Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:32

Rossiyada noqonuniy muhojirlarni saqlash uchun 83 markaz quriladi


Politsiyachini dog‘istonliklar kaltaklaganiga qaramasdan, “tozalash ishlari” asosan markaziy-osiyolik mehnat muhojirlariga qaratilmoqda.
Politsiyachini dog‘istonliklar kaltaklaganiga qaramasdan, “tozalash ishlari” asosan markaziy-osiyolik mehnat muhojirlariga qaratilmoqda.
Rossiya Federal Migratsiya xizmati mamlakatning barcha federal mintaqalarida noqonuniy migrantlarni vaqtinchalik saqlash markazlarini tashkil qilishni rejalashtirmoqda. Hukumat muhokamasiga taqdim etilgan qonun loyihasida tashkil qilinadigan 83ta lagerni qo‘riqlash va boshqarishga qo‘shimcha 4661ta xizmatchi yollash ko‘zda tutilgan.

FMS: Xorijliklarni saqlash markazlarini qurish davom etadi


Moskvaning Golyanovo tumanidagi noqonuniy muhojirlarni saqlash markazi kabi lagerlar Rossiyaning barcha viloyat, o‘lka va respublikalarida tuzish rejasi ishlab chiqilmoqda.

Rossiya Federal Migratsiya xizmati (FMS) ishlab chiqan tegishli qonun loyihasi allaqachon regulation.gov.ru saytiga chiqarib qo‘yildi. Hujjatda “sud qarori bilan Rossiya Federatsiyasidan chiqarib yuborilishi yoki deportatsiya qilinishi kerak bo‘lgan xorij fuqarolarini saqlashga mo‘ljallangan maxsus muassasalar” tarmog‘ini tuzish asoslab berilgan.

Loyiha mualliflariga ko‘ra, noqonuniy migratsiya bilan samarali kurashish uchun Rossiyaning 81 mintaqasida 83 ta maxsus markaz tashkil qilish zarur. Bu muassasalarning ishini ta‘minlash uchun Migratsiya xizmati hukumatdan qo‘shimcha 4661 xizmatchini yollashga mablag‘ ajratishni so‘ramoqda.

Hozirda Rossiya bo‘ylab noqonuniy muhojirlarni saqlashga mo‘ljallangan 21ta maxsus markaz faoliyat olib boradi. Rossiya Ichki ishlar vazirligiga qarashli bu muassasalar tarmog‘i 2014 yilning 1 yanvaridan FMS boshqaruviga o‘tishi e‘lon qilindi.

Biroq, Ozodlik so‘roviga Rossiya Migratsiya xizmatining Moskva bo‘yicha boshqarmasida gap hech qanday lagerlar haqida ketmayotgani, bu reja asosida qurilishi kerak bo‘lgan noqonuniy muhojirlar uchun maxsus markazlar ekanini ta‘kidlashdi.

Moskvaliklar Sobyaninni qo‘llab-quvvatlamoqda


Noqonuniy muhojirlarni qayerda saqlash o‘tgan hafta Moskvada boshlangan ommaviy “tozalash” amaliyoti boshlangandan keyin dolzarb masalaga aylandi.

Moskva shahar politsiya bo‘linmalariga qarashli priyomniklar migrantlar bilan liq to‘lganidan keyin, shahar hukumati ular uchun 2-Irtishskaya ko‘chasida 900 kishiga mo‘ljallangan chodir shaharcha qurgan edi.

Bu yerga keltirilgan muhojirlar sud qarori bilan deportatsiya qilinishini kutmoqda. Moskva Ichki ishlar boshqarmasidan olingan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, u yerda allaqachon 500 ziyod odam joylashtirilgan. 27 iyul kuni boshlangan “zachistka” natijasida Moskva bozorlari, savdo hududlari, ishlab chiqarish va qurilish ob‘ektlarida rasman 4 mingga yaqin odam hibs etilgani, “jinoiy guruh tuzish” va “noqonuniy migratsiyani tashkil etish” moddalari asosida 12ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgani xabar qilinmoqda.

Shuningdek, Moskva shahar politsiya boshqarmasi noqonuniy muhojirlarga yashash uchun uy-joy bergan moskvaliklarni ham javobgarlikka tortayotgani, “rezina kvartiralari”ni (sanoqsiz muhojirlar ro‘yxatga olingan kvartiralar-tahr.) aniqlash bo‘yicha shaharda tekshiruvlar ketayotganini ma‘lum qilib bormoqda. Ichki ishlar va FMS olib borgan “zachistkalar”dan keyin Moskvaning bir nechta yirik savdo bozorlari yopilgani ma‘lum bo‘ldi.

Ayni paytda, Internet tarmoqlarida Moskva viloyatida Golyanovo lageriga o‘xshash chodir shaharchalar paydo bo‘lishi to‘g‘risida mish-mishlar paydo bo‘ldi.

Podmoskovyening Yegoryevsk shaharchasi aholisi noqonuniy muhojirlarni saqlash markazi qurilishiga qarshi chiqdi.

“VKontakte” tarmog‘ida tuzilgan maxsus sahifada “Do‘stlar! Bizning uyimizda – Yegoryevskda – falokat ro‘y berdi! Bizning fikrimizni inobatga olmasdan, Mixail Lavrov (shahar hokimi-tahr.) tumanimiz hududida nolegallar uchun Migratsiya markazini tuzishga ruxsat beruvchi hujjatlarga imzo chekdi. Bu degani Moskva va viloyatning BARChA noqonuniy muhojiri bizga keltiriladi!”, degan e‘lon paydo bo‘ldi.

Yegoryevskda tarqatilgan bu varaqa ortidan shahar Munitsipal jamoatchilik palatasi bir guruh vakillari tashlandiq harbiy shaharcha o‘rnida qurilajak maxsus priyomnikka “qat‘iy qarshi ekani”ni bildiruvchi murojaatnomani viloyat gubernatori va Dumasiga yubordi.

Shu o‘rinda, Yegoryevsk hokimi Mixail Lavrov bunday markaz tuzilishi to‘g‘risida hech qanday gap-so‘z bo‘lmagani to‘g‘risida bayonot berdi.

Moskva shahar politsiya boshqarmasi rahbari Anatoliy Yakunin shaharda o‘tkazilayotgan amaliyotni “bozorlarni kriminaldan tozalash” va “etnik jinoyatchilikka qarshi kurash” deb atadi. Unga ko‘ra¸ politsiyaning bu hatti-harakatlari 27 iyul kuni Matveyevskiy bozorida jinsiyo tajovuzda ayblangan shaxsni hibs etgani kelgan operativ xodimning kaltaklanishiga nisbatan “adekvat” javobdir.

Yuqorida tilga olingan mushtlashuvda Moskva politsiyasi xodimlari va dog‘istonlik fuqarolar ishtirok etganiga qaramasdan, “tozalash ishlari” birinchi navbatda negadir markaziy-osiyolik mehnat muhojirlariga qaratilganiga Moskva rasmiylari tomonidan biror izoh berilganicha yo‘q.

Mutaxassislar olib borilayotgan amaliyotlarni shu yilning 8 sentyabriga belgilangan Moskva shahar meri lavozimiga bo‘lajak saylovlar bilan ham bog‘lamoqda.

Butunrossiya ijtimoiy fikrni o‘rganish jamoatchilik markazi kuni-kecha o‘tkazgan so‘rovi natijalariga ko‘ra, o‘tgan bir hafta davomida vaqtinchalik hokim vazifasini bajaruvchi Sergey Sobyanin uchun ovoz berish istagida bo‘lgan moskvaliklar soni ko‘paygan. Muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyga 9 foiz moskvalik ovoz berishini bildirgan bo‘lsa, Sobyanin uchun allaqachon poytaxtning 55 foiz fuqarosi ovoz berishga tayyorligi qayd etildi.
XS
SM
MD
LG