosining birinchi qavatini egallagan bu restoranga qarshi mahalliy aholi chiqdi.



Ijaraga olingan 1100 kvadrat metr maydonidagi “Eshak” restorani qurilishi vaqtida bino darz ketgani, atrof chiqindilarga to‘lgani, yo‘l yoqasidagi daraxtlarning kesilishi changni ko‘paytirgani va restoranning o‘zida doimiy shovqin-suron va turli hidlar chiqayotgani binoda yashayotgan aholining noroziligiga sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Birinchi bo‘lib shov-shuvni ko‘targan shu uyda istiqomat qiluvchi arxitektor Eduard Belskiy Svetlakov vakillari ikki marotaba uchrashuvga kelgani, bino pod‘ezdlarini ta‘mirlab, bo‘yab berishni taklif qilgani, lekin uyda yashovchilar bu shartlarni va oshga takliflarni rad qilganini ma‘lum qildi.

Bundan tashqari, Svetlakov restoranga kiraverishida bog‘lab qo‘yilgan haqiqiy eshakka ozor berayotganlikda ayblanmoqda.

- Bizning reklama sifatida restoran oldiga bog‘langan eshakka ichimiz achiyapti. Kecha qattiq yomg‘ir yog‘di. Bular eshakni tsellofanqog‘ozga o‘rab qo‘yishibdiki, u chunon baqirdi – hammamiz balkonlarga chiqib ketibmiz,- deydi Ukrainaning Yangi telekanalidagi “Pirani” dasturi jurnalistlariga piketchilardan biri.

Boshqa bir nafaqaxo‘r shaxs esa ularni birov qo‘rqitayotgani va tahdid qilayotganidan shikoyat qildi.

Kiyevliklarning aytishicha, tashqariga sigaret chekkani chiqayotgan oshxona va restoran xodimlari mahalliylarga qo‘pollik qilgan va qo‘rqitgan.

Ukrainaning millatchilar partiyalaridan biri allaqachon bu vaziyatdan foydalanib, Svetlakovni mahalliy shahar rahbariyati va hatto hukumatda “krishasi” borligini iddao qilib chiqdi.

Kiyevliklar bu restoran egalari ustidan hatto prezident Viktor Yanukovichga xat yuborilganini gapirmoqda.

Ozodlikning vaziyat yuzasidan izoh so‘rab qilgan murojaatiga Kiyevdagi “Eshak” restorani boshqaruvchisi Yelena Balmiler bino yoriqlari 50 yil oldin paydo bo‘lgani, quruvchilar barcha talablar asosida ta‘mirlash ishlarini olib borganini ma‘lum qildi. “Ular restoran egalari hisobidan uylarida ta‘mirlash ishlarini o‘tkazish yoki pul talab qilyapti”, deya qo‘shimcha qildi

- Hozir biz yashovchilarning barcha talablarini bajarishga urinyapmiz, eshakni yana egasiga qaytarib berdik, chiqindilarni shaxsiy konteynerga tashlayapmiz va hokazo,- dedi restoran boshqaruvchisi.


Palov Ukrainani egallayapti


Jurnalistlar “Nasha Russia” va “Projektorperisxilton” shoulari yulduzi Sergey Svetlakov bu restoran qurilishiga 1,5 million dollar sarflaginini gapirishmoqda.

Restoranni o‘zbekcha uslubda bezash bilan mashhur moskvalik dizayner shug‘ullangan bo‘lsa, jihozlash uchun buyumlar Italiyadan keltirilgani aytildi.

Kiyevliklarni faqat o‘zbek taomlari bilan ziyofat qilish uchun Sergey Svetlakov O‘zbekistondan maxsus usta-oshpazni taklif qilgan. Nisbatan arzon narxlarda restoranda 120 ortiq o‘zbek taomlari taklif etilayotgani diqqatga sazovor.

“Eshak”da mehmonlarga tortilayotgan har bir taomni Sergey Svetlakovning o‘zi tanlagani va tatib ko‘rgani aytildi.

Restoran xodimlari ichkarida palovni xush ko‘rlgan Merilin Monro, Mao Tszedun va Albert Eynshteyn portretlari osilgan ikkita yangi zal ochilganini ma‘lum qilishdi.

Ochilish marosimida Sergey Svetlakov o‘zbek taomlari Rossiyada ko‘plab o‘z muxlislariga ega bo‘lib borayotgani, to‘yimli, mazali va nisbatan arzon masalliqlardan tayyorlanishi bois Ukraina mazaxo‘rlariga ham tez orada xush kelishiga ishonishini gapirgan.

O‘zbek taomlariga ukrainaliklarni o‘rgatishni maqsad qilgan Sergey, ish yurishib ketsa, “Eshak” choyxona-restoranlari tarmog‘ini ochish rejasida.

“Nima sababdan restoran restoran ruschasiga “Ishak” emas, lotincha “Eshak”, deb nomlangan”, degan savolimizga, restoran boshqaruvchisi Yelena Balmiler “Bilmadim, inglizchasiga bo‘lsa kerak”, deb kuldi.
XS
SM
MD
LG