Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:52

Toshkentda masjid qurilishi uchun uylar buzilmoqda


Toshkent shahar Yunusobod tumaniga qarashli Minor mahallasida qurilajak yangi jome masjidiga joy ochish uchun o‘nlab aholi uylari, tijorat maskanlari buzilmoqda.

Uysiz qolganlarga¸ Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ boshqa tumanlardan yer maydoni taklif qilinmoqda.

– Buzilayotgan uylarning aksariyati eski uylar bo‘lib, shu uy egalariga o‘rniga o‘rin uy yoki yer joy berilyapti,- deb bildirdi shu mahallada yashovchi aholi vakillaridan biri.

Minor mahallasidagi uy egalaridan biri eski uylar buzilishi haqida mahalla aholisi juda kech, iyul oyi oxirlarida ogohlantirish olganliklari va buzish ishlari ikki hafta o‘tib boshlanganini aytishadi.

– Hech-kim hech narsa bilmaydi, nimaga buzishayotganini. Masjid qurilarmish degan gap bor. Hozir Intranservis va unga yaqin uchastkalar ham buzilmoqda,- dedi o‘z ismni aytmaslik sharti bilan Ozodlik radiosiga gapirgan Minor mahallasi vakillaridan biri.

Minor mahallasidagi Intranservis avtomobillarga texnik hizmat ko‘rsatish korxonasining shoxobchasi ham buzilmoqda.

– Hozir moykani buzishyapti, zapravka ishlayapti. Kelajakda nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Shu yerda masjid qurilar ekan,- dedi Intranservis xodimlaridan biri.

Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi rasmiylaridan biri Minor mahallasidagi uylar yangi qurilajak masjidga joy ochish uchun buzilayotganini tasdiqladi.

– U yerda masjid qurilishi haqida prezidentning farmoni bor, bu farmon ikki hafta oldin qabul qilingan. Shu mahallada yashaydigan fuqarolarning diniy va dafn marosimlari uchun sharoitni yaxshilash borasidagi murojaatlari e‘tiborga olinib, u yerda masjid qurilsin, deb yozilgan shu farmonda,- dedi boshqarma rasmiysi.

Ammo, qanaqa masjid qurilishi haqida gap ketyapti, bu haqda boshqarma rasmiysi ma‘lumot berolmasligini aytdi.

Minor mahallasida masjid qurilishi haqida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasidagi Diniy ishlar qo‘mitasi rasmiylari ham Toshkentdagi Diniy idora mas‘ullari ham hech-narsa bilmasliklarini aytishdi.

Ayni paytda, Minor mahallasida quriladigan masjidni rossiyalik o‘zbek milliarderi Alisher Usmonov moliyalashtirayotgani, bunga katta mablag‘ ajratgani haqida gap-so‘zlar bor.

Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi rasmiysi masjid qurilishini kim moliyalayotgani haqida ma‘lumotga ega emasligini aytdi.

Avvalroq, Toshkent viloyatining Zangiota, Yangiyo‘l, Quyichirchiq, O‘rtachirchiq va Yuqorichirchiq tumanlari hududidan o‘tadigan 22 kilometr uzunlikdagi yangi qurilayotgan halqa yo‘li bois ushbu tumanlardagi o‘nlab aholi uylari buzildi.

Buzilayotgan uylar xususiy qurilish tashkilotlari tomonidan bozor narxlaridan bir necha barobar kam bo‘lgan narxda baholanayotgani haqida ham shikoyatlar bor.

Uy egalari esa buzish haqida ogohlantirish olgan paytdan boshlab sudga shikoyat bilan murojaat etish imkoniyatga ega bo‘lsalar-da, ko‘pchilik hokimiyat bilan sudlashishni istamay, o‘z xonadonlarini buzuvchilarga bo‘shatib berishdan boshqa chorasi qolmagan.
XS
SM
MD
LG