Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:55

Toshkent yemakxonalarida iftor o‘tkazish taqiqlandi


Toshkent shahridagi restoranlarga Ramazon oyida iftorlik uchun buyurtma qabul qilish taqiqlandi. Restoranlar ma‘murlaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, bu haqda Toshkent shahar hokimligining maxsus buyrug‘i bor.

Shahardagi restoranlardan bir nechasiga mijoz tariqasida bog‘langan Ozodlik muxbiri deyarli bir xil javob oldi.

Deyarli barcha restoranlarda avvaliga telefon go‘shagini ko‘targan xodimlar "iftorlik" so‘zini eshitishi bilan masalani ma‘murlarga oshirdilar:

"Bizdan stol buyurtma qilishingiz, xohlagan paytingizda kelib, xuddi "gap" yoki boshqa tadbir o‘tkazganday qilib tutsangiz o‘zingizni, ya‘ni, o‘zingizni iftorlik o‘tkazganday qilib tutmasangiz, unda mayli buyurtmangizni qabul qilamiz. Lekin unaqa oshkora iftorlik qilish taqiqlandi", dedi Mirobod tumanida sharqona uslubda qurilgan hashamatli restoranlardan birining menejeri.

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi restoranlardan biri menejeri ham mijoz tariqasida bog‘langan Ozodlik muxbiriga deyarli ayni javobni berarkan, ayni hol o‘tgan yili ham kuzatilganini qo‘shimcha qildi:

"Iftor o‘tkazishlar taqiqlangan. Daa. O‘tgan yiliyam taqiqlangan edi. Daje o‘tgan yili shahar hokimi hamma restoranlarni xo‘jayinlarini chaqirib, iftorlik qilmaysizlar, deb lichno aytgan", dedi sovet zamonlaridan buyon ishlab kelayotgan restoran sohibi.

Ayni paytda u shahar hokimiyatining bu qaroridan noroziligini ham qo‘shimcha qilib o‘tdi:

"Men shuni hech tushunmayman - ramazonda nega iftorlikni zapreshchatь qilishadi. Baribir hamma iftor qiladi bizni o‘zbeklarda. A restoranda hammaga qulay hozir. Temboleye iftorlik kech bo‘layapti, to‘g‘rimi? Kelasiz mehmonlaringiz bilan, yeysiz, turasiz-ketasiz. A uyda qancha ovvoragarchilik to‘g‘rimi?" deya noroziligini bildirdi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi oshxona sohibi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu restoranda o‘tgan yili ham iftorlik berilgan va bu yil ham iftorlik buyurtmalari qabul qilinadi.

"Potixonьku, potixonьku o‘tkazamiz endi, nima qilamiz?! O‘tgan yili ham o‘tkazdik ha. Bu yil hali zakaz tushmadi. Birinchi bo‘lib siz telefon qildingiz", dedi restoran ma‘muri.

Shundan so‘ng Ozodlik muxbiri Toshkent, Samarqand, Buxoro viloyatlaridagi restoranlarga ham bog‘lanib ko‘rdi.

Viloyatlardagi restoranlar sohiblari esa iftorlik o‘tkazmaslik tavsiya qilingan bo‘lsada, bemalol iftorlik o‘tkazish mumkinligini aytmoqdalar.

"Hay kelaveringlar bemalol. Iftorlikka, deb kelsangiz ham mayli. Necha kishi kelasizlar shuni aytib qo‘ying", dedi darhol buyurtmani qabul qilishga oshiqqan samarqandlik restoranchi.

Ayni paytda mijozga aylangan Ozodlik muxbiri bilan suhbatlashgan restoran va oshxonalarning deyarli hammasi taomlarining halolligini ta‘kidladilar.

Biroq ularning barchasida ramazon paytida ham spirtli ichimliklar sotilishi aytildi.

Ozodlik muxbiri bilan so‘zlashgan toshkentlik ro‘zadorlarga ko‘ra, Ramazon oyining ilk kunlari bo‘lgani bois hali iftorlik mavsumi boshlanib ulgurgani yo‘q.

Hozircha mahalla-ko‘ylardagi aholi uylarida oz sonli ro‘zadorlar ishtirokida iftorliklar bo‘lmoqda. Bu iftorliklar ham mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari nazorati ostida o‘tkazilmoqda.

2008-2009 yillar davomida O‘zbekistonda ishlab turgan qator halol oshxona, kafe va restoranlar yopib qo‘yilgan edi.

2011 yilda esa hukumat topshirig‘i bilan O‘zbekistondagi savdo do‘konlari va bozorlar peshtaxtalarini to‘ldirgan halol mahsulotlardan "halol" yorlig‘i olib tashlandi.

2013 yilga kelib, ma‘lum bo‘lishicha, O‘zbekiston hukumati "halol" standartidan tamomila voz kechgan.

Toshkentlik ro‘zador pensioner Abdumannon Xoljo‘rayev "halol" tamg‘a olingan bo‘lsada, odamlar orasida halol, deb nom chiqargan ovqatlanish muassassalari borligini aytadi:

- Lekin ularning aksariyatiga hozir bar qo‘shilgan. Bar bor, degani bu yerda algokol sotiladi, deganida. Hozir hammasiga majburlab bar qo‘shtirilgan, dedi Xoljo‘rayev.

2010 yildan buyon O‘zbekistonning Toshkent shahri va qator viloyatlaridagi umumiy ovqatlanish muassassalarida spirtli ichmliklarni sotish talab qilinayotgani aytilgan edi.
XS
SM
MD
LG