Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:44

Toshkent viloyatida kollej o‘quvchilari paxtaga chiqishni boshladi


Toshkent viloyatidagi kollejlarning 2-va 3-kurs o‘quvchilari 17 sentyabrdan paxta terimiga olib chiqila boshladi. Kollejlar mamuriyati 1-kurs o‘quvchilari kollejlarda uzluksiz o‘quv jarayonini ta‘minlash maqsadida paxtaga olib chiqilmayotganini aytmoqda.

Toshkent viloyatidagi Sanoat qurilishi kasb-hunar kolleji ma‘muriyati 2- va 3-bosqich talabalari 16 sentyabr kuni viloyatning paxta yetishtiriladigan tumanlariga paxta terimiga olib chiqilgani haqidagi xabarni tasdiqladi.

- Hozir kuratorlari bormagan o‘quvchilarga telefon qilib, ularni yig‘ayapti. Ertaga soat 7 yarim 8 lardan ketadi. Ulgurmaganlar bolalarini o‘zlari olib borib tashlaydi keyin,- dedi kollej ma‘muriyati xodimi.

Ismini ochiqlamayotganimiz bu xodim paxta mavsumida kollejdagi o‘quv jarayonini uzluksiz davom etishi, shu bois 1-bosqich o‘quvchilar olib qolinayotganini aytdi.

- 1-kurslarimiz hozir borayotgani yo‘q hali, o‘qishda, dedi kollej xodimi.

Ayni kollejda tahsil oladigan o‘quvchilardan biri Ozodlikning “WhatsApp Paxtakor” blogiga yozgan maktubida paxta terimiga chiqishni istamaganlar diplomini ololmasligidan ogohlantirilayotgani haqida yozgan edi.

Quyida o‘sha maktub o‘zgarishsiz keltirilmoqda:

"... man kolej okuvchisiman agar paxtaga bormasen diplomingni bermimiz kursdan kursga koldiramiz diyishvoti shunga xakligi bormi kolej mamuriyatini..."

Ozodlik bu maktubga nomi tilga olingan kollej ma‘muriyatidan hozircha biror izoh ololmadi.

Ammo, ismini ochiqlamayotganimiz xodim paxta terimiga chiqish majburiy ekanini ta‘kidladi.

Toshkent viloyati hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi ham kollej o‘quvchilari paxta terimiga chiqarilayotganini tasdiqlar ekan, bu jarayon qishloq xo‘jaligi soxasi xodimlari ko‘ngilli yordam tariqasida amalga oshirilayotganiga ishora qildi. Bu xodim Ozodlikka intervьyu berishdan bosh tortdi.

Ayni paytda respublikaning Samarqand, Namangan va Jizzax viloyatlarida ham kasb-hunar kollejlarining yuqori kurs o‘quvchilari paxta terimiga olib chiqila boshladi.

Jumladan, Samarqand viloyatidagi Tibbiyot kasb-hunar kolleji ma‘muriyati aynan bugun viloyat hokimligi vakillari ishtirokida yig‘ilish bo‘lgani va unda o‘quvchilarni qaysi hududlarga paxtaga yuborish masalasi muhokama qilinganini aytdi.

"Hozir katta majlis bo‘ldi va o‘qituvchilarga hammasini tushuntirishdi. Endi ular bolalarga aytadida. Hozir o‘zi hamma paxtaga tayyorku", dedi Tibbiyot kolleji ma‘muriyatida Ozodlik qo‘ng‘irog‘iga javob bergan xodim.

Samarqand Temir yo‘l transporti kasb-hunar kolleji ma‘muriyati xodimi esa hozircha kollej o‘quvchilari paxta dalasiga olib chiqilmagan bo‘lsada, terimga taxt ekanini aytdi.

"Hali bizga chiqinglar, deyishmadi. Lekin o‘quvchilar narsalarini tayyorlab qo‘ygan. Qachon chiq, desa chiqishadi. Lekin paxtaga chiqiladi, aniq", dedi kollej ma‘muriyati vakili.

Bunga qadar Samarqand viloyatidagi Ijtimoiy iqtisodiyot kollejida o‘quvchilardan paxta terimiga chiqish majburiyatini zimmasiga olish mazmuni aks etgan tilxatga qo‘l qo‘yish talab qilingani kuzatilgan edi.

Kollej direktori nomiga yozilgan tilxatning Ozodlik elektron pochta qutisiga kelib tushgan nusxasida o‘quvchining paxta terimiga o‘z ixtiyori bilan chiqishi, o‘z xavfsizligi uchun javobgarlikni zimmasiga olishi va chiqmagan taqdirda, kursdan-kursga qoldirilishiga rozi ekani yozilgan.

Respublikaning boshqa viloyatlaridagi mushtariylardan kelayotgan maktublarda yozilishicha, deyarli barcha viloyatlarda kollej o‘quvchilarini paxta terimiga olib chiqish qarori qabul qilingan.

Ozodlikka kelib tushgan ma‘lumotlarga ko‘ra, Toshkent, Samarqand, Jizzax viloyatlarida kollej o‘quvchilari paxtaga olib chiqilgan, boshqa viloyatlarda esa keyingi bir necha kun ichida olib chiqilishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda jami 1400 ta kasb hunar kolleji bor. Mavjud tartibga binoan o‘rta maxsus kasb-hunar ta‘limi 2009 yildan boshlab majburiy hisoblanadi.

Umumiy o‘rta ta‘lim maktabining bitiruvchilariga faqat o‘qish yo‘nalishini tanlash — akademik litsey yoki kasb-hunar kollejida davom ettirish ixtiyori berilgan, xolos.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta‘limi boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, kollejda o‘qiyotganlar "o‘quvchi" maqomidadir.

"Kollejda o‘qiydiganlar "o‘quvchi", deb ataladi. Ular hali "talaba" emas", dedi ushbu boshqarma mutasaddilarida biri.

Ya‘ni, O‘zbekistondagi o‘rta maxsus kasb-hunar ta‘lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘quvchilarning yoshi 14-15 yoshdan 17-18 yoshgachadir.

O‘zbekiston qonunchiligiga binoan o‘quvchilar 18 yoshga qadar voyaga yetmagan, deb hisoblanadi va bu davlat o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarga muvofiq¸ 18 ëshgacha bo‘lgan o‘quvchilarning mehnatga majburlanishi taqiqlangan.

O‘zbekistonda bu yil uch million tonnadan ortiq paxta terish rejalashtirilgan.

Keyingi ikki yil davomida majburiy bolalar mehnatini to‘xtatish borasida kuchaygan xalqaro bosimlar ostida O‘zbekiston hukumati maktab o‘quvchilarini paxta yig‘im-terimiga ommaviy jalb etmaslikka harakat qilmoqda.

O‘zbekiston hukumati 2011 yilda Bolalar majburiy mehnatini tugatishga qaratilgan qonun qabul qilgan.

Bundan tashqari, 2011-2012 yillar davomida xususiy fermerlarga bolalar mehnatidan foydalanish ham qattiq taqiqlandi.

Shu bois, 2011-2012 yillarda paxta yig‘im-terimi mavsumida, hatto Toshkent shahridagi xususiy bog‘chalar, klinikalar, savdo muassasalari zimmasiga ham paxtaga terimchi yo‘llash topshirig‘i yuklandi.

Terimchi yo‘llay olmaganlar esa bir kunda teriladigan paxta normasi hamda yollangan terimchining yotog‘iyu yemagiga ketadigan harajat miqdorida pul berishga majburlandi.

Ozodlik Toshkent shahridagi kasalxonalar shifokoru-hamshiralarining paxta terimiga olib chiqilishi va ular maoshlaridan pul ushlab qolinayotgani haqida ham xabarlar bergan.

Paxta-2013 mavsumi avvalida rasmiy idoralar va Ozodlik manbalari yo‘llagan xabarlar mazmuniga ko‘ra, O‘zbekistonda bu yilgi paxta ham, asosan, davlat va jamoat tashkilotlari, xususiy korxonalar va ayniqsa, ta‘lim muassasalari xodimlari, talabalar hamda o‘quvchilar qo‘li bilan terib olinishi kutilmoqda.

Bir necha yillik muzokaralardan so‘ng BMT qoshidagi Xalqaro Mehnat tashkiloti ishchi guruhi joriy yilda paxta mavsumida O‘zbekistonga borib¸ bolalar mehnatidan foydalanaëtgani haqidagi ma‘lumotlarni joyida o‘rganish uchun izn oldi.

Ammo, shu kunlarda o‘zbek rasmiylari bilan paxta dalalarini kezayotgan xalqaro tashkilot ekspertlari hozircha matbuotga ma‘lumot berishdan bosh tortmoqda.
XS
SM
MD
LG