Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:05

AQSh Iroqdagi Al-Qoyda rahbarining boshi uchun $ 10 million mukofot e‘lon qildi


Iroq bo‘ylab shanba kuni amalga oshirilgan hujumlarda kamida 69 kishi nobud bo‘ldi, yuzlab odam jarohat oldi. Tinch aholiga qarshi uyushtirilgan hujumlarni keskin qoralagan Vashington Iroqdagi Al-Qoyda rahbari Abu Bakr Al-Bag‘dodiyni tutishga yordam berganlarga 10 million dollar mukofot puli berilishini yana bir marta qaytardi.

AQSh hukumati 10 avgust kuni Iroqda amalga oshirilgan hujumlarni qoralab portlashlar sodir etganlarni “Islom dushmanlari” deb atadi.

AQSh Davlat departamenti Bag‘dod shahridagi kafelarda Ramazon xayitini nishonlayotgan oilalarga qarshi hujumlar uyushtirgan va odamlar bilan gavjum bozorlarda portlashlar sodir etganlarni “qo‘rqoqlar” deya atadi.

Iroq rasmiylariga ko‘ra, shanba kuni mamlakat bo‘ylab sodir etilgan portlashlar oqibatida kamida 69 odam halok bo‘lgan.

Bag‘dodda amalga oshirilgan portlashlarda kamida 57 kishi nobud bo‘lgan, yuzlab odam jarohat olgan.

Iroq xavfsizlik kuchlari rasmiylariga ko‘ra, eng katta portlash Bag‘dodning janubi-sharqiy qismida joylashgan ochiq bozorda kun botishiga yaqin sodir etilgan.

Bag‘dodning shailar yashaydagan mavzelaridagi kafelar, bozorlar va restoranlarda kamida 11 ta bomba portlagan.

Ramazon xayiti munosabati bilan odamlar ko‘p to‘planadigan joylarda xavfsizlik choralari kuchaytirilganiga qaramay shanba kungi mudhish portlashlar sodir etildi.

Shialar uchun muqaddas hisoblangan Karbalo shahrida avtomobilga o‘rnatilgan bomba portlagani oqibatida kamida to‘rt odam o‘ldi, 11 kishi jarohat oldi.

Karbalo shahrida yashovchi Abu Ala Reyters axborot agentligiga portlash haqida bularni aytdi.

- Men piyoda ketayotgan edim. O‘sha yerga bir mashina kelib to‘xtadi. Men yurib ketaverdim. Bir necha daqiqadan keyin portlash ro‘y berdi. Hukumatimiz qayerga qarayapti? Xavfsizlik xodimlari qani? Agar Bosh vazir (Nuriy Al-Malikiy) xavfsizlikni ta‘minlay olmasa, boshqalarga o‘rnini bo‘shatsin. Men biror ish qila olmasam, boshqalardan o‘sha ishni qilishni iltimos qilaman. Nima uchun amalga yopishib olgansiz? Hozir xayit bayrami ammo odamlar o‘lishda davom etmoqda, dedi Karbaloda yashovchi Abu Ala.

Aksar aholisi shia bo‘lgan Nasiriya shahridagi park oldida ikkita mashinaga o‘rnatilgan portlovchi qurilga ishga tushirilgani oqibatida kamida olti odam o‘ldi, 25 kishi yaralandi.

Iroq shimolida joylashgan Kirkuk shahridagi shialar masjidlariga qarshi uyushtirilgan bomba hujumlarida kamida bir kishi nobud bo‘ldi, besh odam jarohat oldi.

Shanba kungi portlashlar iyul oyidan beri Iroqda bir kunda eng ko‘p talafot ko‘rilgan hujumlar bo‘ldi.

20 iyul kuni Iroq bo‘ylab sodir etilgan portlashlar oqibatida kamida 71 kishi nobud bo‘lgan edi.

Iroq rasmiylariga ko‘ra, bu yil muqaddas Ramazon oyida mamlakatda 670 odam hujum qurboni bo‘lgan.

Bu Iroqda sunniylar va shialar o‘rtasida mazhablararo urush 2007 yilda avjiga chiqqanidan beri mamlakatda eng ko‘p talafot ko‘rilgan oy bo‘ldi.

Yaqinda Iroq hukumati e‘lon qilgan ma‘lumotlarda iyul oyida mamlakat bo‘ylab amalga oshirilgan hujumlarda salkam 1000 kishi halok bo‘lgani bildirilgan.

Vashington Iroqdagi Al-Qoyda rahbari Abu Bakr Al-Bag‘dodiyni tutishga yordam berganlarga 10 million dollar mukofot puli berilishini yana bir karra qaytardi.

Suriyada boshpana topgani taxmin qilinayotgan Al-Bag‘dodiy 2011 yildan beri Iroqda hujumlar uyushtirilishiga boshchilik qilib kelmoqda.

Yaqinda Abu-G‘raib qamoqxonasining janggarilar tomonidan shturm qilingani natijasida yuzlab mahbusning qamoqdan qochishga muvaffaq bo‘lgani, Iroq Adliya vazirligi binosida xudkush hujum uyushtirilgani va va boshqa shu kabi hujumlar ortida Abu Bakr Al-Bag‘dodiy turgani aytiladi.
XS
SM
MD
LG