Линклар

Xayriya qilgani uchun qamalgan mahkum qamoqda o‘ldi


O‘zbekiston qamoqxonalaridan yiliga o‘nlab mahbusning mayiti chiqishi aytiladi.
O‘zbekiston qamoqxonalaridan har yili o‘nlab mahbusning mayiti chiqishi aytiladi. Abduvohid Abdurahmonov o‘shalardan yana biri bo‘ldi. Diniy ekstremizmda ayblanib, 9 yilga kesilgan toshkentlik 36 yoshli yigit bu muddatning dastlabki 10 oyi o‘tar-o‘tamas olamdan o‘tdi.

Navoiy qamoqxonasidan jasadi kelgan 36 yashar Abduvohid Abdurahmonov yakshanba kuni Toshkentda dafn qilindi.

Abduvohid Abdurahmonovning onasi va yaqinlari Ozodlik radiosi bilan suhbatda taqdirga tan berganliklari va jasadning tanasida qiynoq alomatlari yo‘qligini ta‘kidlash bilan cheklanishdi.

Ozodlik manbalarining aytishicha¸ ayni paytda marhumning oilasiga matbuotga gapirmaslik borasida bosimlar bo‘lmoqda.

Abduvohid Abdrurahmonov, o‘tgan yilning noyabr oyida qo‘lga olinib, shu yilning aprelida Toshkent shahar jinoiy ishlar mahkamasi tomonidan diniy ekstremistik guruhga a‘zolikda aybdor deb topilib, 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Mahkama¸ Abdrurahmonovni hijratdagi taniqli imom Obidxon qori Nazarovning tarafdori va "Jihodchilar" guruhi a‘zosi deya ayblagan edi.

Shuningdek Abdrurahmonov zimmasiga mahkama davomida "diniy ekstremistik guruhga a‘zolik" va "Konstitutsion tuzumga tajovuz qilish" kabi qator ayblar ham yuklangan.


Xayriya uchun qamoq


Qamoqdan jasadi chiqqan Abduvohid Abdurahmonov o‘tgan yilning noyabr oyiga qadar tanishlaridan pul yig‘ib, O‘zbekiston qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan dindor mahkumlarga oziq-ovqat¸ kiyim-kechak olib borib turgan.

Toshkentning Uchtepa tumani turg‘uni Abduvohid Abdurahmonov qamoqdagi o‘z yaqinlarining moddiy ahvolidan xabar olish uchun o‘z qarindoshlari va tanishlaridan xayriya yiqqani bois O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati nazariga tushadi.

Abduvohid Abdurahmonov va unga yaqin tanish bo‘lgan yana besh kishi o‘tgan yilning kuzida Toshkentda hibsga olinadi.

Mahkumlarga qarindosh-urug‘dan insonparvarlik ërdami yig‘ish O‘zbekistondagi mavjud qonunlarga ko‘ra jinoyat hisoblanmaydi.

Mahkama jaraënini kuzatgan va ismi oshkor qilinishini istamagan Ozodlik manbasining aytishicha¸ Abduvohid Abdurahmonov qiynoqlar vositasida diniy ekstremistik guruhga a‘zolik va Konstitutsion tuzumga tajovuz qilish kabi qator ayblariga “iqror qildirilgan”.

Manbaning aytishicha, Abduvohid Abdurahmonovning tanishlari ham tazyiqlar bois “fosh qiluvchi ko‘rsatmalar” berishga majbur bo‘lishgan.

Manbaga ko‘ra¸ tergov mobaynida Abduvohid Abdurahmonov bilan birga qo‘lga olingan 39 yoshli Abdurashid Horunovning rafiqasi 15 sutkaga qamalib, erining tanishlariga qarshi ko‘rsatma berishga majburlangan.

Ana shundan keyin Abduvohid Abdurahmonov va yana besh nafar toshkentlik fuqaro mahkama tomonidan hijratdagi imom Obidxon qori Nazarovning tarafdori va "Jihodchilar" guruhi faoli deb topilib, uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Toshkent mahkamasi bu shahslarning Obidxon qori Nazarov to‘qsoninchi yillarda imomlik qilgan Toshkentdagi To‘xtaboy masjidida jamoat namozlariga qatnashganini jinoyat isboti sifatida malakalagan.

Toshkentdagi Ekspert ishchi guruhi bu mahkama jaraëni bo‘yicha baënot chiqarib O‘zbekistonda “jihodchilar” guruhiga qarshi jinoyat ishi soxtalashtirilgani va mahkumlarning iqrorlik ko‘rsatmalari qiynoqlar ostida olinganini ta‘kidlagan edi.

Mahkumlarga hayriya yiqani uchun “Jihodchi” deb topilgan Abduvohid Abdurahmonov 9 yilga Ozodlikdan maxrum qilinib, jazoni Navoiy viloyatidagi 46-sonli muassasada o‘tab kelgan.

Bundan 10 oy oldin uyidan olib ketilgan Abduvohid Abdurahmonovning jasadi maxsus xodimlar¸ mahalla oqsoqoli va posbonlari hamrohligida uyiga keltirilib, tez dafn qilish buyurilgan.


Har yili o‘nlab jasad


O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromovning iddao qilishicha¸ har yili O‘zbekiston qamoqxonalaridan o‘nlab mahkumning jasadi chiqadi va aksar hollarda ularning qiynoqlar natijasida halok bo‘lgani qayd qilinadi.

Joriy yilning 29 fevralida "Hizb ut-Tahrir" guruhiga a‘zolikda ayblanib, 13 yildan buyon Navoiyda qamoq jazosini o‘tayotgan toshkentlik mahkum, 41 yoshli Abdurahmon Sagdiyevning qamoqdan o‘ligi kelgan edi.

Bundan oldin Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tergov izolyatoridan 40 yoshli Shovkatjon Nurmatovning jasadi chiqqan edi.

Ozodlik o‘tgan yilning boshida O‘zbekiston Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Shodiyev nomiga ikkita xat yo‘llab, O‘zbekiston qamoqxonalaridagi o‘lim holatlari va qiynoqlar qo‘llanilishi borasidagi iddoalarga oydinlik kiritishni so‘radi.

Ammo oradan bir yarim yil o‘tib ham, qamoqxonalardagi vaziyat uchun ma‘sul idoradan javob olmadik.
XS
SM
MD
LG